«Rashk qilasanmi, qizg`onasanmi?..» mashhur qo`shiqning ushbu misralari barcha erkaklarning tilidan kuylangan, desak mubolag`a bo`lmasa kerak. Sababi inson qanchadir foizga bo`lsa-da, rashk qilishlarini istaydi. Xo`sh, bu nimaga kerak? Uning me`yori qancha? Ayol nimaga rashk qiladi? Balki bunda erkakning aybi bordir? Bugun xonanda Botir YaMINOV shu haqida gapiradi.
Juda foydali tuyg`u!
Har bir inson, ich-ichidan sevgan kishisi rashk qilishini xohlaydi. Chunki bu — uning o`ziga ishonchi va bahosini oshiradi. Ammo har ikki tomon ham me`yorni unutmasligi kerak. Huda-behudaga qizg`onaverib, sevgilisini xunob qiladiganlar ohir oqibat munosabatlarga putir etkazib qo`yishlari hech gap emas.
Rashk sevgidan dalolatmi?
Shaxsan o`zim ham vaqti-vaqti bilan ayolimning jig`iga tegib turaman... U esayonimizdan chiroyli qizlar o`tib ketsa yoki ko`hlikkaina ayol menga qarab qo`ygudek bo`lsa, «Ha, ko`z urishtirdingizmi?» deb qizg`onganini sezdirib qo`yadi. Albatta, bunday paytlarda chegarani bilishini qadrlayman. Chunki oila qurishimizdan avval fe`l-atvorimizni o`rganib, bir-birimizga moslashganmiz. Men ham o`z o`rnida faqat uni sevishimni, boshqasi kerakmasligini tushuntirganman.
Bir safar turmush o`rtog`imning sabrini sinaganim sira yodimdan chiqmaydi. Oila davrasida dam olish uchun restoranga bordik. Endigina toamlarni keltirishganida yonimizdagi stolga bir qiz kelib o`tirdi. San`atkorligim uchunmi yoki boshqa sababdanmi qiz bizdan ko`zini uzmasdi. O`sha payt rafiqamning ichki holati yuzida namoyon bo`ldi, desam adashmayman. Kattalar bilan bir erda o`tirganimiz uchun menga gapirolmay, faqat imo-ishoralar bilan nimalarnidir tushuntirib hunob bo`lgandi. Ammo uyga kelib, rosa alamidan chiqqan. Men esa uning rashkini to`g`ri tushunishga majbur bo`lganman...
Salbiy tomonlari ham bor...
Yuqorida rashkning faqat ijobiy jihatlari haqida gapirdim. Ammo sir emaski, haddan tashqari qizg`onish, hatto, oilaning buzilib ketishiga olib kelishi ham mumkin. Bunga hayotda ko`p bora guvoh bo`lganman. Istardim-ki, bu shirin tuyg`ular bilan oilalar faqat mustahkamlanib borsin.
RAShK QILMASA, SIQILAMAN
Bilasizmi, hozirgi aytmoqchi bo`lgan gapimni, hatto, ayolimning o`zi ham bilmaydi. Ba`zida u meni qizg`onmay qolsa, «Balki sevmay qo`ygandir yoki mendan hafamikan?» deb ko`nglim xijil bo`ladi. Shuning uchun ba`zi-ba`zida undan rashkni «so`rab oladigan» odatim ham bor. Ayol erining qaerga ketayotgani va qaerdan kelayotgani bilan qiziqmasa, juda og`ir botadi. Havotirlarini bizga ko`rsatishmaganida ham ich-ichimizdan o`ylanamiz.
DA`VOSI BOR
Aslida, ayollardan ko`ra erkaklarda rashk tuyg`usi kuchliroq. Bu xislat, ayniqsa, sharq erkaklariga xos. Rashk olovlanmasligi uchun ayollar ham turmush o`rtog`ining ishonchini oqlashi, uni sevishini bildirib turishlari kerak. Buni faqat gap-so`zlarda emas, harakatlarda namoyon etsalar ayni muddao. Mehr ko`rsatishlar, shirin-shirin taomlar shular jumlasidan. Shu o`rinda erkak ham, albatta, ayolining tashabbusiga javoban birgalikda vaqt o`tkazishga, faqat bayramlarda emas, oddiy kunlarda ham guldasta yoki shirinlik olib kelib, ko`nglini ko`tarishga harakat qilsa, olam guliston.
Aliya SULAYMANOVA






