Rossiyaning Kirov viloyatida yashovchi erkak uch yoshli o`gay o`g`lini qahraton qishda yalangoyoq ko`chaga haydadi, deb xabar berdi Ntv.ru nashri.
Bolaning yig`isini eshitgan qo`shnilar “Tez yordam” xizmatiga qo`ng`iroq qilishdi. Feldsherlar sovuq o`tgan, yalangoyoq va maykada bo`lgan bolani issiq adyolga o`rab, qaynoq choy berishdi. Shundan keyingina bola o`ziga keldi. Ma`lum bo`lishicha, uni o`gay otasi 15 daraja sovuq bo`lgan ko`chaga haydagan.
Huquq-tartibot idorasi xodimlari bolaning o`gay otasi mast bo`lganligi uchun undan tushuntirish xati ololmadi. Erkakning o`zi ilgari narkodispanserda hisobda turganligini tan oldi. Aniqlanishicha, voqea yuz bergan vaqtda bolaning onasi uyda bo`lmagan. U hamshira bo`lganligi sababli kasalxonada navbatchilikda bo`lgan.
Qo`shnilarning ma`lumot berishicha, bola tug`ilgandayoq otasi tashlab ketgan, uni onasi yolg`iz katta qilgan. O`tgan yili ayol boshqa odamga turmushga chiqqan. Avvaliga o`gay o`g`liga nisbatan munosabati yaxshi bo`lgan. Polisiyachilar uning nima sababdan bolaga munosabati o`zgarib qolganligiga aniqlik kiritmoqda.






