AsosiyShou-biznes

ShAHLO AHMEDOVA NADEJDA BABKINAGA ShOGIRD TUShDI!

'ShAHLO AHMEDOVA  NADEJDA BABKINAGA ShOGIRD TUShDI!'ning rasmi

O`z uslubini yarata olgan yosh, iste`dodli xonanda Shahlo AІMEDOVA oxirgi kunlarda respublikamizning turli viloyatlari hamda qo`shni respublikalarda ijodiy safarlar bilan band bo`ldi. Darvoqe, u shu yil talabalar safiga qabul qilindi. Shahlo bilan shu mavzuda suhbatni boshlab, ijodiy yangiliklar va quloqqa chalingan ayrim mish-mishlar haqida gurunglashdik.

Shahlo, so`nggi bor xabarlashganimizda «Moskva shahriga ketyapman, o`qishga topshirdim» degandingiz...

— Siz bilan qo`ng`iroqlashganimizda Rossiya teatr va san`at instituti (GITIS)ga hujjat topshirayotgandim. Imtihon javobi 18 iyul, ayni tug`ilgan kunim sanasida e`lon qilindi. Talaba bo`ldim!

Tabriklaymiz!

— Rahmat! Hozir sirtqi bo`limning birinchi kursida tahsil olyapman. Bu yil men uchun omadli keldi. Ijodimda yaxshi yangiliklar bo`ldi, o`zim istagan yo`nalishda o`qishga kirdim. Behad baxtiyorman!

San`at yo`nalishida o`qishni istasangiz, o`zimizda ham sharoitlar etarli. Nega aynan GITISni tanladingiz?

— Bir necha yillar oldin O`zbekiston davlat konservatoriyasiga hujjat topshirdim. Ammo ijodiy imtihondan o`tolmadim. Negadir, menga past baho qo`yishdi. Vaholanki, imtihonga puxta tayyorlangandim. Nima sababdan imtihondan yiqildim, bilolmayman. Bu voqea menga juda qattiq ta`sir qildi. O`z iqtidorimga shubha qilib qolgan paytlarim ham bo`ldi. Biroq onam tushkunlikka tushib qolishimga qo`ymadilar. Bugun esa ortda qolgan voqealarni xotirlab, har narsaning bir hikmati bor ekan, deyman. Konservatoriyaga qabul qilishmaganidan so`ng biroz fursat o`tib, Moskva shahridagi san`at institutida o`qishga kirish fikri paydo bo`ldi. Bu safar yanada puxtaroq tayyorlandim.

Xo`sh, u erdagi o`qitish uslubi sizga ma`qul bo`lyaptimi?

— Ha. GITISda badiiy rahbarimiz Rossiya xalq artisti Nadejda Babkina. Bu san`atkorning qo`lida tahsil olayotganim men uchun katta sharaf. Konservatoriyaga o`qishga kirolmaganimdan qattiq ranjigandim. Bari ortda qolgan bo`lsa-da, ijodiy imtihondan o`tolmaganim bejiz emas ekan, deb o`ylayman. Axir menga atalgani boshqa ekan-da.

Kursdoshlaringiz xonandalik faoliyatingiz bilan tanishmilar?

— Toshkentda ijod qilishim haqida hech kim bilmasdi. Imtihonlarda xonandalik faoliyatim to`g`risida gapirmadim. O`qishning birinchi kunida kursdoshlar bir-birimiz bilan tanishdik, birga suratga tushdik va suratlarni instagramga joylanayotganida, sirim fosh bo`ldi (kulimsirab). Instagram sahifamdagi do`stlarim sonining ko`pligi, men haqimdagi izohlar, suratlarni ko`rib, ular «Sen hali yulduzmisan? Nega bizga aytmading», deya taajublanishdi. Ijodim haqida so`zlab berganimdan so`nggina ular mening san`atkor ekanimdan xabar topishdi.

Bir necha haftalardan buyon Toshkentdasiz, yo ta`tilga chiqdingizmi?

— Ha, hozir ta`tildaman. Bir oylardan so`ng yana Moskvaga uchib ketaman. Sirtqi bo`lim qonun-qoidalariga ko`ra, ma`lum muddat tahsil olamiz, so`ng bir necha oy ta`til beriladi.

Kelib-ketib turibsiz, bu ijodingizga ta`sir qilmayaptimi?

— Yo`q, aksincha san`at yo`nalishida o`qiyotganim menga yanada ko`proq ma`lumot olish imkonini beryapti. Ilhomlanyapman!

Sal avval qo`shni respublikalar va viloyatlar bo`ylab ijodiy safarlarda bo`ldingiz. Sizni qanday kutib olishdi?

— Qaerga bormaylik, bizni ko`tarinki kayfiyatda qarshi olishadi. Viloyatlarda «Kerakmas» nomli qo`shig`imni ko`p so`rashadi. Bu taronamni besh-olti marotabalab, takroran ijro qilgan paytlarim ham bo`ldi. Qayta-qayta kuylayotganimdan hijolat tortsam-da, «Talablariga binoan yana «Kerakmas» qo`shig`i» derdim. Qo`shni respublikalardan ko`proq Qozog`iston davlatida bo`lib turaman. U erdagi muxlislarim ijodim bilan yaxshi tanishlar va hamisha meni iliq kutib olishadi.

Darhaqiqat, «Kerakmas» qo`shig`i sizga omad keltirdi. Taronada foydalanilgan luqmalarni kim o`ylab topgan?

— Bu qo`shiq yaratilishidan oldin, bir necha bastakorlarga funk uslubidan foydalanish taklifi bilan chiqqanman. Ammo ko`pchiligi «Yaxshi chiqarmikan», deya ikkilanishardi. G`oyamni bastakor Bobur Umarovga aytganimda, u fikrimni ma`qulladi. O`zaro hamkorligimiz natijasida esa bugun barcha sevib tinglayotgan «Kerakmas» taronasi yaratildi! Qo`shig`imning ommalashishi haqida ko`p so`rashadi. Yangicha uslub, yangicha yondashuv... hammasi to`g`ri, lekin Yaratganning inon-ixtiyori bilan omadingiz kelsa, boshlagan ishingiz xayrli bo`ladi. Keyingi taronalarimda ham funk uslubidan foydalanyapman. «Kerakmas» qo`shig`im bilan o`zim xohlagan yo`nalishni muxlislarimga taqdim etoldim. Yaqinda «Qani» deb nomlangan yangi ijod maxsulini havola etishni reja qilyapmiz.

Qaysidir san`atkor yangilik qilsa, darrov undan nusxa oluvchilar ko`payib qoladi. Angladingiz-a, nima demoqchi ekanimni?

— Ha! Mening uslubimda ijod qilayotganlar, videokliplardagi obrazimdan nusxa olayotganlar bor. Kim, qaerda, qanday kuylayapti, deya kuzatmasam-da, muxlislarim xabar berib borishadi. Mayliga, ijro uslubim ma`qul kelayotgan ekan, foydalanishlari mumkin. Axir kim kimdan nusxa olayotganini tomoshabin yaxshi biladi. E`tirozim bo`lmasa-da, fikrimcha, san`atkorning kimningdir ijro yo`nalishiga taqlid qilishi, noto`g`ri. Negaki, men ham o`z yo`nalishimni topgunimga qadar, ko`p mehnat qildim, izlandim. Qolaversa, o`zim ham har kimga muxlislik qilavermayman.

Xo`sh, siz muxlislik qiladigan san`atkorlar kim?

— O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva ijodini hurmat qilaman. Sevara Nazarxon, Kumush Razzoqova — men qo`shiqlarini sevib tinglaydigan san`atkorlarim.

— «Qani» nomli taronangiz haqida so`z ochdingiz. Klipida professional bokschi Ruslan Chagaevning ishtirok etgani rostmi?

— Ha! Kechagina shu haqida instagram sahifam orqali ma`lum qildim. Tamoman yangicha talqinda suratga olingan klip. Ammo syujeti haqida aytolmayman, sir bo`la qolsin. Yaqin kunlarda video ketma-ketlikni muxlislar e`tiboriga havola qilamiz.

Kliplar tugul teleloyihalarda ham o`ylanib ishtirok etadigan Chagaevni hamkorlikka qanday ko`ndirdingiz?

— (kulimsirab) Ruslan bilan do`stmiz. Bir-birimizga «Oshna» deb murojaat qilamiz. Vodiy taraflarda, do`stlar bir-birlarini shunday chaqirisharkan. Ruslan AQShda yashaydi, klipda suratga tushish uchun taklif qilib, unga ssenariyni jo`natdim. Rozi bo`ldi. S`yomka ishlaridan so`ng yana AQShga uchib ketdi. Qolgani klipni tomosha qilib bilib olasiz.

Shahlo, milliy yo`nalishda ijod qilmay qo`yganingizning sababiga qiziqsam?

— Milliy yo`nalishni unutib qo`yganim yo`q, Lola opamning «Bolicha» nomli qo`shiqlarini qayta ijro etmoqchiman. Asli bu ashulani tanlovlarda ko`p bora kuyladim. Endi bo`lsa, o`z talqinimda havola qilaman.

Opangiz Lola Ahmedova bilan birga duet kuylamoqchi edingiz?

— Rejam hali ham o`z kuchida, biroq ko`nglimga yoqqan tarona chiqmayapti. Opam singari men ham sifatli ijod maxsuli tarafdoriman. Shu bois ikkimizga ham ma`qul tarona bo`lsa, albatta, duet kuylaymiz.

Prodyuseringiz hali ham onangizmi yo alohida ijod qilyapsizmi?

— Onam hamisha yonimdalar. Prodyuserlik vazifasi ham u kishining zimmasida.

Ishda ona-bola munosabatlarining ta`siri seziladimi?

— Avvallari oz-moz sezilib turar edi, hozir bo`lsa, ulg`aydim, faqat yaxshi taraflarini ko`ryapman. Onam, ish jarayonida meni koyib berishlari, hammaning oldida yo`l-yo`riq ko`rsatishlari mumkin edi. Yosh bo`lganimgami, volidamning so`zlaridan xafa bo`lib qolar edim. «Iltimos, hammaning oldida meni urishmang», derdim. Іozir esa onam menga to`liq ishonadilar. Kliplarim uchun g`oyani o`zim ishlab chiqaman, tanlov ixtiyorini o`zimga topshirib qo`yganlar. Onam hamisha yonimda bo`lishining afzalliklari ko`p. S`yomka paytlari hech kim sizga onangizchalik qayg`urmaydi. Ba`zan qor-yomg`irda soatlab ishlashimizga to`g`ri keladi. O`zimga qolsa-yu, e`tibor bermasligim mumkin, ammo onam «Ovqatlanib olishi kerak, charchab qoladi. Sovuqda turib qoldi, isinib olsin», deya tashvishimni qiladilar. Yaratganga shukr, shunday paytlarda volidamning yonimda ekanligidan xursand bo`laman.

Ana endi siz haqingizda tarqalgan mish-mishlar haqida so`rasam. Sanjar Xoliqov bilan o`rtangizda nima bor?

— Sanjar bilan 2013 yilda tanishganmiz va shundan beri do`stmiz. Vaqti-vaqti bilan uchrashib turamiz, tadbirlarda birga ishtirok etamiz. Ovoz yozish studiyalarida birga ijod qilishimiz mumkin. Shu choqqacha hech kim do`stligimizga shubha qilmagan. Sanjar ham ijod qila boshlagach, ikkimizni birga ko`rganlar buni muhabbatga yo`yishdi. Jahongir Poziljonov rejissyorligida suratga olingan filmga ikkimiz birga saundtrek kuyladik, so`ng qaysidir tadbirga birga tashrif buyurdig-u, gap-so`zga qoldik. Aslida esa Sanjar bilan o`sha-o`sha do`stmiz. Іa-ya, yana bir voqea, Barsa futbol jamoasiga muxlislik qilaman. Shu munosabati bilan opam Zulayho ikkimiz Barselonada bo`lib qaytdik. Mendan keyin Sanjar ham Barselonaga borgan va u erda qo`shig`iga klip suratga olingan. Safarda tushilgan suratlarni istagramga ketma-ket joylashimiz, tasodif asli, biroq shundan keyin «Ikkisi birga Barselonaga borib kelibdi» degan mish-mish bolaladi.

Bundan chiqdi, Sanjar bilan do`stsiz, xolos?

— Do`st va ijodiy hamkormiz. Duet ustida ishlayapmiz.

Muhabbat?

— Yo`q! Bo`lishi ham mumkinmas!

Xo`p yaxshi, qo`lingizni so`rayotganlar ko`p bo`lsa kerak, atrofingizda?

— (kulisirab) Іa... Ammo turmush qurish haqida bir nima deyolmayman. Іammasi o`z vaqti-soati bilan amalga oshadi.

Sizni ko`pchilik o`ziga bino qo`ygan qiz, deydi. Mana, kulishib suhbatlashyapmiz-ku?

— Buni o`zimga ham ko`p aytishadi. Ammo kibrli emasman. Shunchaki, kirishimli bo`lolmayman, xolos. Іatto, biror tadbirda ishtirok etsam-u, atrofimdagilarni tanimasam, yolg`iz qolib ketsam ham qo`shilib ketishim qiyin. Onam kichikligimdan ehtiyotkorlikka o`rgatgan. Qolaversa, xarakterimga ko`ra vazminman. Shovqin-suronni yoqtirmayman, bo`sh vaqtimni oilamiz davrasida, o`zim uchun osoyishta muhitda o`tkazishni istayman.

Hamkasblaringiz davrasida kam bo`lishingizning boisi shu ekan-da?

Tadbirlarda san`atkorlar bilan tez-tez ko`rishib turamiz. Barchasini hurmat qilaman. Vaqtim tig`izligi, rejalarim ko`p bo`lgani bois ishimni tamomladimmi, yaqinlarim oldiga shoshilaman.

Kirishmli bo`lishni istarmidingiz?

— Albatta, balki kun kelib, xarakterim o`zgarar, bu kamchiligim ham to`g`rilanar.

Har birimiz o`zimiz uchun qulayini tanlaymiz. Suhbat uchun rahmat!

— Sog` bo`ling!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar