1

RULDAGI ONALAR: BOLANGIZNI AVTOMOBILDA YoLG`IZ QOLDIRMANG!

SUG'DIYONA 14.12.2017, 11:44
Teglar: Psixologiya
RULDAGI ONALAR: BOLANGIZNI AVTOMOBILDA YoLG`IZ QOLDIRMANG!

Quyidagi kabi voqealar oxirgi paytlarda juda ko`p uchrayapti. Onalarimiz do`konda, bozorda, notanish joyda bolalarining qo`lini mahkam ushlab, bir zumga bo`lsin qo`yib yubormaydilar. Ammo nima uchundir avtomobil saloni ularga xavfsiz joy bo`lib tuyuladi. Aslida esa mashinada yolg`iz qolgan kichkintoy uchun xavflar juda ko`p.

1-voqea. Ijevsk (Rossiya). Bir yarim yashar qizalog`i va 1 oylik o`g`li bilan yosh oila savdo markaziga keladi. Yo`lda uxlab qolgani uchun chaqaloqni mashinada qoldirishga qaror qilishadi. Orqa o`rindiqda maxsus savatchada bolani qoldirib, mashina eshiklarini yopib, savdo markaziga kirib ketishadi. Oradan 40 daqiqa o`tib, ota-ona savdo markazidan qaytganda, chaqaloqni jonsiz ko`rishdi. U issiqda dimiqib o`lib qolgandi.

2-voqea. Kiev (Ukraina). Ota-ona 2 yashar o`g`lini uxlayotgani uchun uyg`otishga ko`zi qiymay mashinada qoldirishadi va do`konga kirib ketishadi. Bolakay uyg`onib, ota-onasini qidirib mashinadan tushadi (u avto eshigini ichkaridan ochishni eplagan). Yo`lning qatnov qismiga birdan yugurib chiqib qoladi. Yuk mashinasi chap berishga harakat qilsa-da, ulgurmaydi: bola qattiq jarohatlar tufayli olamdan ko`z yumadi.

3-voqea. Toshkent (O`zbekiston). Chilonzor metrosi yaqinida bir ayolning dorixonadan chiqayotib, «Yordam beringlar! Bolamning boshini uzvoradi hozir!!!» degan ayanchli qichqirig`i eshitiladi. Ona bir zumgina dorixonaga ketayotib, uch yashar bolasini avtomobil salonida qoldiradi. Bolakay avto oynasini ochadi, keyin boshini tashqariga suqib, oynani yopish tugmasini bosib yuboradi. Oyna sirg`alib kelib bolaning bo`yniga tiralgan payti ona ko`rib qolib, yordamga chaqira boshlaydi. Yaxshiki, atrofdagilarning yordami bilan bolakay qutqarib qolindi.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, AQSh da 2014 yilning o`zida avtomobilda yolg`iz qoldirilgan 30 nafar bolaning joni uzilgan. 2013 yilda bu raqam bir yarim barobar katta – 44 nafarni tashkil qilgan. 1998 yildan beri esa jami 637 ta bolakay avtomobilda yolg`iz qoldirilishi oqibatida nobud bo`lgan. Ularning 70 foizi hali 2 yoshga to`lmagan go`daklar edi.

Bu birgina davlat miqyosidagi holat. Avtomobilning naqadar xavfga to`la joy ekanligini anglatish uchun bu raqamlarni keltirdik. Bola bilan rulga o`tirar ekansiz, quyidagi xavfsizlik qoidalariga amal qiling.

  • Salonda kichkintoylarni maxsus avtokresloda olib yuring.
  • Orqani ko`rsatadigan oyna tashqarini to`liq ko`rsatishi kerak, orqa o`rindiqda o`tirgan bolangizni emas. Siz farzandingizni doim ko`rib turgan holda tashqaridagi ahvolni bilish uchun hadeb orqaga qarayversangiz, bu yomon oqibatga olib kelishi mumkin. Yaxshisi, ikkita orqani ko`rsatadigan oyna o`rnating: birinchisi tashqarini ko`rish uchun, ikkinchisi orqa o`rindiqni.
  • Hech qachon, hatto bir daqiqaga bo`lsin bolani avtomobilda yolg`iz qoldirmang. Bu o`rinda qo`llaydigan har qanday ehtiyot choralaringiz oxir-oqibat bolakay uchun katta xavfga aylanishi mumkin. Bolani avtokresloga kamar bilan mahkamlab ketsangiz, asabiy zo`riqishi, tipirchilashi va kamarga o`ralib, bo`g`ilib qolishi mumkin. Eshiklarni qulflasangiz, dimiqadi, ochib ketsangiz, yo katta ko`chaga chiqib ketadi, yoki yuqorida keltirilgan voqeadek, oynani ochib, xavf tug`diradi. Bundan tashqari, tezlik richagini o`ynashi, avtomobilni qo`l tormozidan chiqarib yuborishi, pedallarni tartibsiz bosib avtomobilni harakatga keltirishi ham mumkin.
  • Agar yo`l-patrul xodimi sizni to`xtatsa, bolani mashinada qoldirib, o`zingiz tushmang. Rulda qimirlamay o`tiravering, xodim o`zi kelib, siz bilan gaplashadi. U, shunchaki, hujjatlaringizni tekshirish uchun to`xtatgan bo`lsa, bu ayni muddao. Bordiyu, sizdan mashinadan tushib dalolatnoma tuzish uchun u bilan borishingizni so`rasa, bu bir necha daqiqa davom etadi-ku degan o`y bilan kichkintoyni mashinada qoldirmang, uni ham o`zingiz bilan olib chiqing.

Yuqoridagi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya qilish bilan siz, avvalo, kichkintoyingizning xavfsizligini, qolaversa, o`z xotirjamligingizni taminlaysiz. Bilib bo`lmaydi: bir daqiqada bitadigan ishingiz yarim, hatto, bir soatga ham cho`zilishi mumkin. Bolangiz siz bilan bo`lgani ma`qul.

Bolalarni asrang!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

BOLANI OZODALIKKA O`RGATAMIZ

21.12.2017, 18:34

Qani endi bolangiz sizni hech javratmay o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish...
ARAZChI BOLANI QANDAY TARBIYaLASh KERAK?

21.12.2017, 18:21

— 10 yoshli qizim juda arazchi. Sal gapga yig`laydi, xafa bo`ladi, ovqat emay qo`yadi. Uni ko`p erkalatishga ham qo`rqaman. Qanday munosabatda bo`lishga hayronman… Saida, Zangiota...
BOLAGA NIMA SOVG`A QILISh MUMKIN?

21.12.2017, 18:16

Jiyanlar, dugonalarning, qo`shnilar va tanishlarning farzandlariga sovg`a tanlayotib, chalkashib ketmaslik uchun bolalarning yoshini inobatga oling. Masalan: 1-2 yoshli bolakaylar qo`g`irchoqlar, yumshoq o`yinchoqlar, kubiklar, suratli kitoblar,...
YaNGI YILNI NIShONLASh SSENARIYSI

21.12.2017, 18:16

Yangi yil — nafaqat bolalar, hatto kattalar ham niyatlari ijobat bo`lishiga ishonadigan ertakmonand bayram. Lekin u ayniqsa bolajonlarga katta quvonch ulashadi. Axir bu kunda ular...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1