"KUNUTUN" nashri ijodkorlari yangi yil oldi Shoshqaloq Nigora va etti o`lchab bir kesadigan Oybek farzand tarbiyasi, yangi yil orzusi va kelayotgan yil uchun rejalari haqida suhbatlashdi.
- Ijod va hayotda bir-biringizni qanchalik tushunasiz?
- Oybek: Juda ham yaxshi tushunamiz. Nimagaki, uzoq yillardan beri birga ijod qilib kelmoqdamiz. Sahnada ham, hayotda ham bir-birimizni ko`z qarashimizdan tushunamiz, nima istayotganimizni bilib olishimiz mumkin. Bir so`z bilan aytadigan bo`lsam, inson bir-birini qiyin vaziyatlarda, umuman har qanday holatda tushunishga harakat qilsa, shundagina haqiqiy baxtga erishadi.
- Nigora: Kasbdosh sifatida ularni yaxshiroq tushunaman. Chunki hamkasb sifatida o`zim bemalol tushunmagan narsalarimni ulardan so`rab, bilib olishim mumkin. Hayotda esa, misol uchun qoshlar chimirilganda nimani noto`g`ri qilib qo`yganimni tushunmay qolaman. Keyin sababini tushunishga harakat qilaman.
- Biror qaror qabul qilishda qaysi biringiz shoshqaloqsiz?
- Nigora: Albatta, men. Hamma narsa juda tez bo`lishini xohlayman. Biror joyga borishimiz kerak bo`lsa ham aynan kelishilgan vaqtda etib borishga harakat qilaman. Lekin shoshganimdan nimadir esimdan chiqib qoladi va ortga qaytamiz. Baribir kech qolamiz-da (kuladi). Qaror qabul qilayotganda ham shunday. Bo`ldi mana shu ishni qilamiz, deyman-da. Keyin o`ylaganimdek bo`lmasa, oxirigacha tahlil qilmaganimni tushunib, attang qilaman. Natijada turmush o`rtog`imning gaplariga quloq tutaman. Bular etti o`lchab, bir kesadilar.
- Oybek: Insonda har xil vaziyat bo`ladi-da. Ba`zan chuqur o`ylab keyin, ba`zida tezroq biror qarorga kelish kerak bo`ladi. Shunday bo`lsa-da, ko`pincha o`ylab qaror chiqaramiz.
- Jahlingiz chiqqanida nima bilan uni engishga harakat qilasiz?
- Nigora: Turmush qurmasimizdan avval, bor alamimni bulardan olardim. Hozirda jim turaman. Sukut bilan engishga odatlanganman. Inson olti sekund sukut qilsa, xovuridan tushadi, deyishadi. Haqiqatda shu rost. Keyin farzandimiz bilan o`zimizni chalg`itamiz.
- Oybek: Avvalo bir-birimizga jahl qilmaslikka harakat qilamiz. Har qanday vaziyatda ham.
- Urushib qolsangiz kim birinchi uzr so`raydi?
- Oybek: Odatda biz janjallashmaymiz. Urushish ham oddiy kelishmovchilik bo`lishi mumkin. Bu tabiiy hol, albatta. Lekin uzr so`rash, ma`lum muddat gaplashmay qolish kabi holatlargacha etib bormaydi. Ilohim oxirigacha shunday bo`lsin.
- Kitob o`qishdan to`xtagan inson fikrlashdan ham to`xtaydi, deyishadi. Bu fikrga sizning munosabatingiz.
- Oybek: Haq gap. (Uzoq sukutdan so`ng...) Oxirgi marta qachon kitob o`qiganimni eslay olmayman. Odatda internet orqali yangiliklarni o`qib boraman. Lekin kitob o`qish niyatim bor.
- Nigora: Kun bo`yi ishda bo`lib, kech uyga qaytganda, ko`proq farzandim bilan shug`ullanaman. Biror nima o`qishga vaqtim bo`lmaydi. Lekin bular kitob bo`lmasa ham, internet orqali dunyo va jahon yangiliklaridan doimiy xabardor bo`lib turadilar va menga etkazadilar. O`zim vaqtim bo`lganda ko`pincha rus tilidagi turli romanlarni o`qiyman.
- Farzand tarbiyasida ko`proq nimalarga ahamiyat qaratasiz?
- Nigora: Bola xato qilsa, unga baqirib emas, aksincha yumshoqlik bilan tushuntirsangiz, u albatta sizni tinglaydi. To`g`ri, farzandimiz hali yosh, unga bu usulni qo`llash biroz g`alati bo`lishi mumkin, lekin bolani kichikligidanoq shunga o`rgatish kerak, deb hisoblayman. Shirin muomala baribir o`z natijasini beradi. Imronda buni sinab ham ko`rdim. Sho`xlik qilsa, sal ovozimni ko`tarib do`q ursam, qilayotgan ishini takrorlayveradi. Keyin yaxshi gap bilan tushuntirsam, darrov quloq soladi.
- Oilada qaysi biringiz qattiqqo`lsiz?
- Nigora: Men (kuladi). Bular ko`pincha bolani erkalatish bilan ovora bo`ladilar.
- Bolaga ertak kitob o`qib berasizmi?
- Nigora: Ertak kitob o`qib berishga, menimcha sal erta. Lekin ertakning bosh qismi, ya`ni bor ekan-da, yo`q ekan deyishim bilan Imron sergak tortadi. Ko`pincha qo`shiq xirgoyi qilib beramiz.
- Oybek: Hozircha multfilmlarni mazza qilib ko`radi.
- Bolangizning parvarishi va tarbiyasi bilan ko`proq kim shug`ullanadi?
- Oybek: Ikkalamiz birgalikda qarashga harakat qilamiz. Lekin biz ishda bo`lganimizda xolasi qarab turadi.
- Tasavvur qiling, vaqt o`n yil ortga qaytdi. Bosib o`tgan yo`ldan qayta harakatlanarmidingiz yoki boshqa yo`lak tomon ketishingiz ham mumkinmidi?
- Nigora: To`g`ri, har bir insonda bo`ladi: voy mana bu ishni qilolmadim, bunga ulgurmading. Lekin o`ylab ko`rsak, qolgan ishlarning ham o`ziga xos yaxshi tarafi ham bo`ladi. Menimcha xuddi shu yo`lni bosib o`tgan bo`lardim. Lekin boshqa yo`ldan ketasan-u, ammo shu turmush o`rtoq, shu farzanding bo`ladi deyishsa, balki boshqa tomondan ketardim.
- Oybek: Men ham rafiqam fikriga qo`shilaman. Menimcha bosib o`tgan yo`limiz yomon emaski, biz qayta harakatlansak. Aytishadiku, hamma narsa yaxshilikka deb.
- O`zingizni xonandalikdan boshqa kasbga tasavvur qilib ko`rganmisiz?
- Nigora: Xonanda bo`lishdan, avval bog`chada tarbiyachi vazifasida ishlaganman. Nazarimda shu vazifani zo`r eplayman. Chunki bog`chaga borganimda bolalar meni xursandchilik bilan qarshilardi. Ketayotganimda, hattoki bir-ikkitasi yig`lardi ham. Bolalarni juda yaxshi ko`raman.
- Oybek: Avvallari shu ma`noda savol berilsa, hazil tarzida kosmanavt, deb javob berardim. Ochig`ini aytsam, ovqatni yaxshi pishiraman. Ba`zida oshpaz bo`lib ketgim keladi (kuladi). Balki oshpaz bo`lardim.
- Bir-biringizga yolg`on gapirib turasizmi? Qanday vaziyatlarda?
- Nigora: Ba`zan bularni yolg`on gapirishlarini bilib qolaman. Qachon yolg`on gapiradilar, parxez tutayotgan vaqtlarida (kuladi). To`g`risini ayting mana buni edingiz-a, desam, yo`q, deb turib oladilar. Men ham yolg`on gapirib turaman, faqat qaysi vaziyatlarda ekanini aytmayman (kuladi). Yaxshilikka bo`lsa, yolg`on gapirib turaman.
- O`zaro sirlaringizni yana boshqa birov bilan bo`lishasizlarmi?
- Oybek: Yo`q.
- Nigora: Yo`q. Oramizdagi kichginagina sirni ham o`zimizdan boshqa hech kim bilmasligi mumkin. Hattoki onalarimiz ham. Shu darajada bir-birimizga ishonib, sirlarimizni aytamiz.
- Nigora doimiy murojaat qilib turadigan stilist va dizayneringiz bormi?
- Doim bitta dizaynerga murojaat etaman deb aytolmayman. Sababi har bir dizaynerni ba`zida vaqti bo`ladi, ba`zida yo`q. Murojaat qiladiganlarim Gulchehra Yunusova GIGU brendi asoschisi, Dilnoza Umrzoqova va boshqalar. Doimiy stilistim deb, uch-to`rt yildan buyon boradigan Iroda opani (@irowa) aytishim mumkin.
- Oybek sizning imidjingiz ustida kimdir ishlaydimi?
- Kiyinish borasida Nigora ko`proq maslahat beradi. Soch turmagimni esa «Akmal Tamo»dagi kichik Akmal akaga ishonib topshirganman.
- Bugungi Nigora ko`rinishi jihatidan avvalgisidan ancha farq qiladi. Bu imidjingiz ustida kim ishlagan? Yoki shaxsiy tanlovingizmi?
- Asosiy o`zgarish turmushga chiqqanimdan so`ng bo`ldi. Xomiladorlik davri qiyin kechdi. Juda katta vazn yo`qotdim. Shu sabab menimcha tashqi ko`rinishim ancha o`zgardi. Avvallari ko`p aytishardi: semizsiz, ozing, parxez tuting. Harakat qilardim-u, ammo uddasidan chiqolmasdim. Hech qanday jarrohlik operasiyasi bo`lmagan.
- Bugungacha erishgan eng katta muvaffaqiyatingiz nima?
- Oybek: «Nihol» davlat mukofoti, mana 2015 yilda «E`tirof»ni oldik. Nazarimda ijoddagi eng katta yutuqlarimiz shular.
- Nigora: Hayotda esa bir-birimizga erishdik, farzandimiz bor. Baxtli hayot kechirayotganimiz. Mana shular eng katta muvaffaqiyatlarimiz.
- Fikr va qarashlaringiz bir-biringizga qanchalik monand?
- Oybek: Bir-biriga yaqin. Qiziqishlarimiz deyarli bir xil.
- Mana yangi yil ham yaqinlashmoqda. Aytingichi, bu yilda nimalarni rejalashtirib, ularning qay biri amalga oshdi?
- Oybek: Bu yil biz uchun zo`r keldi. O`tgan yillarga nisbatan. Bu yil ancha mehnat qildik, kliplar suratga olindi. Rejalashtirgan ishlarimizni ko`pini bajardik. O`zimiz kutgandan-da yaxshiroq bo`ldi. Kelayotgan yilga ham katta maqsadlar qo`yganmiz oldimizga. O`ylaymizki, niyatlarimiz albatta ro`yobga chiqadi.
- Nigora: Shaxsiy hayotda ham o`zimiz nima niyat qilgan bo`lsak, deyarli barchasiga erishdik.
- Kelayotgan yildan kutayotgan ilinjingiz?
- Oybek: Juda ko`p zo`r qo`shiqlar tayyorlab qo`yganmiz.
- Nigora: Juda ko`pchilik qachon yakkaxon konsert berasizlar deb so`raydi Bu yil amalga oshmay qolgan rejalarimizdan biri ham shu. Nasib etsa, kelayotgan yilda bu niyatimizga etamiz.
- Yangi yilni qanday nishonlaysiz? Oiladami yoki do`stlar davrasida? Oilaviy an`analar bormi?
- Oybek: Hamma bir joyga yig`ilib, soat 12:00 ga bong urishini kutib o`tirishning o`zi bir an`ana. Undan so`ng, do`stlarimizni ko`rishga shoshamiz.
- Nigora: Ayollarda bo`ladigan an`ana, shirin taomlar tayyorlash.
- Yangi yilni qanday kutib olishni rejalashtirgansiz?
- Nigora: Turmush qurishimizdan avval ham shu kuni xizmatlarda bo`lib qolardik. Lekin 12:00gacha uyga etib borishimiz kerak edi. Ammo bu yilni shoshmasdan, xotirjam uyda kutish niyatimiz bor.
- Oybek: Men har yili yangi yilda qor yog`ishini orzu qilaman.
- Chet elda kutishni orzu qilganmisiz?
- Oybek: New-Yorkda kutishni orzu qilaman.
- Nigora: Shu paytgacha biror joyga borib yangi yil kutishni niyat qilmagan ekanman. Lekin o`zimni uyimda, kamin atrofida, archalar bezatilgan, aynan shunday atmosferada kutib olishni xohlayman.
- Yangi yilni filmlar-u har xil tomoshalarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Aynan yangi yilda siz yoqtirib ko`radigan film?
- Nigora: Uch-to`rt yildan beri «Odin doma»ni («Uyda yolg`iz o`zi») barcha qismlarini ko`rgim keladi, lekin hech sharoit bo`lmayapti. Balki bu yil ko`rarman.
- Muxlislar uchun Yangi yil tilaklari.
- Oybek: Doimio sog` bo`lishsin. Nima niyatlari bo`lsa, barchasi ijobat bo`lsin.
- Nigora: Har doim oila davrasida hamma sog`-salomat bo`lib, birgalikda kutish nasib etsin.