Toshkent to`qimachilik va engil sanoat institutida “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Xalq ta`limi, Madaniyat vazirliklari va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida «Mahalla – mening taqdirimda» ko`rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi o`tkazildi. Bu haqda O`zA ma`lumot bermoqda.
“Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!” shiori ostidagi ushbu tanlovning tuman bosqichida saralangan 11 jamoa mahalla hayoti, tarixi, milliy g`oya, ma`naviyat asoslari va boshqa tushunchalar doirasida o`z bilim va ko`nikmasini namoyish etdi.
“Mahalla – mening taqdirimda” ko`rik-tanlovi uch bosqichli tizimda o`tkazilib, unda umumta`lim maktablarining yuqori sinflari, kasb-hunar kollejlari va akademik liseylarda tahsil olayotgan o`quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Tanlovning mahallalararo saralash bosqichi 493 fuqarolar yig`ini jamoalari o`rtasida o`tkazildi. Unda uch mingdan ortiq yosh qatnashdi. Tanlovning tuman bosqichida esa poytaxtimizdagi mahalla fuqarolar yig`inlarining 93 jamoasi bilimlarini sinovdan o`tkazdi.
Tanlov natijalariga ko`ra, Olmazor tumanidagi «Umid» mahalla fuqarolar yig`inining «Umidimiz yulduzlari» jamoasi birinchi, Yashnobod tumanidagi «Ko`ksaroy» mahalla fuqarolar yig`inining «Istiqlol» jamoasi ikkinchi, Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomli mahalla fuqarolar yig`inining «Kelajak bunyodkori» jamoasi uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi.
G`olib va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.
05.01.2018 11:39
POYTAXTNING ENG YaXShI MAHALLALARI NOMI E`LON QILINDI






