"Yoshim 18da, sovuq qish oqshomlaridan birida uyga shoshilib, to`xtab turgan taksilardan biriga o`tirdim. Haydovchining oldidagi o`rindiqqa o`tirganimda, orqada yana ikki nafar yigit o`tirganiga ko`zim tushdi. Ular qaerga ketayotganimni so`rashdi, manzilimni eshitib, “biz ham shu yoqqa ketyapmiz, yo`limiz bir ekan”, deb javob berishdi. Yonimda pulim kamligi uchun ularning men boradigan joyga ketayotganliklaridan xursand bo`ldim. Yo`lkirani bo`lib to`laymiz, deb o`yladim. Taksi meni kerakli joyga olib kelganda, ular taksidan tushishdi. Men ham endi o`rnimdan qo`zg`algan edim, taksichi qo`limdan mahkam ushlab, yana joyimga o`tqazdi va gazni bosib, mashinani oldinga haydadi. Qo`rqqanimdan qichqirib yubordim. Ammo taksichi biroz yo`l yurgach, yana orqaga qaytdi. Tushmoqchi bo`lgan joyimga kelganda notanish yigitlar ketib bo`lgandi. Men shundan keyingina taksichi meni noma`lum yigitlarning hujumidan asrab qolganligini tushundim. Uning aytishicha, yigitlarning o`zini tutishi uni shubhalantirgan ekan".






