1

O`RINSIZ RAShK IZTIROBI

Mutolaa 05.01.2018, 15:33
O`RINSIZ RAShK IZTIROBI

RUSTAM JABBOROV

Inomjon tanish darvoza qarshisida to`xtab, bir muddat nima qilarini bilmagandek, qotib turdi. Keyin jur`atsizgina yog`och eshikni bir-ikki chertdi. Ichkariga allanechuk sarosima ila quloq tutdi. Javob bo`lavermagach, yana bir-ikki chertkiladi. Keyin esa o`g`lining otini aytib chaqirmoqqa chog`landi:

- Zafar, o`v Zafar! Zafar!

«Qiziq, qaerga ketishdiykin?, - o`yladi Inomjon ichkaridan hech kim chiqavermagach. - Biror joyga ko`chib ketishdimikin?»

Yana bir zum noumidgina darvoza oldida turgach, engil xo`rsinib qo`ygancha, ortiga burildi. Uch-to`rt qadam yurildi. Mirodil aka-ku! Dilafruzlarning devor-darmiyon qo`shnisi, er-xotinning o`rtasiga sovuqlik tushishiga, hatto ajrashib ketishiga sabab bo`lgan odam!

Inomjon indamay yo`lida davom etmoqchi bo`ldi-yu, nimalarnidir mulohaza qilib, to`xtadi. Mirodil bilan noxushgina salomlashdi:

- Ha, Inomjon! Nechuk? Bu tomonlarga qaysi shamol uchirdi?

Inomjon so`roq zamiridagi kinoyani payqab, ichidan ijirg`anib qo`ydi: «Bir kamim senga hisobot berib o`tirishim qoluvdi».

- Shunchaki, - dedi bu uchrashuv o`ziga xush kelmayotganini yashirmay, - bir qarab o`tay, degandim.

- Uch yil deganda, esingizga tushdimi, - so`radi Mirodil qosh chimirib, keyin istehzoli iljaydi. - Aytgancha, siz endi ularga begonasiz-ku! Yo`qlab o`tirmasangiz ham birov sizni ayblamasdi.

Inomjon ortiq chidab turolmadi:

- Birov meni ayblaydimi-yo`qmi, bu bilan necha pullik ishim bor? Ular qayoqqa ketishgan, bilmaysizmi?

Shu savolning javobi kifoya, shu bilan birga raqiblardek boqib turgan ikki kimsa o`rtasidagi tasodifiy uchrashuv xotima topar edi. Lekin Mirodil negadir u bilan darrov xayrlashishni istamadi shekilli:

- Sizga buning nima qizig`i bor? - deya mujmal javob qaytardi. Undan tuzukroq gap chiqmasligini anglagan Inomjon ters burilib ketmoqchi bo`lganida, Mirodil uni to`xtatdi:

- Shoshmang, sizda gapim bor. Yuring uyga kiramiz.

Inomjon beixtiyor unga tomon uch-to`rt odim tashladi:

- Yo`q, shoshib turuvdim. Shu erda gaplashaveraman.

Mirodil kutilmaganda gap ohangini tamoman o`zgartirdi:

- Siz bilan ancha-muncha narsani gaplashib olishimiz kerak. Yuravering uyga. O`zim sizni qidirib topmoqchi bo`lib yurgandim.

Uning so`zlaridagi sirli ohang Inomjonni sergak torttirdi. Indamay Mirodilga ergashdi.

Uy egasi uni chog`roqqina mehmonxonaga boshladi. Ikkalasi ham ko`rpacha ustiga cho`karkan, yuzlariga odat yuzasidan engilgina fotiha tortishdi. Inomjon «Xo`sh, nima gaping bor, aytaver!» degandek mezbonga yuzlandi. U esa buni sezmaganga olib, tashqariga yo`naldi.

«Haliyam o`sha-o`sha, - o`yladi Inomjon uning ortidan tikilib qolarkan, - sirli va sovuq. Hayotimni shu odam zaharladi. Balki... o`zimni ham zaharlamoqchidir».

Inomjon hayoliga kelgan bu fikrdan o`zining kulgisi qistadi. Qiziq, o`zi nega keldi bu uyga? Yur, desa, lo`killab kelaveradimi? Kelib-kelib... shu odamning uyiga keladimi?

Hayot qiziq-da! Izlab yurgan kishilaring bir tomonda qolib, mutlaqo ko`rishni tilamagan kimsalar bilan ro`baro` qilaveradi.

Mirodilni birinchi ko`rgani kuniyoq jini suymagan edi. O`shanda Inomjon endigina qo`liga mutaxassislik diplomini olgan, uni shu shaharga yaqinda ochilgan yirik zavodga ishga jo`natishgan edi. Bepoyon sahroning qoq o`rtasidagi bu shahar yozda xuddi do`zaxdek qizib ketar, biror-bir tanishi bo`lmagani uchunmi, bu erda xuddi o`zini surgun qilingan odamdek his etardi. Kutilmaganda taqdir uni Dilafruz bilan yuzlashtirdi. O`shanda qiz zavod yaqinida joylashgan pedagogika bilim yurtining bitiruvchi kursida tahsil olardi.

Uzun gapning qisqasi, shu bo`ldiki, ko`ngil ko`ngildan suv ichdi. Tez orada yoshlar bir-birining qalbida uchqunlay boshlagan yashirin tuyg`ulardan ham voqif bo`lishdi.

Inomjon har gal uni ertalab ishga kelayotganida yo`lda uchratar, ishdan qaytar paytida qizning o`qishlari tugab, uyiga ketgan bo`lardi. Ular faqat dam olish kunlari bemalol diydorlasha olardilar.

Ular o`shanda qanchalik baxtli edilar-a? Oradan ne-ne gap-so`zlar kechgan, qancha suvlar oqib o`tgan bo`lsada, baribir o`sha musaffo damlarning tarovatini Inomjon unutolmaydi. Ehtimol, Dilafruz ham esidan chiqazmagandir?

Xumordan chiqquncha shahar aylanishar, xiyobonda arg`imchoq uchishar, o`zlari sevgan muzqaymoqqa to`ygach, shahar markazidagi ko`lda qayiqda sayr qilishar do`kon va rastalarni bemaqsad kezib, oyoqlar charchoqdan noliy boshlaganda, kun ham oxirlab qolar, Inomjon qizni u yashaydigan mahallaning boshigacha kuzatib qo`yardi. Mirodil bilan ham ana shunday kunlarning birida to`qnashib qoldi.

Qiz bilan muyulishda xayrlashib, u ko`zdan yo`qolguncha ortidan qarab qolgandi. Endi noumidgina ortiga qaytmoqchi bo`lganida qarshisidan unga tomon bostirib kelayotgan barvasta yigitga ko`zi tushdi. Avval unga e`tibor qilmadi. Chunki Inomjon bu shaharga kelganidan beri hali bironta bilan yaqin oshna tutingani yo`q. Faqat o`zi bilan ishlaydigan uch-to`rt kishi bilan salom-alik qiladi, xalos. O`zining yurti – hech qursa Toshkent bo`lsa ham, ro`parasidan birorta tanishining chiqib qolishini tusmol qilishi mumkin edi.

Lekin haligi «nusxa» roppa-rosa o`zidan bir qadam narida tumshuqqa-tumshuq bo`lib to`xtadi. Inomjon beiztiyor o`zidan ikki-uch enlik baland va xiyla baquvvat yigitga yuzlandi.

- Kimsan, - dedi dabdurustdan sensirab. Inomjon xiyla o`zini yo`qotib qo`ydi, ammo darrov dadillanib:

- Be`mani savol, - dedi miyig`ida iljayib.

Yigitning ko`zlari katta-katta ochildi:

- Bu nima deganing?

- Siz meni tanisangiz, bu savolni bermasdingiz. Demak, meni tanimaysiz. Siz bilan hech qaerda ko`rishmaganmiz. Bir-birimizga ishimiz tushmagan. Demak, mening kimligimni so`rashdan sizga foyda yo`q.

Haligi «so`loqmon» yoqimsiz tirjaydi:

- Suqrot bo`l-a, - dedi odobsizlik bilan bir chetga «chi rt» tupurib, - Aytmoqchimanki, anavi qizning orqasidan nega ilakishib yuribsan?

«Ha, gap bu yoqda degin, Mirzaterak? Begona yurt bo`lmaganda shunaqa tersliging uchun burningni anjirdek pachaqlab qo`yardim-a», o`yladi Inomjon. Negadir u bilan gapni cho`zib o`tirishni xahlamadi.

- Men uni yaxshi ko`raman. Kuzatib qo`ygani keluvdim.

- Yaxshi ko`raman, degin. Qiz-chi, qizam seni yoqtiradimi, o`zi?

- Men suymaganning oroqasidan ergashib yuravermayman. O`zi, bularni nega so`rab qoldingiz? - so`radi ensasi qotib Inomjon.

- Men uning qo`shnisiman. Mahallamizdagi qizlarning duch kelgan yigit bilan hiringlashib yurganini ko`rsam qonim qaynaydi. Senam esing borida etagingni yopa qol. Sendaqa oliftalarning ko`pini ko`rganmiz. Yana shu atrofda o`ralashib yurganingni ko`rsam, sulaytirib qo`yaman bola, tushundingmi?

U Inomjonga bir o`qraydi-yu, ters ortiga burilib ketdi. O`shanda Inomjonning ham ham qoni qaynab ketgandi. Og`ziga kelganini qaytarmay so`kmoqchi ham bo`ldi-yu, yana bu o`ziga ancha qimmatga tushishini o`ylab, indamay ijaraxonasiga yo`l oldi. Yo`l-yo`lakay o`y surib ketdi.

Kim bo`ldi o`zi bu so`xtasi sovuq? Nega u bilan bunaqa ohangda gaplashdi. Rostdan ham qo`shnisimi? Unda tushunsa bo`ladi. O`zi ham mahallada begona yigitlar o`ralashadigan bo`lsa, ich-ichdan g`ashi kelib ketardi. Bordi-yu... Dilafruzning xushtorlaridan biri bo`lsa-chi? Balki, ular bir paytlar oshiq-ma`shuq bo`lishgandir. Axir u Dilafruzning o`tmishidan mutlaqo bexabar-ku! U institutda o`qib yurgan paytlarida ham har xil qizlarni uchratgan. Yigitlarni paypoqdek tez almashtiradigan xonimchalar uning uchun yangilik emas. Balki, Dilafruz ham o`shalarning biridir?..

- E, jinnimisiz, - dedi Dilafruz inomjonning ginali nigohlariga e`tibor qilmay, - U Mirodil aka-ku! Chindan ham qo`shnimiz. Bolalikdan meni himoya qilib kelgan. Xafa bo`lmang. Biroz qo`rsroq bo`lgani bilan o`zi yaxshi odam. Uylangan, bolalariyam bor.

«Uylangan»ini eshitib, Inomjonning ko`ngli biroz joyiga tushdi. Lekin baribir Mirodil ilk bor unda qanday taassurot qoldirgan bo`lsa, unga nisbatan munosabati keyinchalik ham qilcha o`zgarmadi.

Mana, hozir ham uning uyida xuddi o`z ixtiyori bilan zindonga kirib, keyin nadomatda qolgan odam qiyofasida o`tiribdi. Ko`p o`tmay, Mirodil bir qo`lida dasturxon boshqa qo`lida katta patnis bilan kirib keldi. Chaqqonlik bilan dasturxonni xontaxta ustiga yozdi. Patnisni uning ustiga qo`yib, yana indamay chiqib ketdi.

Tavba, bu odamning maqsadi nima o`zi? Birdan mehmonnavozligi tutdimi? Yo`q, uning dasturxonidan luqma olgisi ham yo`q. Tezroq bu erdan ketish kerak. Gapi bo`lsa, tezroq ayta qolmaydimi?

Beixtiyor ko`zi patnisda did bilan terib qo`yilgan chiroyli taqsimchalarga qadaldi. Tan olish kerak, Mirodil dasturxon bezashda ustasi farang edi. To`ylarida ham yugurib-elib xizmat qilgan. Mehmonlarni kutib olishu kuzatishda, kelin-kuyov o`tirgan stolni ajabtovur bezatishda ham uning o`zi bosh-qosh bo`lgandi.

To`y ham kutilmaganda bo`lib ketdi. Bungacha Inomjon Dilafruz va uning oilasi haqida etarlicha ma`lumot to`play olgandi. Bitta hovlida yolg`iz onasi bilan yasharkan. Otasi Dilafruz tug`ilmasidan uch-to`rt oy ilgari dom-daraksiz qaytganicha qaytib kelmagan. Onasi bolalar bog`chasida ishlarkan. Kunlarning birida Dilafruz uni oyisi bilan tanishtirgani olib borgandi. Onasi Rahima opa juda dilkash, samimiy ayol ekan. Anchagina gaplashishdi. Gap davomida yigitga aytishi kerak bo`lgan hamma gaplarini aytib oldi:

- Bu yorug` olamda mening qizimdan bo`lak suyanchig`im, tayanchim yo`q. Shuginani deb yashab yuribman. Qizim baxtini topsa, o`zidan tinib-tinchiganini ko`rsam, armonim qolmaydi. Faqat qizimni bag`rimdan yulib ketishlarini istamayman. Avvalo, qizim baxtini topsin. Uning hohishiga qarshi borolmayman. Lekin, Xudodan shuni so`rayman: qizim ham, kuyovim ham ko`z oldimda bo`lsa. Mana shu hovli-joy shularga. Bitta bolam ikkita bo`ladi. Umrimning qolganini shularning, bola-chaqalarining xizmatida o`tkazardim.

Inomjon hammasini tushundi: Dilafruzni desa ichkuyov bo`lishi kerak. Bir qaraganda... shunisi yaxshi.

Dilafruz yolg`iz farzand bo`lsa, Inomjon oilada o`n to`rt farzandning kenjasi, aka-opalari o`zidan tinchigan. Ota-ona o`n uch farzandni tengiga qo`shdi-yu, kenjatoyining kamolini ko`rolmadi. Aka-opalar ming qilsa-da, ota-onaning o`rnini bosa olmaydi. Hozir otasidan qolgan torgina hovlida uchta akasi bola-baqrasi bilan tiqilib o`tiribdi. Ular «Ukamiz qachon ishlab pul topsa, o`ziga uy-joy qilsa, keyin uylantiramiz», degan xayolda yurishganini Inomjon ham yaxshi biladi. Qolaversa, jigarlarining hammasi o`z g`am-tashvishi bilan ovora. Ular uchun kenja ukalari qaerda yashasa ham o`zidan tinchisa shuning o`zi kifoya.

Biroq... Ichkuyov ichkuyov-da! Qaynonaning uyida yashab qaysi kuyov baraka topdiykin? Tili qisiq bo`lib qolmaydimi? Oralaridan gap qochib qolsa, yo xotini, yo qaynonasi yot hovlida sig`indi bo`lib o`tirganini yuziga solmasmikin?!

Shu kuni Dilafruzning onasi bilan yana ancha gurunglashib o`tirishdi. Gap orasida ayol undan oilasi, nasl-nasabi, zot-zurriyodi haqida ham ancha-muncha narsalarni bilib oldi.

Yomon ayolga o`xshamasdi. Umuman mana shunday munis chehrali, xushmuomala, istarali ayoldan biror og`iz yomon gap chiqishini tasavvur qilish qiyin edi. Xayolida ichkuyov bo`lishining yaxshi va yomon tomonlarini chamalab ko`rdi, nazarida buning o`zi uchun nobop tomoni yo`qdek ko`rindi. Uyidagilari nima derkin?

Hammasi o`zi o`ylaganidek bo`lib chiqdi. Akalarining chehrasi yorishdi:

- Hovlisi kattagina ekanmi?

- Onasi qalay? Yaxshigina ayolmi o`zi?

- Qiz-chi? Ket-boshi o`ynoqlagan emasmi?

- Bir-biringizni chindan yaxshi ko`rasizmi?

Shunga o`xshash savollarga ijobiy javob eshitgacha, uydagilar «bo`ladigan ishni» kechiktirmaslikni ma`qul topishdi.

- Eng yaxshisi, shahar markazida uyi bor ekan. Hozir hovli-joy qilishning o`zi bo`ladimi? Qiz o`zingga yoqsa, shartta uylanib olganing ma`qul. To`ying bizga tan.

Ko`p o`tmay Dilafruzning uyiga bu tomondan «vakillar» jo`nadi. Ikki tomonlama muzokaralar samarasi o`laroq, to`y ham risoladagidek bo`lib o`tdi.

To`yning hamma harajatlarini Inomjonning akalari ko`tarishdi. Butun qishloq ko`chib borgandi o`shanda. Aka-opalari elib-yugurib xizmat qilishdi. O`shanda Mirodil ham rosa jon kuydirgan, uni yaxshi tanimaganlar qizning yaqin qarindoshlaridan bo`lsa kerak, deb o`ylagandi.

Hammasi Inomjon o`ylaganidan ham a`lo bo`lib chiqdi. Qaynonasi tilla xotin ekan. Ona mehridan erta ayrilgan Inomjon uni o`z onasidek ko`rib qoldi. Dilafruz-ku, erini eru ko`kka ishonmasdi. Yalakat mag`zidek bir-biriga mos edi ular. Faqat bir narsa Inomjonning dilini g`ash qilardi. Anavi, bir ko`rishida yoqtirmay qolgani Mirodilning bu hovliga tez-tez kirib chiqishi unga yoqmasdi. Tavba, ishi bo`lmasa, shirin bo`lib kelaveradi. Ba`zida allamahalgacha qaynonasi bilan chaqchaqlashib o`tiradi. Ba`zida Dilafruzga ham gap tashlab qo`yadi.

Rashk degan narsa odamning ko`zini... o`tkirlashtirib qo`yadi. Inomjon ham Mirodilning Dilafruzga tez-tez qadalib qoladigan nigohlarini tez ilg`aydi. Baribir o`z uying bo`lmagach, qiyin ekan-da! Bo`lmasa, anavi turxat uning uyiga qadam bosolmagan, bosganda kaltak olib quvlagan bo`lardi.

Mirodil bilan avvaldanoq ularning sozi chiqmay kelgan. Baribir nima degudek bo`lsa, bu barzangi «O`v, kelgindi, kattaligingni o`z uyingda qilasan» deyishga ham borib etishi tayin. Qolaversa, uning kelib ketishi ona-bolaga yoqsa kerak-da!

Bir gal haddi sig`ib, Dilafruzga yorildi:

- Nima desangiz, deng, lekin shu qo`shningiz Mirodilni ko`rsam ziyonim o`ynayveradi. Shuni ko`rmasam deyman-da. Balo bormi o`zi unga?

Bu gap tabiiyki Dilafruzga yoqmadi:

- Tavba, shu paytgacha kirib-chiqib yurgan-ku! Nima endi ko`kragidan itarishim kerakmi?

- Avval boshqa edi. Endi boshqa. Qolaversa, u bir nomahram erkak. Kelaveradimi hadeb?

- Mirodil aka siz o`ylaganchalik yomon odam emas. Ko`nglida kiri yo`q. Kelsa nima qipti. Sizga zarari tegmaydi-ku!

Inomjon boshqa gapirish foydasizligini angladi. To`g`rirog`i oldinroq sezgandi. Shu odam haqida sal nordonroq gapiradigan bo`lsa, xotini darrov unga tarafkashlik qila boshlaydi.

Inomjonning ichidagisini qaynonasi ham sezib qoldimi, Dilafruzdan biror gap eshitganmi, bir kuni shu haqda uning o`zi gap ochib qoldi:

- Inomjon, bu yigit ham o`z bolamdek bo`p qolgan. Bolaligidan bilaman. Uyda erkak yo`qligi uchun tez-tez holimizdan xabar olib turardi. Bizga katta yordami tekkan. Baraka topsin. Biznikiyam unga xuddi o`z uyidek bo`lib qolgan. Sizam undan yotsiramasangiz yaxshi bo`lardi.

Inomjon qaynonasini qattiq hurmat qilardi. Shuning uchun bu masalada boshqa og`iz ochmadi. Lekin ich-ichidan shubha-gumonlar ulg`ayaverdi.

Kutilmaganda... qaynonasi qazo qildi. Umri qisqa ekan. O`zi aytgandek, nevara-chevaralarining huzurini ko`rish peshonasiga bitilmagan ekan. Qizining ham, kuyovining ham ko`nglini yarim qilib ketdi. Ayniqsa, onasidan ayrilganidan keyin Dilafruz ancha cho`kib qoldi. Hovlidan fayz ketgandek bo`ldi. Dunyo shunuqada! Kimdir keladi, nimadir ketadi. Hayot to`xtab qolmaydi. O`z izmida davom etaveradi. Ularning ham turmushi bir zaylda kechaverdi.

Ayniqsa, Dilafruz eriga xushxabarni etkazgan kunidan rangsizlashib qolgan turmushlari qayta jonlangandek bo`ldi. Demak, ular yaqin kunlarda farzandli bo`lishadi. O`z sohibasini yo`qotib g`aribgina bo`lib qolgan bu hovlida ko`p o`tmay chaqaloq yig`isi eshitiladi.

Inomjon o`zida yo`q shod edi. Axir u ota bo`lishi kerak. Tez orada xuddi quyib qo`ygandek o`ziga o`xshaydigan jajji o`g`ilchani bag`riga bosib, jajji qo`lchalaridan o`pib erkalatib o`tiradi.

Ammo, Inomjonning ko`ngli baribir g`ash edi. Tavba, anvi surbetning haliyam qadami uzilmayapti. Qaynonasining ma`rakalarida ertadan-kechgacha shu erda bo`ldi. Xo`p, ilgari, Dilafruzning onasi bilan chaqchaqlashib turgani kelardi. Endi kimning ham yoniga keladi, deb o`ylagandi. Tunov kuni ishdan sal kechroq qaytayotganida, Mirodil ularning hovlisidan chiqib ketayotganini ko`rib, a`zoyi badani muzlab ketdi. Shunda... bir lahzagina ularning ko`zlari to`qnashib ketdi. Lekin, ikkovi ham indamadi. Mirodil indamay uyi tomonga o`tib ketdi. O`shanda Inomjon ich-ichidan o`zini so`kdi. Nega shu ondayoq yoqasiga chang solmadi? Bemahalda menikida nima bor, deya bo`ynidan g`ippa bo`g`ib olmaydimi? Dilafruz-chi? Balki, uning o`zi...

Dilafruz erining avzoyini ko`rib, hammasini tushundi. O`zini qo`yarga joy topolmay qoldi:

- Haligi... Mirodil akam... tok qaychi so`rab chiqqan ekanlar. Qidirib topolmadim...

- Toqqaychi deng, - dedi zaharxanda qilib Inomjon, - Mirodil akangiz yarim kechasi xomtok qilarkanmi? Bu paytda unga pishirib qo`yibdimi?

- Men... haligi... so`rab keldi-da... qaerdan bilay?

Xotinining sarosimasi Inomjonning shubhalarini yanayam jonlantirdi:

- Balki, sizdan boshqa narsa so`rab chiqqandir?

Ayol eriga bir zum karaxt alfozda tikilib qoldi:

- Voy o`lmasam, bu nima deganingiz, - dedi birozdan so`ng sal o`zini bosib, - Nimalar deyapsiz? Inomjon aka, esingiz joyidami o`zi?

- Menga qarang, - dedi tahdid bilan xotinining ustiga bostirib borarkan, - aytib qo`yay, anavi surbet ho`kiz shu hovliga yana bir marta kirganini ko`rsam, birorta nojo`ya gap qulog`imga chalinsa, keyin mendan yaxshilik kutmang. O`sha kuniyoq orani ochdi qilamiz. Xudo haqqi, gapim gap! Bu uydan bosh olib ketaman.

Inomjon shu gapni aytdi-yu, shahd bilan narigi uyga o`tib ketdi.

Er-xotinning urishi doka-ro`mol quriguncha davom etadi, deyishadi. Ularning ham hayotidagi aytdi-qo`ydilarning birinchi emasdi. Vaqt o`tib, yana hammasi iziga tushdi. Bir tomondan tug`ruq pallasi ham tobora yaqinlashib kelar, noo`rin gap-so`z, noxush kayfiyat homilaga yomon ta`sir ko`rsatishi mumkinligini anglagan Inomjon ham mumkin qadar Dilafruzning ko`nglini og`ritmaslikka harakat qilardi. Eng qizig`i, o`sha voqeadan so`ng Mirodilning ham qorasi o`chdi. Hatto ko`cha-kuyda ham ko`rinmaydigan bo`ldi.

Nihoyat, orziqib kutilgan kun etib keldi. Bu xonadonda o`g`il dunyoga keldi. O`shanda Inomjon qanchalar shod, qanchalar baxtiyor edi.

Otalik baxti – sururi qanchalar laziz bo`lishini o`sha paytlarda his etgandi.

Farzand – inson umrining mevasi, hayot yo`lining munavvar chirog`i deydilar. Ana shu chiroq er-xotinning xiragina turmushini shu`laga cho`mdirgan edi o`shanda. U damlarni Inomjon hozir ham ayricha entikish bilan eslaydi.

«Mehmon» o`sha onlarni ko`z o`ngida jonlantirishga urinayotganida xonaga bir choynak choy, ikkita piyola ko`tarib «mezbon» Mirodil kirdi-yu, yana xayoli bo`lindi. Uni ko`rib, tag`in ko`ngli g`ashlandi. Shuncha o`tirgani etar. Yana choyga balo bormi? Aytadigan gapini ko`chadayoq aytib qo`yavermaydimi?

- Mirodil aka, ovoragarchilikning hecham keragi yo`q, - dedi Inomjon turishga chog`lanib, - o`zi shoshib turuvdim.

Mirodil choynakni dasturxon ustiga qo`yarkan, noxush xo`rsinib qo`ydi:

- Menam uyimda yotib qoling, deyayotganim yo`q, - deya choyni qaytara boshladi uy sohibi. - Siz bilan bundan keyin yana ko`rishamizmi, yo`qmi Olloh biladi. Uch yil deganda endi ko`rishdik o`zi. O`zi... nega ko`rinmay ketdingiz?..

«Bu dayusning maqsadi nima o`zi, o`yladi Inomjon uning qo`lidan piyolani olarkan, - namuncha gapni uzoqdan boshlamasa? Shap-shap deguncha shaftoli demaydimi?»

- Rossiyada edim, - deya xushlamay javob qaytardi Inomjon, - o`zingiz bilasiz, zavod sinib, maoshi ham haminqadar bo`lib qolgandi. O`shanga...

- Oilangiz-chi, men begona yurtga ketsam, bu erda ahli ayolimning holi nima kechadi, deb o`ylamadingizmi?

Tavba, nimalar deyapti o`zi bu! Hech narsadan xabari yo`qmi, yo o`smoqchilab so`rayaptimi? Balki ermaklayotgandir.

- Ketishdan oldin Dilafruzning javobini berib ketgandim. Nahotki o`zi sizga aytmagan bo`lsa?

Kinoyaomuz qarashlarga Mirodil bardosh berolmadimi, yoxud Inomjonga shundoq tuyuldimi, har qalay uy sohibi nigohi bir nuqtaga qadalgancha qotib qoldi.

Biladi! Baloni biladi bu suv ilon! Lekin uning qarashlaridan biror ma`no uqish dushvor. Shuncha qilg`iliqni qilib, bir oilani tag-tugi bilan qo`porib, maqsadiga etmadimikin? Bu ko`zlarda yana qanday qora niyatlar yashiringan ekan-a?

...O`shanda ancha paytgacha Mirodilning ko`zdan panada yurishi, Inomjonni ancha xotirjam torttirgan, shuning barobarida jindek shubhaga ham solgandi. Dushman ko`zdan yo`qolsa, g`ofil qolma, shamol ham ko`zga ko`rinmay turib, shamni o`chiradi, degan edi mutafakkirlardan biri.

Yillar shamoldek tez o`tardi. Bir pasda Zafarjon ham katta bola bo`p qoldi. Inomjon ota bo`lmasidan ilgari tug`ilajak o`g`lini butunlay boshqacha tasavvur qilardi. Xuddi o`ziga o`xshagan, yuzlari oppoq, sochlari qo`ng`irrang, ko`zlari moviyga moyilroq, kipriklari uzun-uzun...

Lekin Zafarjonning qiyofasi otasining tasavvurlariga mos emasdi. Sochlari ham, qosh-ko`zlari ham zulukdek qop-qora, o`ziyam qorachadan kelgan, yuzida yarashiqli kulgichlari ham bor. Xullas, oyisining o`zginasi edi. Ba`zida o`g`lini qo`liga olib erkalarkan, unga termulib, o`g`il degan otasiga quyib qo`ygandek o`xshasa, deb afsuslanib ham qo`yardi. Shunda Dilafruz, «Bunisi menga o`xshagan, ikkinchisini o`zingizga o`xshatib tug`ib beraman» deb qo`yardi.

Falokat bir kelsa, qo`sha-qo`sha kelarkan. Qishloqdan tog`asining qazo qilganini eshitgach, oilasiga bir og`iz «Men ketdim» dedi-yu, jo`naverdi. Shaharga qaytganida, uni yana bir shumxabar kutib turardi. Zafarjon ko`chada, qum ustida o`ynab o`tirgan payti bir sayoq mashina turtib ketibdi. Bola bechora ancha beriga uchib ketibdi. Yaxshiyam, vaqtida kasalxonaga etkazishgan ekan...

Bu noxushlikni eshitiboq, Inomjon shoshilinch yordam markaziga yugurdi.

- Ayni vaqtda keldingiz, - dedi shifokor uni hadik bilan qarshi olarkan, - o`g`lingiz ko`p qon yo`qotgan. Unga qon quyishimiz kerak.

Ota bunday paytda qoni tugul, jonini ham ayamaydi.

- Bo`pti, qancha qon kerak bo`lsa, beraman. O`g`lim tuzalib ketsa, bas.

Avvaliga Inomjonning barmog`idan shunchaki tahlil uchun qon olishdi. Qon guruhi darhol ma`lum bo`ldi.

- Afsus, - dedi shifokor ayanch bilan bosh chayqab, - Qoningiz ikkinchi guruhniki ekan. Bolangizniki esa – bir. O`zingizdan qolar gap yo`q, birinchi guruhga mansub qon boshqa guruhdagi qonni qabul qilolmaydi.

Inomjon sapchib o`rnidan turib ketdi.

- Nima? Ota bilan bolaning qoni har xil bo`lishiyam mumkinmi? Axir, u mening...

- Mumkin. Shunaqasiyam bo`ladi.

- Axir qanaqasiga...

- Hozir buni tushuntirib o`tirsak vaqtimiz ketadi, - dedi oqsoch shifokor tund qiyofada, - aksiga olib bizning zahiramizda ham A guruhidagi qon qolmabdi. O`g`lingizni qon quyish markaziga jo`natmoqchi edim. Ahvoli sal og`irroq. Unga aziyat etishi mumkin. Imkoni bo`lsa – sizga bitta xodim qo`shib beraman, o`sha erdan qon olib kelasiz.

Inomjon mashina yollab aytilgan manzilga jo`nadi. Ish bir teskariga ketmasin ekan. U erdan ham noumid qaytishga majbur bo`ldi. Unga kerak bo`lgan qon guruhi tugab qolganmish...

Yuragini hovuchlab ortiga qaytdi. U hozir o`g`lini urib ketgan nomard haydovchining kimligi, qayoqqa g`oyib bo`lgani haqida ham, mushtipar xotini qaerda, nima qilayotgani hatto, nima sababdan qoni jigarbandiga to`g`ri kelmagani haqida ham o`ylamas, faqat bitta savo charx ururdi: O`g`liga nima bo`ladi endi? Nahotki...

Najot hech kutilmagan erdan chiqdi. O`g`lini asrab qolish uchun kerakli qonni topishdi. Do`xtirdan bu gapni eshitgan zahoti, jon tark etayozgan vujudiga mislsiz mador oqib kirgandek bo`ldi. Karidorning bir burchagida noumidgina mung`ayib o`tirgan xotinini ham endi ko`rdi. Uning yoniga yugurdi:

- Nima, sizdan qon olishdimi?

Dilafruzning ham rangida rang qolmagan, yig`layverib qovoqlari olxo`ri donasidek bo`rtib chiqqandi.

- Yo`q, - dedi – behol tovushda, - Shuncha yalinsam ham mendan qon olishmadi. Qon bosimim past ekan. Keyin, menga mumkin ham emas, deyishdi.

- Unda kim?..

- Siz ketishingiz bilan, Mirodil aka kelgandi. Shunaqa-shunaqa devdim, keyin o`zi...

Bo`ldi, u yog`ini eshitmadi. «Mirodil» so`zi qulog`iga kirishi bilan miyasi favqulodda tezlik bilan ishlab ketgandek bo`ldi.

Nima? Kim? Mirodil? Mirodil bilan Zafarjonning qoni bir ekanmi? Bundan chiqadiki... Tushunarli, ana endi hammasi ayon bo`ldi. Mirodilning shubhali tashriflari, ayniqsa, o`sha oxirgi to`qnashuvdan so`ng, qorasini ko`rsatmay ketishi, Zafarjonning o`ziga u qadar o`xshamasligi va nihoyat boyagi tahlil xulosasi.

Vo darig`? Inson zotini shunchalar ham g`aflat bosadimi? Nahot bu mudhish haqiqatni anglab etish uchun shunchalar uzoq muddat kerak bo`ldi. Nahot shu vaqtdan beri o`z jigarim deya bag`riga bosib kelgan bola boshqa bir vujuddan tug`ilgan bo`lsa? Nahot vafodor bilgan jufti haloli shu paytgacha harom bilan juftlashib yurgan bo`lsa? Nahotki uning ko`zlari shu fursatda, so`nggi damda moshdek ochildi. Shunchalar kech!

Bir zumda Inomjonning ko`z oldida zamonu makon bir-biriga qorishib charxpalakdek aylana boshladi. O`zini tamomila yo`qotib, boshini changallagancha devorga suyanib qoldi...

- Dadasi , sizga nima bo`ldi?

Inomjon avval hech narsani tushunmagandek bir muddat Dilafruzning ko`zlariga tikilib turdi. Keyin... Juda tezlikda o`zini qo`lga oldi. Vujudiga qanday yovuz kuch oqib kirganini sezmadi.

- Bu yoqqa yur, - dedi tishlarini tishlariga bosib pishqirarkan, xotinini ikki eshik naridagi xoli vestibyul tomon sudradi. Eridagi g`ayrioddiy o`zgarish ta`sirida Dilafruz ham qaerda, nima uchun o`tirganini unutayozdi:

- Ha, ha, daadasi, nima gap o`zi?

- Qonni Mirodil berdimi?

- Ha, dedim-ku. Nima qipti.

- Nega u sening o`g`lingga qon beradi? Nega unga mening emas, aynan o`sha marazning qoni to`g`ri keladi.

Dilafruz endi o`zini tamoman oldirib qo`ygan, ko`zlari chanog`idan chiqar darajada kattalashib ketgandi.

- Voy, men qaerdan bilaman axir?

Inomjon xotinining yuziga tarsaki tortib yuborishdan o`zini arang tiyib qoldi. Lekin ich-ichidan qaynab chiqayotgan haqoratomuz gaplarni to`xtatib qololmadi:

- Nega bilmaysan, bolang kimdan bo`lganiniyam bilmaysanmi? Ana, qoni ham to`g`ri kepti-ku! O`zi sezuvdim. Hammasini tusmollab yurardim. Mana, nihoyat sir ochildi.

Xotini dahshatdan taxtadek qotib qoldi:

- Dad... dasi, axir... siz, yo`q... bunaqa – tili ham kalima tutmay qoldi.

- Men ham shu choqqacha bir shallaqi buzuqni xotin qilib keldimmi, bir betayindan tug`ilgan haromini bolam, deb keldimmi, - deya jag`lari qaltirab, sekin, ammo tahdidli ovozda shivirlay boshladi.

- Dadasi, - dedi bu gal o`zini arang qo`lga olib, - og`zingizga qarab gapiring. Odamlar nima deydi? Bu yoqda o`g`lingiz ikki yo`lning orasida turibdi.

Inomjonning ko`zlarida nafrat yondi:

- Mening sendaqa xotinim ham, bolam ham yo`q, eshitdingmi? Senlarning qorangni ham ko`rishni istamayman. Biz endi tamoman begonamiz. Endi senlar ham meni boshqa ko`rmaysanlar.

Shu gaplarni aytdi-yu, bu shaharni tamomila tark etdi. Qishloqqa qaytdi. Uydagilarga xotini bilan orasi buzilib qolganini, nihoyat ajrashganini aytdi. Akalarining fig`oni faoakka chiqdi:

- Ahmoq, nega bunaqa qilding? Tayyor uy-joying, ishing. Oilangni tashlab keldingmi?

- Qo`rqmang, - dedi u tuyqusdan o`zini bardam tutib, - Sizga ortiqcha yuk bo`lish uchun kelganim yo`q. O`zim bir kunimni ko`rib ketarman.

Darhaqiqat, qishloqda uzoq turmadi. Tanish-bilishlarining maslahati, ko`magi bilan o`ziga tuzukroq ish topish, ancha-muncha pul yig`ib, birorta manzil qurish uchun Rossiyaga jo`navordi.

Vaqt o`tishi bilan bir paytlar butun borlig`ini o`z izmiga solgan g`azab va nafrat ham izsiz yo`qoldi. Faqat qalbida so`ngsiz pushaymonlar, og`riqli armonlar qoldi. Balki, shashgandir, jahl kelganda aqli qochgandir? Chindan ham shuncha ko`rgulik uning hayotida yuz berdimi? Butun orzu-umidlari, baxtu quvonchi mag`zava betidagi rangdor ko`pikdek bir zumda yo`qqa chiqdimi? Dilafruzning xoinligi rostmidi? Zafarjonning begonaligi haqiqatmidi?

U uch yil sovuq o`lkalarda ishlab, ana shu azobli savollar og`ushida yashadi. Sokin kunlarini eslab yuraklari erib oqdi. Mayli edi, o`sha saodati yolg`on pardasiga o`ralgan bo`lsa ham uni tark etmasa edi. Qaniydi shu mudhish haqiqat umr bo`yi uning uchun sir bo`lib qolsa edi. Aslida bu yorug` dunyoda hamma narsa nisbiy. Mutlaqlik faqat Yaratgangagina xos.

Dunyoda qanchadan-qancha odam yolg`on muhabbat, aldamchi baxt qurshovida umrlarini shod-hurram o`tkazadilar. Axir eng dahshatli narsa xiyonat emas, uning yuzaga chiqishi, fosh bo`lishi-ku!

Inomjon ham bunday azobli, sog`inchli hislar o`tida yongan chog`ida, bundan ko`ra bir umr aldanib yashashga ham rozi ekanini ich-ichidan his etardi. Lekin, endi hamma narsa tugugan. Oradagi munosabatlar yakun topgan. Faqat hali qonuniy nikoh buzilgani yo`q. Ularni bog`lab turgan o`rgimchak to`ridek rishta shu xolos.

Baribir. Dilafruz bilan uchrashadi. O`g`li bo`lmada-da, Inomjondagi otalik mehrini o`g`irlagan Zafarjonni ko`rishi mumkin. Darvoqe, u go`dakning gunohi nima? Hamma ayb shu begunoh hilqatni dunyoga keltirgan ikki bandai gumrohda emasmi?

Yo`q, Inomjon ular bilan avvalgidek yashab ketolmasligi aniq. Lekin... Hech bo`lmaganda ularni bir bor bo`lmsada ko`rishni jinday istay boshlagandi.

Darvoqe, ular bilan uchrashish uchun hozircha bahona bor-ku. Loaqal so`nggi rishtani uzish uchun ham Dilafruz bilan, shu orqali Zafarjon bilan uchrashuv imkoni bor-ku!

Rus o`lkasidagi uch yillik g`urbatdan so`ng Inomjonning qalbidagi qaysar ilinj uni shu yoqqa boshlab kelgandi...

... - Nega bunday qildingiz?

Mirodilning favqulodda o`ktam ovozi Inomjonni sergak torttirdi. - Nima dedi o`zi? Nahot hech narsani bilmaydigan bo`lsa? Tullak!

Inomjon bo`g`ziga qadalib turgan nafratni ortiq tutib turolmadi:

- Sizning orangizda uchinchi odam bo`lib qolishni, sizlarga halal berishni istamadim.

- Xonada sovuq jimlik cho`kdi:

- Nimalar deyotganingizni bilasizmi o`zi?

- Bilganda qandoq? Siz ham barini bila turib bilmaslikka olmasangiz edi...

Mirodil boshini quyi soldi.

- Bilaman, - dedi dasturxonning bir chetidan ko`z uzmay, Dilafruzni, Zafarjonni qay ahvolda tashlab ketganingdan (negadir Mirodil da`fatan uni senlashga o`tdi) xabarim bor. Shunchalik g`ururing baland ekan, rashking zo`r ekan o`zing shubha qilgan odamga bu haqida lom-mim deganmiding? O`sha kuni Dilafruzni qon qaqshatib ketding. Mard bo`lsang, kelib mening yoqamdan olmaysanmi. Yo qo`rqdingmi?

Inomjon «yarq» etib uy egasiga tikildi. Uning ko`zlarida g`azab yonardi:

- Nima? Sizdan qo`rqamanmi?

- Qo`rqasan. Unda nega bir marta bo`lsin «Sen o`zi mening xotinimga kim bo`lasan» deb so`ramading?

- Bunga hajat ham yo`q edi?

- Hojat emas, jur`at yo`q edi senda. Bilmasang, bilib qo`y. Dilafruz mening bir qorindan talashib tushgan singlim bo`ladi!

Inomjon avval hamsuhbatining tilidan uchgan gaplarning mohiyatini idrok etlolmagandek, bir zum talmovsirab qoldi. Keyin esa, beixtiyor oyoqqa qalqdi.

- Yo`g`-e... Siz hali... Bu bo`lishi mumkin emas.

Juda-juda mumkin, - dedi Mirodil favqulodda sokinlik bilan. - Biz aka-singil edik. O`shanda men birinchi sinfni tugutayotgan edim. Singlim esa hali bir yoshga ham to`lmagandi. O`sha mash`um kunda otam onam bilan qo`shni viloyatga, tog`amlarnikiga to`yga ketishgandi. Biz buvim bilan uyda qolgandik. Kechga yaqin avval mudhish shumxabar, keyin esa, avtohalokatga uchragan ota-onamning jonsiz jasadlarini opkelishdi...

Biz keksa chol-kampirning qo`lida qop ketdik. Rahima xola (U kishini xudo rahmat qilsin) bizning mahallaga endigina ko`chib kelgandi o`shanda. Keyin buvimdan so`rab bildimki, sho`rlik ayol ikki marta turmush qurgan, lekin farzandsizlik tufayli ajrashishga majbur bo`lgan ekan. Kelib yaqin atrofdagi bog`chalarning biriga ishga joylashgan.

Topish-tutishi yomon emasdi. Faqat... tirnoqqa zor edi, bechora. Bolalarni jonidan ortiq ko`rardi.

«Dilafruzni menga bering, o`zim hech kimdan kam qilmay o`stiraman» deya Xudoni zorini qilavergach, buvim bobom bilan maslahatlashib, singlimni shu ayolga berishga qaror qilgandi. Oldiniga «Singlimni hech kimga bermaymiz» deb rosa to`polon qilganman. Arang ko`ndirishgan. Baribir Dilafruz bilan birga katta bo`ldik. Faqat, men uning akasi ekanimni bilmay o`sdi. Chunki, buvim mendan shuni qattiq talab qilardi.

Rahima opa butun umrini shu singlimga bag`ishladi. Faqat shuni deb yashadi. Ra`yiga qarshi bormadi. Men ham ich-ichimdan akalik mas`uliyatini his etib, imkon qadar singlimning yurish-turishiga ko`z-quloq bo`lishga harakat qildim.

Sen o`rinsiz rashk tufayli singlimni tashlab ketganingni eshitib, izingdan tushdim. Lekin, topolmadim. Mana, diydorlashuvimiz shu kunga belgilangan ekan... Bor gap shu.

Mirodil og`ir xo`rsinib, piyolada sovub qolgan choyga hissiz termulib qoldi. Keyin esa zimdan mehmonga qadaldi.

Inomjon uning nazarida juda sekinlik bilan kichrayib borayotgandek edi.

- Nega, menga shuni ertaroq aytmadingiz, - deb so`radi.

Mirodil alam bilan:

- Sening bunchalar badhoh, jlhil ekaningni bilganimda...

O`z sha`niga yog`dirilayotgan bu haqoratomuz so`zlar endi Inomjonga ta`sir qilmasdi go`yo.

- Ular hozir qaerda? Hoziroq qidirib boraman.

- Hojati yo`q, - dedi Mirodil sovuqqonlik bilan, - Dilafruz allaqachon turmushga chiqib ketgan. Zafarjon ham ota-ona mehridan bebahra emas. Endi... ularga tegmaganing ma`qul.

- Nega, hali biz rasman ajrashganimiz yo`q-ku!

- Lekin, shariy tomondan u senga begona bo`lgan. Ixtiyori o`zida edi. Tengini topib tegib ketdi.

Inomjon tamomila ojiz qolgandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1