YaNGI YILNING ILK KUNLARI...

Mutolaa 03.01.2018, 09:42
YaNGI YILNING ILK KUNLARI...

Sizning hukmingizga havola qilinayotgan voqealarning shaxsan o`zim guvohi bo`lmaganman. Eshitganlarim, ijtimoiy tarmoqlarda o`qiganlarim mahsuli ular. Ba`zilari olislarda ro`y bergan bo`lsa, ayrimlarini balki siz to`qima deb o`ylarsiz. Ammo bir haqiqat ayonmehr-muhabbatning chegarasi yo`q, yolg`oni ham...

Qorbobo aka

«Singlim boshqacha! Men unga qo`yilgan tashxisni yaxshi tushunmayman ham, umuman bu tibbiy atamani qo`llashni istamayman. U boshqacha va juda mehribon. To`g`ri, Sevara o`n yoshdan oshib qolgan bo`lsa-da, hamon mening ismimni bilmaydi, aka deb ham ayttira olmadik. Lekin bilaman, u meni hammadan ko`p yaxshi ko`radi. O`tgan kuni tumanimiz markazidagi archani tomosha qilishga olib bordim. Rosa archaning atrofida aylandi, keyin pufaklar sotayotgan amakiga termilib qoldi. Hali shar demasidan uning qo`lidan etaklab amaki tomonga bordim. O`zimga yoqqan pufakni sotib olayotsam, Sevara qo`limdan tortib, «Qorbobo», dedi-da, sariq rangli pufakka ishora qildi.

Amaki singlim uni Qorbobo deya chaqirdi deb o`ylab, o`zi pufakchani Sevaraning qo`liga tutqazdi. Mening esa ko`zlarim yoshlandi. U menga murojaat qilgandi. Ilk bora...

Yangi yil kuni Qorbobo bo`ldim. Birinchi Sevarani tabrikladim, u quvondi-yu, indamadi. Qizig`i, qo`shni bolakaylarning birortasi ham meni tanimadi. O`zim ham soqolni qalin qilib yopishtirib, ovozimni do`rillatib gapirdim-da. Sevara esa meni tanibdi. Balkim ko`zlarimdan, balkim ovozimdan, kim biladi deysiz ehtimol soqol yopishtirayotganimni ko`rgandir. Lekin men baribir xursandman! Axir endi meni Qorbobo deb chaqirayapti... Ha, mening ismim endi Qorbobo!»

Shirin mehr

«Bayramdan keyin savdo uncha yaxshi bo`lmaydi. Bozorimiz bayram oldi qaynaydi-da. Hatto, Yangi yil kuni ham qo`limiz-qo`limizga tegmay ishlaymiz. Keyin bir-ikki kun suv quygandek jimlik. Chunki odamlar shunchalik ko`p narsa g`amlab olishadiki, keyin katta oynavand do`konimizga bir-ikki odam kirmasa, aytarli hech kim kelmaydi. Behafsala, qolaversa, charchoq bilan kassada o`tirarkanman, xaridorimning bolasi injiqlik qilayotgani ham kayfiyatimga ta`sir qildi. Bolakay nuqul shokoladga qo`l cho`zar, onasi esa uni ovuta olmay ovora edi.

— Kutilmaganda mehmonlar kelib qolgandi, shunga qiymaga shoshib chiqqandim, ortiqcha pul olmabman, — xijolatomuz gapirdi ayol.

Indamadim. Shunaqa paytda bolasini uyga tashlab chiqishsa-da, degan fikr o`tdi xayolimdan. Ayolning plastik kartochkasidan pulni echarkanman, oldimda mingtaliklar paydo bo`ldi.

— Xola, anuv shokoladingizdan obering, — dedi chamasi etti yasharlar qiz bidirlab.

Obbo, navbatda tursa bo`lmaydimi degan o`yda, pulini sanadim-da, shokoladni tutqazdim. Tag`in u ham yig`lay boshlamasin.

Ne ajabki, sochlari qo`ng`iroqdek qiz bolakayga shokoladni tutqazdi-yu, «Yig`lamagin», deya shoshib yana do`kon ichiga yugurib ketdi. Onasi ham, men ham lol bo`lguncha qoldik. Bolakay esa «Rahmat» degancha shokoladni paqqos tushira boshladi...»

Mandarinli orzu

«Uyga kirishim bilan dimog`imga mandarin hidi urildi. Paltomni ilgichga ila turib, mehmonxonaga qaradim, turmush o`rtog`imning bir qo`li va stoldagi mandarin po`choqlari ko`rindi. Mehmon keldi, shekilli. Yoniga o`tib salomlasharkanman, kayfiyati chog`ligidan ko`nglim yorishdi.

— Mandarinxo`rlikka marhamat, madam! — erim qo`limga bitta meva tutqazdi.

— Buncha mandarinlarni kim olib keldi? — Umid akaning kayfiyatini chog` qilgan mehmon kim ekan degan savoldan qiziquvchanligim oshib ketardi.

— O`zim, — erim shunday deya mevani pallalarga ajratmay shundoq tishladi. U shunaqa eyishni xush ko`radi.

Nima deyishni bilmay qoldim. «Rostanmi?» desam, og`ir botsa...

— Bugun birinchi qavatdagi yigitning noutbugini tuzatib berdim. Evaziga mandarinli bo`lib oldim, — Umid aka xayollarimni uqqandek gapirdi.

Umid aka bir yil oldin, bayram kunlari avtohalokatga uchragandi. Bir necha operasiyani boshdan kechirdik ham, yura olmayapti. Shifokorlar esa hali hammasi yaxshi bo`ladi, desa ham shu yil bayramni juda tushkun qarshiladik. Bugun internetga kirib e`lon yozib qoldiribdi, texnik vositalarni tuzatishi haqida, birpasda o`zimizning «dom»dan mijoz ham topilibdi.

— Yangi yil yangi omadlar olib keldi! Qara, tuppa-tuzuk usta ekanman, — erim shunday deya po`sti archilgan mandarinlarni pallaga ajratmasdan eya boshladi... Zavqlanib, umidlanib...»

Shoira ShAGIAHMEDOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1