1

YaNGI YIL KEChASIDAGI NIYaT

Mutolaa 21.12.2017, 18:17
YaNGI YIL KEChASIDAGI NIYaT

«Yangi yil kechasi qilgan niyatim hayotimni o`zgartirib yuborgani tasodifmi yoki hayotning tuhfasimi, bilmayman, — deb maktub yo`llabdi toshkentlik Muborak ismli muxlisamiz. — Yoshim yigirma oltida bo`lsa-da, hamon turmushga chiqmagandim. Tengdoshlarimning bolasi bo`yi tengi bo`lib qolgan, men esa haligacha uydagilarning qosh-qovog`iga qarab kun ko`raman. Kelinlar sabab o`z uyingizga sig`masangiz, g`alati bo`larkan. Yaxshiyamki, ishlayman, bo`lmasa nima qilardim, hayronman...»

Yangi yil arafasida tikuvchilik korxonamizda buyurtmalar ko`p bo`ldi. Oxirgilarini bayram kuni ertalab topshirishimizga to`g`ri keldi. Bayram uchun ko`ylak tiktirgan o`zim tengi kelinchaklarga juda havas qildim. Hamkasblarimdan yashirincha liboslarning dizaynini chizadigan odatim bor edi. Qo`lim bo`shadi deguncha, to`y ko`ylaklarni chiza boshlardim. Oxirgi chizgan ko`ylagim o`zimga yoqdi. Oppoq mato och novvot rangidagi munchoqlar bilan bezatilgan, fatasi esa aksincha — matosi navvot rangida, munchoqlari sadafdek oppoq. Sochga, bo`yinga va qo`lga taqiladigan bezaklar ham shu rangga uyg`un bo`lib, libos xuddi sutga chayib olingandek tasavvur uyg`otardi. Muzdek sovuq oq rang yoqmagani uchun aynan shu iliq ranglarni tanlagandim. Libosni xayolan egnimda tasavvur qilib, xo`rsinib qo`ydim. «Bu ko`ylak kimga nasib etarkan-a?» o`yladim o`zimcha va negadir tomog`imga nimadir tiqilgandek bo`ldi. Uyga ketishdan oldin boshlig`imiz Dilbar opa bilan xayrlashish uchun xonasiga kirdim. U shoshib narsalarini yig`ishtirayotgan ekan,yordamlashdim. Juda sezgir bo`lgan opa xomushligimni darrov payqadi.

— Muborak, Yangi yilda qanday niyat qilmoqchisiz? — dedi u quvnoq ohangda.

Ustimdan kulmoqchimi degandek ichimdan zil ketdim. Javob bermaganimni ko`rib, «Ko`nglingizga olmang, men shunchaki niyatlaringizni qanday ifodalashingizni bilmoqchi edim», dedi.

Tushunmay, unga tikildim.

— Keling, sizga bir sirni o`rgataman. Soat o`n ikkiga bong urguncha, yuragingizdagi ikkilanishlarni butkul chiqarib tashlang. Keyin chuqur nafas olib, «men o`zimga ishonaman, men eng chiroyli va eng aqlli qizman», deng. Bu gaplarni shunday aytingki, o`zingiz ham ishonganingizdan ko`zlaringiz chaqnasin. Soat o`n ikkiga bong urganda esa o`zimga munosib, aqlli, ochiqko`ngil jufti halol uchratgin, men shunday baxtga loyiqman, deb chin yurakdan niyat qiling… Tushundingizmi?

Qizarib ketdim.

— O`zingizni yaxshi bilmaysiz-da, bo`lmasa, allaqachon baxtingiz ochilardi, — dedi u shoshib otlanarkan.

Dilbar opa bilan xayrlashgach, o`ylanib qoldim. Mendan nima ketdi, bir urinib ko`rsam, kim bilib o`tiribdi, deb o`yladim. Uyga kelib ochiq yuz bilan kelinimga yordamlashdim, o`ynab-kulib o`zimga oro berdim. Yaxshi kayfiyatda ko`rishni unutib qo`yishgan ota-onam ham hayron. Xonamga kirib, ko`zguga qaradim va Dilbar opaning gaplarini qayta-qayta takrorladim. O`n martalab aytganimdan so`ng o`z gapimga o`zim ishona boshladim...

Soat millariga qarab, roppa-rosa o`n ikkiga bong urganda, «O`zim ham, yaqinlarimni ham quvontiradigan baxt bergin. Keyingi yil ayni shu mahalda niyatim amalga oshganidan quvonib o`tiray…» deb niyat qildim.

Bayram o`tib, ishga chiqqan kunim Dilbar opa bir albomni ko`tarib: «Bu kimniki?» deb yurganini eshitib, o`girildim. Qarasam, mening qoralama daftarim.

«Meniki» dedim va opaning qo`lidan olishga shoshildim.

— Siznikimi? — ham hayrat, ham quvonch bilan so`radi opa.

Daftarni tezgina yashirdim. O`sha kuni tushlik mahal Dilbar opa meni xonasiga chaqirdi. U erda did bilan kiyingan, kelishgan yigit o`tirardi. Yigit o`rnidan turdi. Qo`lida men chizgan to`y ko`ylaklarning nusxalari turardi…

Dilbar opaning keyin aytib berishicha, o`sha kuni shoshilib albomimni uning stolida qoldiribman. O`zining narsalariga qo`shib mening daftarimni ham olib ketgan Dilbar opaning bolalari sumkasini titkilab daftarni ham olib chiqishadi. Bayram kuni ularnikiga mehmonga kelgan jiyani daftarni ko`rib qiziqib qoladi. «Bunday chiroyli liboslarni chizgan odamning qalbi ham go`zal bo`lsa kerak, kim chizgan buni?» deb so`raydi.

— Ajoyib iste`dodingiz va didingiz bor ekan, — dedi o`zini Masrur deb tanishtirgan yigit. — Yaqinda to`y liboslari yaratadigan tikuv sexi ochmoqchi bo`lib yurgandim, menga yordam bermaysizmi?

O`ylab ko`rishga fursat topdim. Ertasi kuni qo`ng`iroq qildi. U magistraturani xorijda o`qib, yaqinda qaytib kelgan, uylanmagan edi. Kundan-kunga unga bog`lanib borayotganimni bilsam-da, buni tan olishdan cho`chirdim. Lekin men chizgan surat bo`yicha to`y libos tikishni topshirishganida dunyo ko`zimga qorong`i bo`lib ketdi.

— O`z bichimingiz bilan tikavering, kelinning bo`yi-basti xuddi siznikidek, — dedi u sinchkov tikilib.

Ko`z yoshlarimni ichimga yutib, xo`p dedim. Ikki hafta davomida ignani matoga emas yuragimga qadayotgandek azob bilan ko`ylakni tikib bitirdim. Tayyor bo`lgan kuni Dilbar opa hozir Masrur kelib olib ketadi, dedi. Yuragim zardobga to`lib sevgilisi bilan kirib kelishini kutib turibman. Bir mahal u keldi. Lekin yolg`iz edi.

— Ko`ylak juda chiroyli chiqibdi — dedi u jilmayib

Men erdan ko`z uzmay bosh siltadim.

— Siz undan ham chiroylisiz, — dedi u kutilmaganda. — Shuko`ylakda to`y kuni yonimda turishingizni istayman…

Ertasi kuni uyimizga sovchi bordi. Mana, men uchun omadli kelgan yil ham yakun topayapti. Bu yil bayram dasturxoni atrofida o`tirib, niyatlarim amalga oshgani uchun shukrona aytmoqchiman…

Dilfuza Sobirova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1