1

TOShKENTDA O`ZBEKISTON XALQ ARTISTI YaYRA ABDULLAEVA IJODIGA BAG`IShLANGAN KEChA BO`LIB O`TDI

Madaniyat 26.12.2017, 17:49
TOShKENTDA O`ZBEKISTON XALQ ARTISTI YaYRA ABDULLAEVA IJODIGA BAG`IShLANGAN KEChA BO`LIB O`TDI

Teatr shunchaki sahna emas, balki jonli ko`zgu. Ko`zgu tashqi ko`rinishimiz va undagi kamchiliklarni ko`rsatsa, teatrda aktyorlar turli obrazlar orqali fe`l-atvorimiz, turmush-tarzimizdagi nuqsonlarni, insonlarning asl qiyofasini ochiq-oydin namoyon etadi. San`atkorlar ijro etayotgan obrazlar orqali o`zimizning kichik olamimizdan chiqib, atrofimizda yuz berayotgan, ammo biz ilg`amagan hayot haqiqatlarini, turmushning past-balandini anglaymiz.

Bu jihatlar O`zbek Milliy akademik drama teatri taniqli namoyandasi – O`zbekiston xalq artisti Yayra Abdullaeva ijodiga bag`ishlangan kechada qayd etildi. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san`at namoyandalari, yozuvchilar, shoirlar, dramaturglar, yoshlar qatnashdi, deb ma`lum qildi O`za.
Yayra Abdullaeva ko`plab sahna asarlarida bosh rollarni ijro etgan. “Qutlug` qon”da Gulnor, “Boy ila xizmatchi”da Gulbahor, “Mirzo Ulug`bek”da Gavharshodbegim kabi obrazlarni etuk va professional darajada ijro etib, o`zbek teatr san`ati tarixida o`ziga xos o`rin egallagan aktyorlardandir.

Shuningdek, Ya.Abdullaeva kinoda yaratgan Gulbahor, Dildor, Ra`no, Saodat va boshqa obrazlar yorqinligi, jozibasi bilan alohida diqqatga sazovordir. Bu obrazlar talqinida ham aktrisa ijodining o`ziga xos muhim individual qirralari ko`zga tashlanib turadi.

– Halol mehnat qilish, kamtarlik, san`atkor sha`niga dog` tushirmaslik singari odatlar Yayra opaning ajralmas fazilatlari hisoblanadi, – deydi O`zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O`zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. – Ustoz san`atkor ijro etgan qahramonlar quvonsa kulib, yig`lasa g`amga botadigan tomoshabinlar ko`p. Sababi – ijodkor rolni o`ta ta`sirchan, bor vujudi bilan ijro etadi. Shu bois u ijro etgan rollar doim tomoshabinlar olqishiga sazovor bo`lib kelmoqda.

Ijodiy kechada «O`zbekkino» Milliy agentligi tomonidan ustoz aktrisa hayoti va faoliyatiga oid hujjatli film namoyish etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1