24 mart kuni Xalqaro silga qarshi kurashish kuni munosabati bilan matbuot anjumani o`tkazildi.
Unda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Saidmurod Saidaliev, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag`olib Tillashayxov hamda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakillari, olim va shifokorlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida bugun mamlakatimizda sil kasalliklarini davolash 85 tfoizni tashkil qilayotgani ta`kidlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2009 yilda tashkil qilingan Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bu boradagi dolzarb masalalarni hal eitishga ulush qo`shayotgan shifo maskanlaridan biri bo`lib, mazkur xastalikni eng zamonaviy muolajalar asosida samarali davolashga xizmat qiluvchi etakchi ilmiy muassasa hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2011-2015 yillarda O`zbekiston Respublikasida sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq, ushbu yo`nalishdagi tibbiy xizmat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Qarorga asosan, joylardagi sil kasalliklari shifoxonalarida qurilish-rekonstruksiya va kapital ta`mirlash ishlari olib borilishi hamda ularning har birini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Har yili sohaga 200 nafar shifokor va 40 nafar tibbiy hamshira tayyorlanadi. Ushbu xastalikka ixtisoslashtirilgan 44 muassasa bo`lib ularning 18 tasida qurilish rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan, ushbu maqsadlarda 58,5 million AQSh dollar mablag` sarflangan.
E`tirof etish joizki, avvallari sil xastaligiga chalingan bemorlar 8-10 oylab shifoxonada davolangan bo`lsa, bugun bu jarayon o`rta hisobda 60 kun davom etadi. Sababi markaz mutaxassislari xastaliklarni davolashda yuqori texnologiyalarga asoslangan davolash muolajalari va jarrohlik amaliytlarini bajarmoqdalar.
So`nggi yillarda mamlakatimizda sil bilan kasallanish 30 foizga, xastalik tufayli o`lim holatlari esa 60 foizga kamaydi.
2013 yilda sil kasaliga chalingan 2634 bemor davolash uchun olingan bo`lsa, 2014 yilda bu raqamni 4000 gacha ko`tarish rejalashtirilgan.
2005-2013 yillarda 176 616 nafar sil kasaliga chalingan insonlar shifo topdi, shulardan 6090 nafari og`ir formadagi bemorlar bo`lib, buning natijasida 158 738 kishining hayotini qutqarib qolindi.
2014 yil mart oyida nashr etilgan so`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 2012 yilda asosan Sharqiy va Markaziy Evropada sil kasalligining 353000 ta yangi sil holatlari va 35000 ta o`lim hollari ro`yxatga olingan.
So`nggi o`n yil ichida kasallikka chalinish har yili o`rtacha 5 foizga qisqarib bormoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda JSST Evropa hududida har kuni taxminan 1000 ta kishi sil kasalligiga chalinadi.
Sil kasalligining boshlang`ich belgilari yo`tal, qon tuflash, ozib ketish, tez charchash, ishtaha pasayishi, tana haroratini 37,5 darajaga ko`tarilishi, kechalari terlash, ko`krak qafasda og`riq sezish bilan boshlanadi.
Sun`iy ravishda emlash bilan kasalikka immunitet hosil qilish mumkin. Bola tug`ilishining ilk kunlarida BSJ vaksinasi teri ostiga qilinadi. Hozirda deyarli butun dunyoda revaksinasiya, ya`ni qayta emlash bekor qilingan, sababi revaksinasiya samarasi epidemiologik jarayonga ta`sir qilmaydi, ya`ni befoyda deb topilgan.
Har yili dunyoda 9 million kishi sil bilan kasallanadi, shulardan 3 millioni kerakli tibbiy yordam olmayapti. Bizning vazifamiz ana shu tibbiy yordam olmayotgan xastalarni topishdan va ularni davolanishga yo`naltirishdan iboratdir.