Sirdaryo tumani hududidagi MXX Davlat chegaralarini qo`riqlash qo`shinlarining maxsus bo`linmasi hamda Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan Sirdaryo tumani “Yangi-Hayot” suv iste`molchilar uyushmasining Qozog`iston Respublikasi bilan chegaradosh bo`lgan, aylanma va ovloq yo`llari orqali noqonuniy ravishda davlat chegarasini buzib harakatlanib kelayotgan,1995 yilda tug`ilgan Jizzax viloyatida yashovchi M.Boliev to`xtatilib tekshiruvdan o`tkazildi.
Tekshiruv davomida unga tegishli bo`lgan qo`l sumkasi ko`zdan kechirilganda unda 9 dona, qiymati 303 mln. so`mdan ortiq “Lochin” turiga mansub tirik qushlar borligi aniqlandi.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlari Tabiatni muhofaza qilish hududiy inspeksiyasi boshqarmasining xulosasiga ko`ra ushbu noyob qushlar “Qizil kitob”ga kiritilganligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv va dastlabki surishtiruv tadbirlari natijasida fuqaro M.Boliev ushbu noyob qushlarni 200 AQSh dollari evaziga aylanma yo`llar orqali Qozog`iston Respublikasidan O`zbekiston Respublikasiga noqonuniy ravishda olib o`tib berishga kelishib olganligi ma`lum bo`ldi.
Tabiatda yo`qolib borayotgan, kamyob o`simlik va hayvonot dunyosining genofondini saqlab qolish barchamizning burchimiz ekanligini bugungi kun yoshlariga uqtirish borasida vazifalarimiz talaygina ekanligini unutmasligimiz zarur.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






