Stilist Mark Bastos har yakshanba ko`chaga chiqib, uysizlarning sochini tekinga olib qo`yadi.
Markning maqsadi — odamlarga ozgina bo`lsa-da, yaxshilik ulashish.
Dam olish kuni Mark Bastos soch turmagiga muhtoj bo`lganlarni izlab, shahar kezadi. Uning odatiy “mijozlari” — uysizlar va faqirlardir. Kerakli odamni topganidan keyin u: “Bugun men siz uchun bir yaxshilik qilmoqchiman”,deydi.
Yakshanba kuni Mark o`rtacha olti nafar muhtojning sochini turmaklaydi. Bu bilan jilla qursa, hech vaqosi yo`q odamning ko`ngliga o`z hayotini o`zgartirish umidini uyg`otmoqchi bo`ladi. Axir insonga ikkinchi imkoniyat berish kerak, shunday emasmi?
Mark o`z ishlari va uysiz, faqirlarning ko`rgan-kechirganlarini Instagram`dagi akkauntida yoritib boradi.
Bu an`ana Markda 2012 yili oilasini ko`rish uchun Filippin orollariga borganda paydo bo`lgan. U erda Mark eski sartaroshxonadan kursi sotib olib, kambag`al oilalar farzandlarining sochlarini tekinga olib qo`ygandi.
“Bilasizmi, bu tuyg`u shundayin latif ediki, ushbu ijobiy hissiyotni Nyu-Yorkka olib ketishga ahd qildim”, deydi Mark.
Uysizlarning sochini turmaklab, ularning o`tmishini omma bilan bo`lishish Mark uchun an`anaga aylandi. Hatto Yamayka, Kosta-Rika va Los-Anjelesga qilgan safarlarida ham har yakshanba yangi “mijoz” axtarib, ko`chaga chiqadigan bo`ldi.
Bir kuni Mark sevgan qizi bilan sayr qilib yurib, o`zining tashqi ko`rinishini o`zgartirib berishini so`ragan odamga duch keladi. Yoshlar undan qanday taomni yaxshi ko`rishini so`rashganda, javoban quyidagini eshitishadi: “Hech kim mendan nima eyishimni so`ramagan. Odatda ovqat qoldiqlarini eyman”.
“Biz ko`pincha yordam berishimiz mumkin bo`lgan odamlar yonidan jimgina o`tib ketaveramiz, aslida esa yordam qo`lini cho`zishdan oson ish yo`q”, deydi stilist.
“Buning ismi Jemar Benks, uning sochini turmaklayotganimda va hatto ovqatga taklif qilganimda, u miq etmadi. Sochini turmaklab bo`lganimdan keyin unga ko`zgu berdim. Jemar birgina jumla aytdi: “Bilmaysizmi, kim menga ish berarkin?”, deb eslaydi Mark.
“Odamlarning sochini salonimda emas, ko`chada tarashlashimning sababi bor. O`tkinchi odamlar ezgulik qilish uchun ilhomlanishlarini istayman. Yaxshilikni o`z bilganimcha qilaman, buni ko`rgan odamlar esa ezgulikning boshqacharoq usulini topishadi. Hatto oddiygina tabassum ham ko`p narsani o`zgartirishi mumkin”, deydi Mark Bastos.





