Osiyo boks konfederasiyasi yil yakunlariga bag`ishlangan “The Best of the Asians—2017” taqdirlash marosimini o`tkazdi.
Unda O`zbekiston boks federasiyasi Osiyo 2017 yildagi “Eng yaxshi tashkiloti”, hamyurtimiz Shahram G`iyosov esa “Eng yaxshi erkak bokschisi” sifatida e`tirof etildi.
Ovoz beruvchilarning 91 foizi O`zbekiston boks federasiyasini birinchi o`ringa loyiq ko`rgan. Shahram esa 57,2 foiz ovoz bilan qo`llab-quvvatlangan.
E`tiborlisi, yilning “Eng yaxshi erkak bokschisi” nominasiyasida ikkinchi o`rinni mahoratli bokschimiz Hasanboy Do`stmatov (32,8 foiz) qo`lga kiritdi.
Tadbirda jami 14 ta nominasiyada g`oliblar aniqlandi. Jumladan, Afg`oniston boks federasiyasiga tezlik bilan rivojlanayotgani uchun rag`batlantiruvchi sovrin topshirildi. “Eng yaxshi ayol bokschi nominasiyasi”da qozog`istonlik Madina Nurshaeva birinchi bo`ldi.
“Yil murabbiyi” sifatida yaponiyalik Xirokuni Moto tan olindi. “Yilning kashfiyot bokschisi” uchun sovrinni suriyalik Husain Al-Masri qo`lga kiritdi.