Sobir Qaynarov Sirdaryo tumanidagi qo`shma korxonalardan birida ishchi bo`lib ishlaydi. Ikki farzandi, uy bekasi bo`lgan rafiqasi, ota-onasi, bir ukasi uning qaramog`ida edi. Oxirgi paytlarda u belida og`riq sezar, ammo buni uzoq vaqt oyoqda turib ishlaganlikning oqibati bo`lsa kerak, deb ko`p ham e`tibor bermasdi. Og`riq judayam kuchayib ketgandan keyin tuman markazidagi shifoxonaga borib, UTT tekshiruvidan o`tdi. Uni tekshirgan shifokor buyrakda o`simta borligini, zudlik bilan operasiya qilib olib tashlash zarurligini aytdi. Sobir bundan tushkunlikka tushib qoldi, uyga kelib, bo`lib o`tgan voqeani otasiga aytdi. “Balki poytaxtga borib, urologiya markazida qaytadan tekshiruvdan o`tarsan, UTT noto`g`ri xulosa bergandir”, dedi uning kayfiyatini ko`tarish maqsadida otasi. Sobir ming umidlar bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi urologiya markaziga kelib, tekshiruvdan o`tdi. Tahlil natijalari sirdaryolik shifokorning tashxisini tasdiqladi.
Ular ham vaqtni o`tkazmay, zudlik bilan operasiya qilish lozimligini aytishdi. Sobirning boshi qotdi. Oilaning yagona boquvchisi o`zi bo`lsa, yotib qolsa, nima bo`ladi? Shifoxonada yotish, dori-darmonlar uchun ham pul zarur. Ammo operasiya qildirib, sog`ligini tiklamasa, oilasidagilar yanada qiynalishi mumkinligini o`ylab, yuragi siqildi. U o`ylab-o`ylab, Sirdaryo viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasiga yo`l oldi. Sobir mushkul vaziyatga tushib qolganini, davolanish uchun imkoniyati yo`qligini boshqarma boshlig`ining birinchi muovini Akbar Mirzaxonovga tushuntirdi. U esa “Bu dunyoda ilojsiz narsaning o`zi yo`q, o`g`lim. Xudo xohlasa, tuzalib ketasan, davlatimiz kam ta`minlangan oilalar uchun turli imtiyozlarni yaratgan”, deb uning ko`nglini ko`tardi va bepul davolanish uchun zarur bo`ladigan hujjatlar ro`yxati bilan tanishtirdi. Sobir hujjatlarni to`plash uchun Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga uchrashdi.U erda Sobirga kerakli hujjatlarni tayyorlashda yordam berishdi.
Shundan keyin Sobir Sirdaryo viloyat ko`p tarmoqli davolash markazining urologiya bo`limida jarrohlik stoliga yotqizildi. Mazkur bo`lim mudiri va mutaxassislari tomonidan o`tkazilgan operasiya 4 soat davom etib, muvaffaqiyatli yakunlandi. “Men inson manfaatlarini himoya qiluvchi shunday yurtda tug`ilib, o`sganimdan mamnunman. Darddan forig` bo`lishimda, oyoqqa turishimda, mushkul vaziyatdan chiqib ketishimda o`z maslahatlarini, mehr-muhabbatlarini ayamagan barcha shifokorlardan chin ko`ngildan minnatdorman. Kimgadir yaxshilik qilish hech qachon izsiz ketmaydi. Xudo xohlasa, batamom sog`ayib ketsam, men ham qo`limdan kelguncha ezgu amallarni bajarishga, muhtojlarga yordam berishga harakat qilaman”, dedi Sobir Qaynarov.





