AsosiyShou-biznes

Ko`rganimda kuyaman, kuyganimdan kulaman! (Kliplar tahlili)

Biz estrada san`atining bugungi va ertangi rivoji haqida so`z yuritar ekanmiz, avvalambor «milliy estrada» degan iboraning ma`no-mazmuniga alohida e`tibor berishimiz, uni har qanday begona ta`sirdan, ayniqsa, «ommaviy madaniyat» ruhidagi oqimlar ta`siridan himoya qilishimiz tabiiy, albatta. Bu haqda gapirganda, bir holatni afsus bilan aytishga to`g`ri keladi. Ayrim yosh ijrochi va ijodiy guruhlarning jamoatchilik e`tiboriga taqdim etayotgan «asar»lari san`atning hech qanday talab va mezonlariga javob bermaydi. Nafaqat mavzu va musiqa, ijro usullari, balki sahna harakatlarida ham ochiqdan-ochiq ajnabiy «ommaviy madaniyat» ko`rinishlariga taqlid qilish, «yulduzlik» kasaliga chalinish holatlari tez-tez uchrab turayotgani chinakam san`at muxlislarini ranjitmasdan qolmaydi, albatta.

Islom Karimov,

“Yuksak ma`naviyat — engilmas kuch” asaridan

         Biror qo`shiqning ommalashishi ko`p jihatdan unga ishlangan klipga ham bog`liq. Klip talabga javob beradigan darajada ishlangan bo`lsa, qo`shiqning umri uzoq bo`lishi tayin. Bu o`z isbotini topgan haqiqat! E`tibor bergan bo`lsangiz, anchadan buyon TV orqali namoyish etilayotgan kliplarni tahlil qilmayotgandik. Shu vaqt mobaynida anchagina kliplar efir yuzini ko`rdi. Ko`plari tomoshabinlar tiliga tushdi, ba`zilari esa “Shu ham klipmi?” degan iddaolarni eshitishga ham ulgurdi. Mazkur fikrlarni inobatga olgan holda oynaijahon qarshisiga mixlanib, TVni sinchkovlik bilan kuzatib, ko`zga tashlangan kamchiliklar qatorida yutuqlarni ham qoralashga ahd qildik...

“Gapni gapir uqqanga...

         Xonanda Bahriddin Zuhriddinovning “Opang qani” qo`shig`ini va klipini gazetamizning o`tgan sonlarida rosa “qamchilagan” edik. “Gapni gapir uqqanga...” deb bejiz aytishmaydi, chog`i. Zuhriddinovning yangi “Gulim” nomli qo`shig`i va unga ishlangan klipi mazmunan sayozligi va didsizligi bilan avvalgisini takrorlab turibdi. Klip rejissyori raqqosalarni o`zga sayyoraliklar libosida raqsga tushirishdan, aktrisa Anjelika Esimbetovaning bahaybat gamburger ortidan quvib yurishidan ko`ra tuzukroq g`oya topa olmagan ko`rinishadi. Qisqa qilib aytganda, ijodkorlar qo`shiq va klip orqali nima demoqchiligini tushunish mushkul. Agar qo`shiq o`zga sayyoraliklar haqida bo`lganda buni faxmlash qiyin bo`lmasdi. Qiziq, bu klip qaysi yoshdagi tomoshabinlar uchun mo`ljallangan ekan? Bundan tashqari, bizning rejissyorlar gavda tuzilishi yoki qomati orqali odamlar e`tiborini tortishni qachon bas qilisharkin?!

Sanaevga yarashmagan klip

         Bugun shou-biznesimizda telbanamo, tomoshabin tugul, xonandaning o`zi ham tushunmaydigan kliplar ko`payib boryapti. Ayni shu ro`yhatga xonanda Anvar Sanaevning yangi “Oh dedim” nomli qo`shig`iga ishlangan klipini kiritish mumkin. Qo`shiq garchi xorazmcha yo`nalishda bo`lsa-da, unga ishlangan klip umuman qo`shiqqa mos emas. Qiziq, klipda ro`dapo bo`lib kiyingan, boshidan tovonigacha majnuntol shoxlari ilakishgan darvesh obrazi nimaga kerak edi? Jodugar qiz-chi, u klipda qanday vazifani o`tayapti?! O`z-o`zidan o`tloq erga uy qurgan ko`chmanchilar nimaga raqs tushish bilan ovora?! Xullas, savollarning oxiri ko`rinmaydi. To`g`ri, mazkur klipga anchagina mablag` ajratilgani ko`rinib turibdi. Lekin klipdagi voqealar qo`shiq mazmunidan kelib chiqqan holda aks ettirilishi kerak emasmi?! Anvar Sanaevning “Sizni izlab” nomli qo`shig`iga ishlangan klipida Jumong obrazida gavdalangan yigit, kompyuter grafikasi yordamida beo`xshov qilib ishlangan oxuga ham ko`z yumgandik. Ammo “Oh dedim”ning klipi undan ham o`tib tushdi. Bunday klip ko`p yillik tajribaga ega bo`lgan Anvar Sanaevga yarashmabdi.

Maqsad boylikni ko`z-ko`z qilishmi?!

         Musiqiy telekanallar orqali yoshi chamasi 17-18 yoshlardagi Xumoyun Soipovning “Bevafo” nomli qo`shig`iga ishlangan klipni ko`rgan bo`lsangiz kerak. Shu o`rinda bir fikr: bu yigitcha xiyonat, bevafolik haqida kuylashga hali yoshlik qilmasmikin?! Ijodini yoshiga monand, ota-onaga hurmat, Vatan, milliy iftixor tuyg`ularidagi qo`shiqlar bilan boshlasa yomon bo`lmasdi. “Bevafo”ning klipiga keladigan bo`lsak, go`yo o`sha yigitchaning yangi liboslari-yu, qimmatbaxo mashinasini ko`z-ko`z qilish uchun olingandek. Boisi klipda mashina bilan bog`liq keraksiz tasvirlar juda ko`p. Bundan tashqari rejissyor xonanda yigitchaning liboslarini alohida ko`rsatishga, qo`lidagi soatgacha tomoshabinning e`tiborini qaratishga urungan. Bu bilan muhabbatdek oliy tuyg`uni bashanglik, bejirim mashina, chiroyli liboslar oldida bir pul demoqchi bo`lishganmi? Naxot bunday kliplar yosh avlod ongiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkinligini o`ylab ko`rishmagan? Umuman olganda, bu qo`shiqni ham, unga ishlangan klipni ham bugungi estradamizda yangilik, deb aytish qiyin. Boz ustiga klipda xonanda Xumoyun Soipov bilan rol ijro etgan qizning yoshi yigitchanikidan ancha katta ekani yaqqol sezilib turibdi.

Qaysi biri “Mohira”?

         Xonanda Adham Solievning shu vaqtgacha suratga olgan kliplari tomoshabinlarning e`tiborini tortib kelgan. Har bir klipida qaysidir detal klipning muvaffaqiyatini belgilaydi. Ammo xonandaning “Mohira” nomli qo`shig`iga ishlangan klip haqida bunday deyish qiyinroq.  Solievning klipida romantikani tasvirlashga urinishgan-u, biroq to`la-to`kis  buning ustidan chiqa olishmagan. E`tibor qilgan bo`lsangiz, xonanda dasturxonning bir boshida o`tirgancha o`z sevgilisiga qo`shiq kuylayapti, qahramon qiz esa uning qarshisida o`tiribdi. Buni tushunish unchalik qiyin emas. Lekin dasturxon nima uchun bunday dabdaba bilan bezatilgani mavhum bo`lib qolgan. Xonanda “Mohira” deb xonish qilyapti-yu, klipda ikkita qiz u yoqdan bu yoqqa o`tib yuribdi. Xo`sh, ularning qay biri Mohira? Shuningdek, Adxam Solievning tashqi ko`rinishi, liboslari borasida yanada jiddiyroq ishlash fursati kelganga o`xshaydi. Xonanda klassik va sport uslubidagi kiyimlarni uyg`unlashtirmoqchi bo`lgan. Ammo nazarimizda, bu eksperiment o`zini oqlamagandek ko`rinadi.

Yo`lbars va torning qanday bog`liqligi bor?!

         Sardor Mamadaliev qisqa fursat ichida o`z yo`nalishi va tinglovchilarini topa oldi. Biroq xonanda Cho`lpon she`ri bilan kuylagan “Oydan-da go`zal” qo`shig`ida ovoz imkoniyatlarini keragidan ortiq ko`rsatishga uringan. Klipning ilk lavhalarini tomosha qilib, xafsalangiz pir bo`lishi aniq. Har qanday videoasar detallardan tashkil topadi. Shuni inobatga olgan holda klipda detal sifatida tor va yo`lbarsdan foydalanilganiga ko`zingiz tushadi. Ammo bu klipda yo`lbars nima uchun qatnashganiga javob topolmaysiz. Balki rejissyor klipdagi detallarning o`zaro uyg`unligini tomoshabinga to`g`ri etkazib bera olmagandir, yana kim bilsin...

“Ana yana san” Ommaviy madaniyat targ`ibotimi?

         Xonanda Tamillaning “Ana yana san” nomli qo`shig`ining klipining ilk lavhalaridanoq ommaviy madaniyat unsurlariga duch kelasiz. Millatimizni g`arbga xos bo`lgan odatlardan, yoshlarimizning ma`naviyatiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan oqimlardan asrash bugunning dolzarb masalasi bo`lib turgan bir vaqtda, Tamillaning “Ana yana san”i buning aksiga xizmat qilayotganini payqash qiyin emas. Mamlakatimizda alkogol va tamaki mahsulotlarini reklama qilish qonun yo`li bilan cheklangan bir vaqtda Tamillaning klipidagi qahramon bemalol tamaki tutatishini qaysi mezonlar bilan oqlash mumkin?

         Xonanda qizlarimizning yotoqxonada qo`shiq kuylayotganlarini tanqid qilib, bu milliy mentalitetimizga to`g`ri kelmasligi haqida bot-bot takrorlab charchagandik. Tamilla biroz boshqacha yo`l tutibdi. Kalta ko`ylakda o`zini har ko`yga solib, ikki qo`li bilan sochlarini g`ijimlagancha, xiyla noo`rin harakatlar qilishi  odobdanmikin? Klipmeykerlar esa klipda asosiy e`tiborni ana shunday sahnalarga ko`rsatishga qaratishgan ko`rinadi...

E`tiborga loyiq...

“Nihol” mukofoti sovrindorlari Ulug`bek Rahmatullaevning “Meni kechir”, Oybek va Nigoraning “Kechir”, Ziyodaning “Sevadi yorim”, Nilufar Usmonovaning “Unutgin”, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anievaning “So`naman”, xonanda Abduvali Rajabovning “Sog`inar”, O`zbekiston xalq artistlari Zulayxo Boyhonovaning “Olcha guli”, G`ulomjon Yoqubovning “Shoshma” nomli qo`shiqlariga ishlangan kliplarni eng ommalashayotgan klip qatoriga kiritish mumkin. Ushbu kliplarda milliy mentalitetimizga zid bo`lgan holatlarni uchratmaysiz.

QALAMPIR

    Boshqa yangiliklar