Bugungi suhbatdoshimizning ijoddagi “ildiz”i ulug` ajdodlarning dunyo tamaddunida o`rin topgan asarlaridan “suv ichib”, qaddi hayotning dovul va izg`irinlariga dosh berolgan asl ijod “poya”si bilan mustahkamlangan hofizga borib taqaladi. Shu sabab xonanda Zohirshoh JO`RAEV ijod yo`lidagi mas`uliyat, maqsadni aniq belgilab olgan. Bunga suhbatni o`qib o`zingiz amin bo`lishingiz mumkin...
— Ijodiy tanaffus sahnaga chiqishga bo`lgan sog`inchingizni oshirib, nafaqat sizning sabringizni, balki muxlislaringiz sadoqatini ham sinadi. Bu sinovdan har ikki taraf munosib o`ta oldimi?
— Albatta! Muxlislarning bugun menga, ertaga boshqasiga qarsak chalishi tabiiy holat, bundan xafa bo`lmaslik kerak. Lekin muxlislarim judayam sadoqatli ekan. Ijodiy tanaffusim mobaynida e`tiborlarini ayamay, meni yolg`izlatib qo`yishmadi. Shunday muxlislarim borligi uchun san`atga qaytdim, yo`qsa, aksincha bo`lardi. San`atkorning joyi – sahna, hech narsa bilan sahnaning o`rnini bosib bo`lmaydi. Sahnaning sog`inchi har soniya qiynardi, bu holatni so`z bilan ifodalab berolmayman. Ichki ovoz “endi sahnaga qaytolmasang kerak”, degan vaqtlar ham bo`ldi.

— Demak, san`atni tark etish haqida ham deyarli bir qarorga kelib qolgandingiz, shundaymi?
— Yana yarim yil kutganimda, san`atga qaytib qadam bosmasdim, sabrim etmasdi.
— Shu qadar sabrsizmisiz?
— Yo`q, lekin olti yil oz muddat emas-da.
— Sizdan ham ko`proq ijodiy tanaffus qilganlar bor-ku?
— Haqsiz. Biroq ular undan avval yigirma, o`ttiz yil sahnada bo`lgan. Mening ijod boshlaganimga esa endi besh yil to`lgandi. O`sib kelayotgan niholni sindirib qo`yish oson-da. 2006 yil “Yuragimdasan” qo`shig`i bilan ijodga qadam qo`ygandim. 2010 yil ilk “Netay?” nomli albomimni chiqardim. Bu ishlarni uydagilarning ko`magisiz qilganman. So`ng olti yillik ijodiy tanaffus bo`ldi. Vaqtni yo`qotmaslik uchun to`rt yil vodiyning “qo`shiqchilik maktabi” darsini oldim. Boisi vodiyning bu “maktab”ida o`qib, xalqni rozi qilolgan xonandagina haqiqiy san`atkor bo`la oladi. Otam bosib o`tgan yo`llardan men ham o`tishga intildim.
— Bunday sinovlar do`ppini erga qo`yib, qilingan xatolar xususida xulosa chiqarish uchun qulay fursatni taqdim etadi.
— To`g`ri, bu fursat oila birinchi o`rinda ekanini anglatdi. Tan olaman, avvallari oilamga u qadar e`tiborli emasdim. Oshna-og`aynilar orttirib, o`tkinchi narsalarga o`ralashib qolgan ekanman. Biror marta ham o`sha “do`stlar”im bir soatda yo`q bo`lib qolishi haqida o`ylab ko`rmabman.
— Vaqt sinovidan o`tgan do`stlaringiz etarlicha ekanmi?
— Ishonasizmi, “do`stman”, deb yurganlarning birortasi yonimda qolmadi. Bu ham menga yaxshigina saboq bo`ldi. Bu voqealar yigirma yil keyinroq yuz berganida, menga qiyin bo`lardi. “Do`stlar”im ayni fursatida sinovdan o`tdi. Yaxshi-yomon kuningda oilangdagilardan boshqasiga kerak emas ekansan, shuni angladim. Shukr, oila-a`zolarim borligi uchun shuncha vaqt oyoqda mustahkam turoldim.

— Jo`raev familiyasining “yuk”i og`irligi sabab ijodda kamnamomisiz?
— Bu “yuk” nafaqat men, balki farzandlarimizning ham umri oxirigacha birga bo`ladi. Shu bois xato qilishdan albatta qo`rqamiz. Boshqa xonanda xato qilsa, “hali yoshda”, deyish bilan kifoyalanishadi. Akam yo men xatoga yo`l qo`ysak, “otasi qaramabdi-da!” deyishadi. Ham yosh, ham katta auditoriyaga xizmat qilish uchun tarozi pallasini teng ushlashimiz kerak. Imkon qadar bu ishni uddalashga harakat qilyapman.
— Yuqori cho`qqilarga chiqishdan ko`ra oltin o`rtalik bilan kifoyalanasiz, nazarimda. Qoziqning o`rtasi bo`lishni afzal bilishingiz, balki o`zingizni haddan ortiq yaxshi ko`rishingizdandir?
— Aslo! Yuqori cho`qqiga chiqish orzuim. Ijodda emas, hayotda qoziqning o`rtasida yuraman. Payg`ambarimiz ta`biri bilan aytsam, hamma narsaning o`rtasi afzal.
— Yuqori cho`qqiga intilsangiz, hayotdagi va ijoddagi ustozlaringiz — otangiz va akangizning soyasidan chiqa olmayapsiz-ku?
— To`g`ri, olti yil mutlaqo soyada edim (kuladi).
— Bu bahona bo`lolmaydi, “san`atkorman”, degani kerak bo`lsa bitta qo`shiq bilan ham natijaga erisha oladi.
— Bahona emas, bu katta sabab edi. Ijodga qaytganimdan keyin muxlislarga taqdim qilgan “Yaxshi ko`rib qoldim-da” qo`shig`im avvalgi reytingimni qaytarib berdi, shukr.
— Aslida birinchi raqamli san`atkorning farzandi ham eng kamida shu darajada bo`lishi kerak emasmi, yo`qsa, bu sohada yurishdan nima naf?
— Haqsiz, eng kamida otam va akamning darajasiga chiqish orzuim. San`at qonimga singgan, shu bois u darajaga chiqolmasam, qo`shiq aytmayman, deya olmayman. Boisi otam ko`rgan qiyinchiliklarga nafaqat men, balki hech qaysi san`atkor dosh berolmaydi, buni tan olish kerak. Ochiq aytaman, otamdagi iroda ham menda yo`q.

— Qay bir ta`rif sizga ma`qul: Sherali Jo`raevning o`g`li Zohirshoh Jo`raev yo Zohirshoh Jo`raevning otasi Sherali Jo`raev?
— Sherali Jo`raevning o`g`li, degan ta`rifni eshitish doim yoqimli bo`lib qolaveradi. Lekin Zohirshoh Jo`raevning otasi Sherali Jo`raev, degan ta`rifni eshitish orzuim.
— Familiyangizni suiiste`mol qilgan vaqtlaringiz ham bo`lganmi, vijdonan javob bering!
— Qandaydir vaziyatlardan shu familiyam bilan imtiyozli chiqib ketgan vaqtlarim bo`lgan. Busiz iloj yo`q (kuladi).
— Nega sizga akangiz singari talab katta emas?
— Ijod “qozon”ida yo`q edim, balki sabab shundadir. “Yaxshi ko`rib qoldim-da” qo`shig`imdan keyin menga ham talab oshyapti.

— Musaxon Nurmatovning o`g`liga atagan “Yaxshi ko`rib qoldim-da” qo`shig`i sizga nasib qildi va bu sizga omad olib keldi, vijdon qiynalmayaptimi?
— Qiynalmayapti, chunki bu qo`shiqni ustozim Musaxon Nurmatovning o`g`li Yusufning roziligi bilan kuyladim. Qo`shiqning ikki qatorini eshitganimdayoq, yuragim “jiz” etgandi. Ustozim Musaxon akadan bu qo`shiqni olishim oson bo`lmagan, ko`ndirishga ikki oy vaqtim ketdi. Ilk hamkorligimiz bo`lgani uchun balki menga ishonmagandir. Ikkita qo`shiq yozganimizdan so`ng ishonchi ortib, o`z xohishi bilan “Yaxshi ko`rib qoldim-da” qo`shig`ini menga berdi.
— Hamma aynan “da, da, da, da, da” naqarotiga e`tibor beryapti, bu ham atay o`ylangan “taktika”midi?
— Bu ustozim Musaxon Nurmatovning topqirligi. Ustozimni o`z zamonasining eng zo`r bastakori, deb bilaman. Avvaliga “tomoshabin qanday qabul qilar ekan? Meni “qolip”im emas-ku”, degan xayollar tinchlik bermagan. Naqarot qo`shiqqa singganidan so`ng mening obrazimga tushdi. Aytganingizdek, “taktika” edi, umidimiz o`zini oqladi.
— Shu naqarot bo`lmaganida qo`shiq ommalasharmidi?
— Tan olaman, yo`q. Boisi qo`shiq shu naqarotga qurilgan. Albatta, bu mening fikrim, balki ustozim bunday o`ylamas.
— Yangi qo`shiq chiqqandan boshlab, eskirishga qadam bosadi. Siz bu jihatni inobatga olib, ijod qilmaysiz chog`i?
— To`g`ri taxmin qilibsiz. Taqdim qilgan qo`shig`imni “umr”idan kelib chiqib, keyingisini taqdim etaman. Hamkasblarimning xatosi shundaki, ommalashgan qo`shig`i muxlislarga havola etilganiga hech qancha vaqt bo`lmay, galdagisini ham “xit” bo`lishidan umid qilishadi. Natijada, birinchi qo`shiqning “umr”ini o`z qo`li bilan xazon qiladi.

— Iste`dod, ovoz, muhimi, mustahkam poydevorga egasiz. Jonli ijroda konsert dasturi taqdim etishingizga nima xalal beryapti, otangizning yanvar oyidagi konsert dasturimi?
— Bitta yangi qo`shiq bilan odamlarni aldab, konsert bergim kelmayapti. Muxlislar talab qilganda va o`zim tayyor bo`lganimda, yangi repertuar bilan jonli ijrodagi konsert dasturimni havola qilmoqchiman.
— Xalqqa taqdim etmagan bo`lsangiz-da, akangiz bilan duetingiz bor. Otangiz bilan duet kuylashga-chi, jur`at qilolasizmi?
— Otam bilan duet kuylash orzuim, bu haqda o`ylab yuribman. Otam, akam va mening ijroimda qo`shiq bo`ladi, nasib etsa...
— Xonanda sifatidagi o`zingizga ep ko`rmaydigan ishlar?
— Musiqa san`ati tubsiz dengiz, qanchalik chuqur tushsangiz, kashfiyotlaringiz ko`payaveradi. Ep ko`rmaydiganim, bachkanalik. Ertaga farzandlarim “Ota, bachkana qo`shiqlar kuylaganmisiz?” deya otasining ishidan uyalib qolishidan qo`rqaman.
— Hamkasblaringizning sizga manzur kelmagan jihatlari haqida ham ochiq fikr bildira olasizmi yo “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish tutasizmi?
— Noto`g`ri yo`ldan ketayotgan bo`lsa, albatta o`ziga aytgan vaqtlarim bo`lgan. Hamma xonandalar bitta “qozon”da qaynaymiz. Birortasi xato qilsa, hammaga barobar tamg`a bosiladi.
— Sherali Jo`raevning “maktab”i yo`lida kuylaydiganlarning ijoddagi o`xshash va ustun jihatlari nimada?
— Sherali Jo`raev va keyin ijodga qadam qo`ygan barcha xonandalarni tarozining pallasiga qo`ysak, otam turgan pallasi tosh bosadi. Sherali Jo`raev — katta chinor! Milliy estrada yo`nalishida kuylaydiganlarning hammasining “ildiz”i shu “chinor”ga borib taqaladi. O`zbek san`atining darg`alari bunyod etgan bu “chinor”ning “ildiz”lari o`zbekning qon-qoniga singgan notalardan ozuqa oladi. Bu “maktab”ni notalarga qiyoslasak, musiqa borki, shu notaga tushmaslikning iloji yo`q. Nokamtarlikka yo`ymang-u, akam va o`zimning ijodiy mahoratimni munosib baholaydigan bo`lsam, o`n olti yil musiqiy ta`lim olganman, professional maqomchiman. Akam Turg`un Alimatovning eng oxirgi shogirdi, ikkimiz ham istalgan sozni chala olamiz va akam ham professional maqomchi.
— 16 yil musiqiy ta`lim olgan Zohirshoh musiqiy bilimi yo`qlar bilan bitta sahnada turishni qanday hazm qiladi?
— Musiqiy bilimga ega professionallar ijod qilmay, to`yda yuribdi. Bordi-yu, ular ham bir yoqadan bosh chiqarib, mas`uliyatni his qilishsa, musiqiy bilimi yo`qlar “nima qilyapman o`zi?” deya hech bo`lmasa, musiqa maktabida o`qib chiqadi va san`at butunlay o`zgacha tus oladi.
— Professionallarni faqat to`ylarga chiqishga nima majbur qilyapti?
— Dangasalik. “Klip ishlatish, qo`shiq yozish kabi ortiqcha xarajatning nima keragi bor?” deyishadi. Musiqiy bilimi yo`qlar esa dangasa emas, har kuni studiyada ishlaydi, ularning yutug`i shunda.
— Zokirovlar, Jo`raevlar, Otajonovlar, Usmonovalar, Komilovlar... Qay birlarining avlodi bu sulolalarga munosib davomchi bo`la olishyapti?
— Har birining o`z o`rni bor. Farrux akadan keyin xonandalikni davom ettiradigan Zokirovlar sulolasi davomchilari bo`lishini judayam istaymiz. Balki nabiralaridan davomchilar chiqar. Otajonovlarning davomchilari chiqishda davom etyapti, ular Xorazm “maktabi”ning munosib izdoshlari. Nilufar esa onasiga munosib davomchi. Farrux Komilovning san`atini chetga surib qo`ysangiz, o`zi inson sifatida o`rnak bo`lishga arzigulik yigit. Jo`raevlarga kelsak, jiyanlarim juda ko`p, hammalari vodiyda. Jo`raevlarga taqlid qilib qo`shiq kuylaydiganlar qo`rqishsin, chunki davomchilarimizga ijodda bas kela olishsa ham katta gap.
— Zohirshoh Jo`raev o`zbek san`atining rivojiga qanday hissa qo`sha oldi?
— Hali hech qanday hissa qo`sha olmadim. Rasul qori Mamadaliev, Fattohxon Mamadaliev, Faxriddin Umarov, Komiljon Otaniyozov, Ma`murjon Uzoqov, Jo`raxon Sultonov, Sherali Jo`raev, Ortiq Otajonov, Botir va Farrux Zokirovlar kabi ustozlarimizgina o`zbek san`atiga munosib hissa qo`sha olgan. Prezidentimiz O`zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda bejiz milliylikka e`tibor qaratish kerakligini ta`kidlamadilar. Orada shunday vaqt bo`ldi, ustozlar ma`lum vaqt ko`rinmay qoldi. San`atdagi bo`shliqni esa “engil-elpi”lar to`ldirdi. Natijada shu davrda katta bo`lgan avlodning musiqiy didini yo`qotdik. Yoshlar milliy qo`shiqlarimizni tinglamaydigan bo`lib qolishdi. Ota-onalar esa farzandlarining qo`liga Abdulla Qahhor, Pirimqul Qodirov singari adiblarning kitoblarini tutqazmadi. Endi bo`shliq davrida ulg`aygan yosh avlodning musiqiy didini o`zgartirish qiyinroq kechadi. Lekin professionallar faqat mablag` topishni oliy maqsad qilmay, bir yoqadan bosh chiqarsak, natija tez orada bo`y ko`rsatadi. Biz yosh xonandalar ustozlarning yo`lini davom ettira olsak ham katta gap. Milliy san`atimizni asrab qololsak va kelasi avlodga etkazolsak, ana o`shanda o`zbek san`atiga hissa qo`shgan bo`lamiz.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV






