AsosiyDunyo

YO`LOVChI QIZNING HAYoTINI SAQLAB QOLGAN STYuARDESSA

'YO`LOVChI QIZNING HAYoTINI SAQLAB QOLGAN STYuARDESSA'ning rasmi

Hayotda yuz bergan quyidagi voqea ajoyib kinofilmning ssenariysiga asos bo`lishi mumkin...

Shelia Fedrik amerikalik bo`lib, u "Alaska Airlines" aviakompaniyasida styuardessa bo`lib ishlaydi. Kunlardan bir kun u Sietl shahridan San-Fransisko shahriga parvozni amalga oshirayotgan samolyotda o`z vazifasini bajarayotganida juldur kiyimli, sarosimaga tushgan 14-15 yoshli yo`lovchi qiz uning e`tiborini tortdi. Qizning yonida bashang kiyingan erkak o`tirardi.

“Negadir yuragim noxushlikni his qildi”, deb eslaydi Shelia. U qizdan hol-ahvol so`raganida, uning o`rniga erkak javob berdi. Bu holat Sheliani shubhalantirdi. Shunda u sekingina qizning qulog`iga “Hojatxonaga bor, senga xat qoldirdim”, deb shipshidi. Qiz styuardessaning xatiga javoban unga yordam kerakligini ma`lum qildi. Shelia bu haqda uchuvchilarga ma`lumot berdi, ular esa zudlik bilan vaziyat haqida San-Fransisko shahar polisiyasiga axborot berishdi.

Samolyot aeroportga qo`nishi bilan polisiyachilar noma`lum erkakning qo`liga kishan soldi. Keyinchalik erkak odam savdosi bilan shug`ullanishi, qizni sotish uchun olib ketayotganligi ma`lum bo`ldi. Shelia o`zining ziyrakligi bilan bir insonning hayotini saqlab qoldi. Hozirda yo`lovchi qizning ahvoli yaxshi, kollejda o`qiydi, uni jinoyatchilar qo`lidan qutqargan Shelia esa bunday shubhali vaziyatlarda inson o`zini yo`qotmasdan, xotirjam harakat qilishi lozimligini ta`kidlaydi.

    Boshqa yangiliklar