1

YaLTIRAGAN HAR NARSA OLTIN BO`LAVERMAS EKAN...

Mutolaa 05.01.2018, 11:52
YaLTIRAGAN HAR NARSA OLTIN BO`LAVERMAS EKAN...

Oilada to`rt farzand edik: uch opam va men. Uch qizdan keyin dunyoga kelganim sababmi, yoki bitta o`g`il bo`lganim boismi, xullas, uyimizda hamma mening ko`nglimga qarardi.

O`n oltiga kirgunimgacha erkatoy bo`lib yurdim. Rahmatli otam men uchun hamma narsani muhayyo qilardi. Sovuq qish kunlarining birida otam yurak xuruji tufayli to`satdan olamdan o`tdi. Bu ko`rgulikdan anchagacha o`zimga kelolmay yurdim. Nima bo`lganda ham ko`nikishga majbur edim.

Onam va opalarimni o`ylab, oz bo`lsa-da, ro`zg`orga foydam tegsin, deb o`qishdan so`ng qarindoshimizning do`konida sotuvchilik qila boshladim. Uch yil ko`z ochib yumguncha o`tib ketdi.

Kollejni tamomladim. Institutga hujjat topshirish o`rniga ijaraga do`kon oldim. Ikki yil deganda o`zimizni tiklab oldik. Endi hayotimiz ancha yaxshi tomonga o`zgara boshladi.

Shu orada Shohista opamni turmushga berdik. So`ng onam va qarindoshlar meni uylantirish payiga tushib qolishdi. O`zimga qolsa hali bir-ikki yilsiz uylanish niyatim yo`q edi. Biroq, onamning «Ko`zim ochiqligida nevara suyishni hohlayman. Qachongacha kelishingni kutib, zerikib o`tiraman. Otang rahmatli bo`lganida allaqachon uylantirib qo`yardik» degan gaplaridan keyin rozilik berdim.

Uydagilar va qarindosh-urug` qiz izlashga tushishdi. Mana endi hayotning shirin, shu bilan birgalikda anchayin jiddiy va mas`uliyatli daqiqalari boshlanayotgandi. To`g`ri-da, bir umr birga yashaydigan tan mahram, yo`ldosh tanlash masalasi, menimcha, har qanday manaman degan yigitni o`ylantirib qo`ysa kerak. Menga yoqqaniga o`zim ma`qul kelmayman yoki uydagilari berishmaydi. Xullas, qiz qidirib, ikki-uch oy ovora bo`ldik.

Va nihoyat, onamning dugonasi Rahima holaning qo`shnisi Nafisa ismli qiz bilan bir-birimizga ma`qul keldik. Hijob o`ragan, oppoqqina bu qiz birinchi ucharashuvdayoq menga yoqib qoldi. Uning hijobda ekanligidan iboli, hayoli, oqila qiz bo`lsa kerak deb o`yladim. Hatto, suyunganimdan o`z baxtimni topib bergani uchun Rahima xolaga to`yimizda boshdan-oyoq sarpo qilishga va`da berdim. Shu tariqa ne orzu-umidlarda to`y qilib, elga osh berdik. Bir oylarcha baxtli hayot kechirdik.

To`ydan bir oylar chamasi vaqt o`tgach, Nafisa turli arzimagan bahonalar topib, janjal chiqara boshladi. Menga va onamga bo`lgan munosabati yomon tomonga o`zgaraverdi. Bora-bora bizni hurmat qilmay qo`ydi. Hatto, uy ishlarini ham butunlay onamga yuklaydigan bo`ldi.

Men-ku mayli, lekin onamga qilgan munosabatini ko`rib, u bilan ajrashishga qaror qildim. Shu paytgacha ko`zimga og`ir-vazmin, iboli, hayoli bo`lib ko`rinib yurgan bu «hijobli farishta» aslida niqobdagi yalmog`iz ekanligini ko`rsata boshladi.

Bir-ikki marta ota-onasini chaqirib, vaziyatni yotig`i bilan tushuntirdik. Ular ham qizlarini koyib, maslahat berib ketishdi. Axir, har bir ota-ona farzandining baxtini istaydi. Biroq urinishimiz foyda bermasdi. Nima qilishni bilmay, boshimni changallagancha o`yga tolardim.

Bir kuni Nafisa bilan ajrashishga, ortiq o`zimni ham onamni ham qiynamaslikka qaror qildim. Biroq, onamning «Sabr qil o`g`lim insof berib, o`ziga kelib qolar, mahalla-kuy oldida meni sharmanda qilma» deya ho`ng-ho`ng yig`lashi Nafisa bilan ajrashishga imkon bermadi.

Onam bechora mening peshonamga ajrashgan degan tamg`a yozilishidan qo`rqib yashardi. Shuning uchun kelinidan qanchalik zug`um ko`rmasin, hammasiga chidardi. Nafisaning harhashalariga chidash, hatto, erkak bo`la turib ba`zida menga og`irlik qilardi.

Bu hayotning sinovi ekanligiga, hali hammasi iziga tushib ketishiga ishonib Nafisa bilan salkam uch yil yashadim. Shu orada qizim Nigina tug`ildi. Uning tug`ilishi oilamizga quvonch olib keldi. Onam ham, men ham bundan benihoya suyundik. Endi Nafisaga insof kirib qolar, deb o`yladik.

Yo`q, bunday bo`lmadi, u meni va onamni behurmat qilgani kabi o`z farzandi, ya`ni qizimiz Niginani ham qadrlamas, unga mehrsiz edi. Jigarbandiga bu qadar bee`tibor va mehrsiz onani birinchi marta ko`rishim. Bo`ldi ortiq sabrim etmasdi. U bilan ajrashishga qaror qildim, onamga ham yotig`i bilan tushintirib, vaqt borida Nafisa bilan orani ochiq qilish kerakligini, keyin kech bo`lishi mumkinligini uqtirdim. Shunday qilib, Nafisa bilan ajrashdim.

Uning qizimizga bo`lgan salbiy munosabati yuzasidan sudga ariza berib, Niginani o`zim bilan olib qoldim. Nafisa onalik huquqidan mahrum etildi. Lekin u bundan zarracha ham achinmadi, tushkunlikka ham tushmadi. Hatto xursandchiligini yashirmay, sud zalidan «Endi erkin qushman, bilganimday yashayman» deya kulib chiqib ketdi.

Insoning tashqi ko`rinishiga, kiyinishiga qarab baho berib bo`lmasligi mening hayot yo`limda o`z isbotini topdi. Tashqi ko`rinish aldamchi bo`lishiga yana bir bor amin bo`ldim. Zero, «yaltiragan har narsa ham oltin bo`lavermaydi» degan maqol bejiz aytilmas ekan.

Boshimga tushgan ko`rgiliklarni hech bir yigitga ravo ko`rmayman!

Asqar Nosirov,

Toshkent shahri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1