1

ARITMIYa: ShOShQALOQ YuRAK NIMA ISTAYDI?

Salomatlik 12.12.2017, 17:15
ARITMIYa: ShOShQALOQ YuRAK NIMA ISTAYDI?
  • Ilgari ham yuragim tez urib ketardi. Ammo so`nggi ikki hafta davomida uyqumda ham xalovat yo`q. Kechalari yuragimning dukillab ketganidan uyg`onib ketayapman. So`rab-surishtirib, mendagi o`zgarishlar aritmiya xastaligi deyilishini bildim. Bu qanday kasallik? Xavfli asoratlari yo`qmi? Muolaja va profilaktika choralari haqida to`liq ma`lumot bersangiz.

Naima ODILOVA, Toshkent viloyati

Yurak urish maromining buzilishi – aritmiya nomi bilan yuritiladi. Tibbiyotda mazkur hodisaning alohida kasallik sifatidagi ko`rinishi hamda sog`lom insonlarda uchraydigan turlari mavjud. Aslini olganda, yurak 24 soat davomida 100 000 martadan ko`proq qisqaradi. Xo`sh, yurak aritmiyasi qay tariqa yuzaga keladi? Muolajasi qanday? O`z vaqtida e`tibor qilinmasa qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Barchasi haqida batafsil ma`lumot berishga harakat qilamiz.

Mutaxassis – Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi, yurak hayot uchun xavfli aritmiyalarni elektrofiziologik tekshiruvi va radio chastotali ablyasiya bo`limi mudiri Ramesh HAMROEV.

(alohida)

Aritmiya so`zi yunoncha aritmos («a» - yo`q, «ritmos» – marom) so`zidan olingan bo`lib, barcha yurak maromi buzilishlari uchun umumiy atama hisoblanadi.

Dard yosharayapti

Ilgari yurak qon-tomir xastaliklari deyilganida 40-50 yoshdan oshgan insonlarni tasavvur qilganmiz. Bugunga kelib esa 25-30 yoshlilar orasida ham yurak bilan bog`liq kasalliklar uchrab turibdi. Sizningcha buning sababi nima? Ro`yxat avvalini kamharakatlilik boshlab bersa, uning davomini ruhiy zo`riqish (ayniqsa, ayollarda), hayvon yog`lari ko`p bo`lgan mahsulotlarni tez-tez iste`mol qilish, zararli odatlar, tamaki va spirtli ichimliklar uzaytiradi. Shundan kelib chiqib, yurak qon–tomir kasalliklari yosh tanlamayapti, desak xato bo`lmaydi. Bu fikrning tasdig`ini aritmiya xastaligida ham ko`rishimiz mumkin.

Qachon kasallik hisoblanmaydi?

Har bir inson hayoti davomida bir marta bo`lsa ham yurak urishi maromining o`zgarishini his qilib ko`radi. Keling, bu qanday sodir bo`lishini eslab ko`ramiz.

Tasavvur qiling, ertaga imtihon! «Sinovdan o`ta olamanmi yoki yo`q?» deya ko`zingizga uyqu kelmaydi. Ertasiga esa qattiq hayajonlanganingizdan yonog`ingizga qizilliq yugurib, xayollaringiz tarqoqlashadi. Diqqatni jamlashga urinasiz, ammo yuragingizning shiddat bilan urayotgani tag`in e`tiboringizni chalg`itadi. Bu paytdagi yurak urishining tezlashishi emosional holatdagi o`zgarishlarga bog`liq. Tinchlanganingizdan so`ng yurak urishi ham me`yoriy ko`rinishiga keladi.

Ba`zilar muhim yig`ilishlar oldidan hissiyotlarga beriladi, turmushga chiqmagan qizlarda uchrashuvga tayyorgarlik ko`rish yoki to`ydan bir necha kun oldin yurak maromi o`zgarishi kuzatiladi. Bu ham hayajonlanish tufayli kelib chiqqan holatdir.

Yugurganda, yuqori qavatga ko`tarilishda yoki hovliqib ish qilinganida yurak tezroq ura boshlaydi. Bu sinusli taxikardiyaning sog`lom kishilarda uchraydigan ko`rinishi. Jismoniy holat barqarorlashgach, yurak urishi me`yorga keladi. Kamqonlik, qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar asoratida kelib chiqqan sinusli taxikardiya esa asosiy kasallikka hamrohlik qilishi bilan qayd etiladi.

Yurak urishining 60 tadan kam bo`lishi, ya`ni sinusli brokardiya ham sog`lom insonlarda uchraydi. Misol uchun orom olayotganda. Bu paytda tanamiz jismoniy harakatlardan xoli bo`ladi. Shunga muvofiq, yurak urishi ham sekinlashishi mumkin.

Sergak bo`ling!

Yurakning kundalik ishi izdan chiqqudek bo`lsa, xastalik surunkali yoki xurujli o`tishi mumkin. Avvaliga yurak urishining tezlashishi yoki sekinlashishi xavotirlanishga arzimasdek tuyuladi. Asta-sekinlik bilan bezovtaliklar ortib borib, kasallik xurujlari boshlanadi. So`ng aritmiya surunkali tus olishi mumkin. Biroq bu holatgacha olib kelmaslikning choralarini ko`rish lozim. Ya`ni o`z vaqtida shifokor ko`rigidan o`tish kerak.

Ma`lumotlarga ko`ra, erkaklar orasida uchraydigan aritmiya asosan spirtli ichimliklarga ruju qo`yish va tamaki mahsulotlari ta`sirida kelib chiqar ekan. Shuningdek, ortiqcha tana vazniga ega, kamharakat va pala-partish ovqatlanadigan beklarda ham aritmiyaga moyillik kuzatiladi.

Kasallikning yurak va boshqa ichki a`zolardagi o`zgarishlar hisobidan kelib chiqishi quyidagi hollarda yuz beradi.

  • Yurak ishemik kasalliklari;
  • gipertoniya;
  • surunkali yurak etishmovchiligi;
  • kardiomiopatiya;
  • miokardit;
  • qalqonsimon bez xastaliklari (xususan, gipertireoz);
  • buyrak usti bezidagi o`zgarishlar;
  • gormonal holat buzilishlari;
  • qandli diabet;
  • kaliy va magniy moddasining etishmovchiligi sabab kelib chiqqan elektrolit o`zgarishlar;
  • ayrim turdagi dori vositalarini tartibsiz qabul qilish oqibatida yurakka zo`riqish tushishi.

Turlari

Aritmiyaning har xil turlari mavjud bo`lib, eng ko`p uchraydiganlarini tanishtiramiz. Bular yurakning tez urib ketishi bilan bog`liq aritmiyalar hamda yurak maromining pasayib ketishi bilan xarakterlanadigan kasallik ko`rinishlaridir. Har qaysinisi hayot sifatining yomonlashishi va salbiy oqibatlarga olib kelishi bilan xavfli sanaladi.

Yurak urishining 90 tadan ortiq bo`lishi taxikardiya deyilib, uning yurak qorincha usti, yurak qorinchasi taxikardiya turlari mavjud. Yurak qorincha usti bo`lmachalar taxikardiyasi ham bir qancha turlarga ajratiladi. Deylik yuragingiz normal holatda 70-80 ta urib turib, to`satdan tezlashib ketadida 150-160 hatto undan ham tezroq ura boshlaydi. Bu taxikardiyaning to`satdan yurak urishi bilan namoyon bo`ladigan xilidir.

Aritmiyaning xilpirovchi turi ham bo`lib bunda yurak urish soni palapartish yuz beradi. Bezovtalik to`satdan boshlanishi yoki doimiy holatga o`tishi mumkin.

Yurak o`tkazuvchanlik yo`lida qo`shimcha yo`lning paydo bo`lishi oqibatida kelib chiqadigan aritmiya. Asosan tug`ma ko`rinishda bo`lsa ham qo`shimcha yo`l faollashganidagina bezovtalik kelib chiqadi. Mazkur holat asosan 40 yoshdan oshganlarda ko`proq kuzatiladi.

Foto:

Bezovtalik qanday aniqlanadi?

Yurakdagi o`zgarishlar hamisha ham og`riq bilan ifodalanmaydi. Holsizlik, yuqoriga ko`tarilganda xansirash, qon bosimining ortishi yoki kamayishida yuz beradigan o`zgarishlarda hamda yurak urishiga ahamiyat bering. Mazkur jarayonlar tashxis qo`yishda asqotishi mumkin. Agar yurak urishi izidan chiqayotganini sezsangiz albatta mutaxassisga uchrashing. Bilib–bilmay tinchlantiruvchi vositalar yoki biror bir dori preparatini qabul qilish mumkin emas. Yurak aritmiyasiga tashxis qo`yishda EKG tahlili, murakkab aritmiyalarda esa 24 soat davomida yurak faoliyatini yozib boruvchi Xolter bo`yicha EKG tekshiruvlari o`tkaziladi.

Muolajani boshlaymiz!

Hayot uchun xavfli aritmiyalar ikki usulda davolanadi. Birinchi turi konservativ muolaja bo`lib, har bir bemor uchun antiaritmik preparatlar buyuriladi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, har bir aritmiya turi uchun o`z preparati mavjud. Dori vositalarini muntazam qabul qilishdan xoli bo`lishning chorasi esa jarrohlik amaliyotidir. Qo`shimcha yo`l bilan chaqiriladigan bo`lmachalar aritmiyasi va xilpirovchi aritmiyada kateterli radiochastotali ablyasiya (distruksiya) usuli qo`llaniladi. Bunda oyoqdan o`tadigan katta vena qon tomiri orqali kateter naychasi yurak ichiga kirib boradi. Bemor mahalliy xushsizlantirish usuli yordamida uxlatiladi. Amaliyot yurakni ochmagan holda, monitorda muolaja qilinayotgan a`zoni kuzatish orqali bajariladi. Kateter uchida bir vaqtning o`zida ham issiqlik ham radio chastota bo`lib, qo`shimcha yo`ldagi o`tkazuvchanlik funksiyasi saqlangan hujayralar distruksiya qilinadi.

Xilpirovchi aritmiyadagi jarrohlik amaliyoti ham kateter yordamida bajarilib, faqat murakkabroq usulda yondashilishi bilan farq qiladi.

Aritmiya o`z vaqtida davolanmasa, kattalarda qon aylanishi etishmovchiligi hisobidan kelib chiqqan infarkt yoki insult, yoshlarda esa kutilmaganda xushidan ketish kabi asoratlarga olib kelishi mumkin.

(alohida)

Sog`lom odamning yuragi tinch holatda 60 tadan 90 tagacha uradi. Tomir urishlari sonini aniqlashni bilsangiz, yurak ishidagi o`zgarishlarga ham baho bera olasiz. Bilakning barmoqlarga yaqin qismida ikki arteriya tomiri o`tgan. Shu sohani barmoq uchi bilan engil paypaslasangiz tomir urishini seza olasiz. Qon bosimi yuqori bo`lganlarda tomir urishi kuchliroq, qon bosimi past yuradiganlarda esa aksincha zaifroq eshitiladi.

Xuruj yuz berganida...

Kutilmaganda yurak urishi tezlashib, go`yo ko`kragingizdan otilib chiqadigandek tuyulayaptimi? Bu holat aritmiyaning xurujli ko`rinishidan darak bo`lishi mumkin. Diqqat qiling:

Tor bichimli kiyimda bo`lsangiz, yoqasini bo`shating. Qorinni siqib turgan kamardan xalos bo`ling;

Turgan holatda xurujga chap berish qiyinroq. Qulay o`tirib olganingiz ma`qul;

Nafas olish maromini tartibga keltirish uchun ko`zlarni yumib, biroz tin oling;

Yoningizda biror kim bo`lsa xona derazalarini ochishga ko`maklashsin. Tez-tez nafas olishga shoshilmang;

Xuruj o`tib ketavermasa, tez yordam xizmatiga murojaat qilish zarur.

Xastalanmay desangiz...

Avvalo, sog`lom turmush tarziga rioya qiling: kamharakatlilikka yo`l qo`ymang, ovaqtlanish tartibiga amal qiling, zararli odatlardan voz keching, ruhiy zo`riqishlardan saqlaning, muntazam sport mashqlarini kanda qilmang, uyqudan oldin to`yib tanavvul qilmaslik hamda o`z vaqtida dam olish kabi omillarga e`tibor qarating. Iloji bo`lsa tez-tez piyoda sayr qiling. Bu ham yurak xastaliklarini oldini oladi.

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1