AsosiyShou-biznes

Behzod MUHAMMADKARIMOV: "MENING ROLIMGA BOShQA OVOZ BERSA, SUDGA BERAMAN!"

'Behzod  MUHAMMADKARIMOV: "MENING ROLIMGA  BOShQA OVOZ BERSA, SUDGA BERAMAN!"'ning rasmi

Loyihaning galdagi­ mehmoni O`zbek Milliy akademik drama teatri va kino aktyori, dublyaj sohasida o`ttiz yildan buyon samarali ijod qilib kelayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Behzod MUHAMMADKARIMOV. Anglaganingizdek, “Ochiq xat” dublyaj sohasidagi kamchiliklar xususida…

“1990 YILI SINXRON DUBLYaJ INQIROZGA UChRADI”

— Yodimda, institutni tamomlaganimdan buyon har kuni dublyajga borganman. Dublyaj qirollari Razzoq Hamroev, Hamza Umarov, To`lqin Tojiev, Obid Yunusov, Yoqub Ahmedovlarning ishini yonida jim o`tirib, ertalabdan kechgacha diqqat bilan kuzatardik. Gohida salom berib o`tib ketadigan qahramonlarga ovoz berardik, ommaviy sahnalarni ovozlashtirishda ishtirok etardik. Ustozlar bilan yonma-yon bo`lish biz uchun katta "maktab" bo`lgan. Hozirgi yoshlarga ham shunday baxt va "maktab" vazifasini o`taydigan imkoniyatni taqdim qilish kerak.

1988 yili rahmatli rejissyor Hotam Fayziev real voqealarga asoslangan “Oq bino oqshomlari” filmini suratga olish ishlarini boshlagan va tomoshabin real voqealarga asoslangan kinokartinani to`laligicha qabul qilishi uchun yangi chehralarni yig`gan. Natijada ilk bor fotosinovdan kinosinovgacha etib borganman. Ovoz berish jarayoni kelganida rejissyor “Senga kim ovoz bersin?” deb so`ragan. Shunda “Menga kimdir ovoz bersa, hammani sudga beraman! Necha yillardan buyon bu imkoniyatni kutib yuribman, axir”, deya o`zimga-o`zim ovoz berganman. U vaqtlarda aktyorning ruxsatisiz uning qahramoniga boshqa aktyor ovoz bersa, sudga berish mumkin edi. Qisqasi, ovoz berganimning ertasiga uchta dublyaj studiyasida talash bo`lganman (kuladi). Shu tariqa dublyajdagi faoliyatimni aynan sof dublyajdan boshlaganman, ustozim Mukambar Rahimova.

Avvalgi sinxron dublyaj, bu — haqiqiy professional dublyaj edi. Boisi ovozlashtirilayotgan film yo serialning nusxasi yaratilardi. Shu bois ham sof dublyajda ekrandagi qahramonga qolipdek tushadigan ovoz qidirilardi. Qolaversa, filmda qancha qahramon bo`lsa, ovozlashtirish uchun xuddi shuncha aktyor jalb etilgan. Qator repetisiyalardan so`nggina ovozlashtirishga o`tilardi. 1990 yili ushbu dublyaj inqirozga uchradi va bu soha televideniega ko`chdi. Televidenie dublyaji dublyaj emas! Bu — kadr ortidan sinxron tarjima, u erda aktyorning oldida mutlaqo boshqa vazifa turadi. Shuning uchun bitta filmdagi barcha erkak yo ayol qahramonlarga ovozi tushadigan, tomoshabinning jig`iga tegmaydigan — “neytral”, universal maxsus ovoz talab etiladi. Bugun to`rtta aktyor filmdagi barcha qahramonlarga ovoz beradi. Biroq kadr ortidan sinxron tarjima avvalgi sinxron dublyajga nisbatan qiyin ish. Masalan, bitta filmda o`n beshta qahramonga ovoz beraman. Ustiga-ustak, yoshi ham, fe`l-atvori ham bir xil qahramonlar chiqib qoladi. Ularni bir-biridan ajratish juda mushkul ish. So`z isboti bilan bo`lsin, “Ko`sem” serialidagi qahramonlar — sulton Ahmad va Iskandar tengdosh, fe`l-atvori ham farq qilmaydi. Dublyaj rejissyorimiz Bahodir Qosimov ikkalasini ajratishni talab qiladi. Iskandarni jaydari, sulton Ahmadni vazminroq qilib oldim.

Bugungi dublyajda qo`lingizga matnni olishingiz bilan bitta urinishda ovozlashtirish kerak. Tezkor zamonda dublyaj ham shiddatkorlikni talab qilyapti. Tezkor dublyaj aslida dublyaj poydevorini emiryapti... Rossiya filmlarini hali-hanuz sinxron dublyaj qiladi, biz esa uddasidan chiqolmayapmiz. Vaqt va mablag` muammosi sabab shunday ishlashga majbur bo`lyapmiz...

Hujjatli filmlarni ovozlashtirishda tuni bilan uxlamaganim bois gohida xayolim qochadi. Shunday vaqtlarda o`zimga-o`zim “nima qilyapsan?” deyman... Dublyaj aktyorlari har qanday sharoit­dan chiqishga majburmiz.

“YoShLARNI DUBLYaJGA OLIB BOROLMAYoTGANIMDAN UYaLAMAN”

— Dublyaj rejissyorlarining katta xatosi universal ovozli sanoqli aktyorlargagina murojaat qiladi. Aslida yoshlarni ham jalb qilish, o`rgatish kerak. Shaxsan o`zim teatrimizdagi iqtidorli yoshlarni dublyaj rejissyorlariga tavsiya qilib, ma`lumotlarini yozdirib ham qo`yganman. Chunki dublyajda bizdan keyin izdoshlar qolishini istayman. Lekin “O`ztele­radiokompaniya”ga kirib-chiqish talablari qat`iy bo`lgani bois, yoshlar hozircha dublyajga bora olishmayapti. Ochig`i, yoshlarni dublyajga olib borolmayotganimdan o`zim uyalaman. Ovozimiz universal bo`lgani uchun Afzal Rafiqov, Oybarchin Bakirova, Noila Toshkenboeva,­ Mahmud Ismoilov, Barno Qodirova, Boir Xolmirzaev, Sanjar Sa`dullaev, Fathulla Mas`udov, Zulxumor Mo`minova, Dildora Rustamova, Mohira Nurmatova, Elyor Mirzohidov, Dildora Bekjonova va mengina ishlay olyapmiz. Qolaversa, bugungi kundagi o`zbek film­lariga tasodifan yo qiziqishi tufayli kelib qolgan “aktyorlar”ning “ijrosi”ni katta ekranlarda dublyaj aktyorlari mahorati tufayligina tomoshabin “zo`r o`ynabdi”, deya ko`ryapti. Aslida u filmlarda dub­lyaj aktyorlari rol ijro etyapti! Ko`plab aktyorlarni dublyajda ishlashga sabri, asabi chidamaydi. Masalan, ham­kasbim Tohir Saidovning zo`r ovozi bor, lekin “dub­lyajda ishlash menga emas, toqatim etmaydi!” deb ochiqcha aytadi.

Asli dublyajning uslublari o`zgargani bois ham sof dub­lyajning “maktab”i yo`qolib ketgan. Dublyaj rivojiga to`siq bo`layotgan kamchilik­larni bartaraf etish uchun balki avvalgi sof dublyajni tik­lab, “O`zbekfilm” qoshiga qaytarish, O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat ins­titutida dublyajdan darslar qo`yilsa, aynan dublyaj aktyorlari dars bersa, natija bo`y ko`rsatarmidi?.. Shunda dublyaj rejissyorlari istalgan aktyorini chaqirish imkoniyatiga ega bo`lar va sifat ko`rsatgichi oshardi.

“OVOZNI IShLATISh UChUN “YuRAK” KERAK”

— Sinxron dublyajda ishlagan ko`pgina aktyorlar rus aktyorlarini o`zbek tilida “gapirtirolgan”. Masalan, dublyaj aktyorlari Vohid Qodirov rus aktyori Evgeniy Leonovni, Dias Rahmatov rus aktyori Georgiy Visinni o`zbek tilida “gapirtirishgan”. Leonov va Visin hatto “o`zbek tilida ham yaxshi gapirar ekanman”, deya o`zbek dublyajini e`tirof etishgan. Yaqinda Leonovga boshqa aktyor ovoz bergan filmni ko`rdim, ovoz qolipdek tush­magan. Bunday omadli taso­diflar sa­noqli bo`ladi, albatta. Lekin ho­zir ham hind aktyorlari Shoh­ruxxon, Amirxon, Salmonxon, Gollivuddan Tom Kruz, Arnold Shvarsenegger, Bred Pitt, Leonardo Di Kaprio kabi aktyorlarni o`zbek tilida “gapirayotganiga” tomoshabin ishonyapti. Bunda dub­lyaj aktyorlari Sanjar Sa`dullaev, Fathulla Mas`udov, Dildora Rustamova, men va ustozlarimiz bor mahoratimizni ishga solyapmiz. Ochig`i, Dildora Rustamova dublyaj­ga aktyorlikni emas, jurnalistikani tamomlab kelgani uchun nazarga ilmaganman. Oradan yillar o`tib, dublyajga qaytganimda, ustoz darajasiga etganiga guvoh bo`ldim. Aytmoqchi bo`lganim, niyat, harakat kuchli bo`lsa, hattoki aktyorlikni tamomlamaganlar ham yaxshi mutaxassis bo`lib etishishi mumkin. Dublyajda ovoz muhim, lekin uni ishlatish uchun “yurak” bo`lishi shart! Yodimda, dublyajda yong`in xavfsizligi xodimi bosh qahramonlarga qoyilmaqom qilib ovoz bergan. Bu bilan ustoz ko`rishi shart emas, deyish fik­ridan yiroqman. Aytish joiz, dublyaj sohasida ustoz-shogird an`anasi ham oqsagan. Izdosh qoldirish istagim kuchli bo`lgani bois imkon qadar shogird tayyorlayapman. Nasib bo`lsa, avlodma-avlod davom etib kelayotgan dublyaj san`ati “zanjiri” uzilib qol­maydi. Masalan, Alisher Uzoqov, Akmal Mirzo, Ulug`bek Qodirov, Dildora Bekjonova munosib davomchi bo`la olishadi. Alisher Uzoqovning ovozi universal, Ulug`bekning ovoz tembri zo`r, dublyaj aktyori Hamidulla Narimonovning ovoziga o`xshaydi. Ulug`bek kutilmaganda “g`azal o`qigim kelyapti”, deb qoldi. Qiziqishi, harakati borligi uchun buni ham o`rgatyapman.

Shaxsan o`zim O`zbekiston xalq artis­ti Yoqub Ahmedovga ixlos qilganman. Boisi u kishi ham sahna, ham kino, ham dublyajda birinchi raqamli ijodkorlardan. Shukr, bugun ustozim singari har uchala yo`nalishda faoliyat yurit­yapman, niyatda gap ko`p. Yosh aktyorlar ham hozirgi dublyaj aktyorlariga ixlos qilib, tirishqoqlik bilan shu sohaga intilayotgan ekan, dublyajning ertasi ishonchli qo`llarda. Faqat ularga imkoniyat berilsa, bas!

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.


    Boshqa yangiliklar