1

Umidaxon hamkasbiga turmushga chiqayotganligini tan oldi, u kim?

Shou-biznes 05.04.2014, 11:40
Umidaxon hamkasbiga turmushga chiqayotganligini tan oldi, u kim?

Xonanda Umidaxon bugun o`zbek estradasida o`z o`rnini topib kelayotgan yoshlardan biri. Har bir qo`shig`i musiqiy kanallar va qo`l telefonlarida tinmay yangrashi ham so`zimiz isboti. Ijodini milliy yo`nalishdagi qo`shiqlar bilan boshlagan xonanda bugun estarda yo`nalishida raqsbop qo`shiq kuylay boshladi. Bu borada kimdir ijobiy fikrda, boshqalar esa aksincha. Faoliyati davomidagi kichik tanaffusni inobatga olmasa, tinimsiz izlanishdan to`xtayotgani yo`q. Gazetxonlarning talab va takliflarni inobatga olgan holda Umidaxon bilan dildan suhbat qurib, hayoti hamda ijodidagi yangiliklardan sizlarni bohabar qilishga oshiqdik...

— Tahririyatimizga hush kelibsiz!

— Rahmat! Tahririyatingingizga ta`shrif buyurib, biz san`atkorlarga do`st ekaningizga yana bir karra amin bo`ldim.

— Tashakkur! Umidaxon, bugun negadir kayfiyatingiz yo`q?!

(Jilmayib) Bahor fasli bor kuch-quvvatimni olib qo`yyapti. Yog`ingarchiliklardan biroz charchayapman. “Bahorda odam xolsiz bo`lib qoladi”, degan fikrning to`g`riligini o`zim misolimda his qilyapman. Har yili shunday bo`ladi. Shunga qaramay o`zimni majburlab bo`lsa-da, ishlashga harakat qilyapman. Ijodiy tanaffus qilishga hozircha haqqim yo`q!

Eshitishimizcha, to`y harakatlarini boshlab yuborganmishsiz?

(Hayron bo`lib jilmaydi) Kimning to`yi? Menikimi? Kim aytdi?! Bo`lmagan gap! To`g`ri, har bir qiz oq ko`ylak kiyib, o`z baxtiga erishishni istaydi. Ammo “Umida turmushga chiqyapti”, degan gaplar noto`g`ri. Bu yil oila qurish rejamda yo`q.

— Yashirishga urinmang, kuyov kimligi ham aniq ekan-ku!

— Xo`sh kim ekan? Menga ham ko`rsating!

— Hamkasbingizdan biri... (gapni ohirigacha eshitmasdan, shoshsha pishsha)

— Bo`ldi-bo`ldi, gapirmang! Bu omma uchun aytiladigan ma`lumot emas.

— Unda, marhamat o`zingizdan eshitsak...

(Kulib) Sizlardan hech nimani yashirib bo`lmas ekanda. Turmushga chiqyapman, faqat buni hech kimga aytish niyatim yo`q edi, demoqchi emasman. Siz boshlagan gapga kelsak, bir hamkasbimdan turmush qurish haqidagi taklif bo`lgani rost. Ammo bu — to`y boshlandi, degani emas! Uning kimligini ham aytishni istamayman. Chunki hali hech narsa aniq emas. Taqdir bo`lsa, balki... Ammo nima bo`lganda ham yuqoridagi gapim gap. Bu yil faqat ijod bilan mashg`ul bo`laman.

Nega uning kimligini aytishni istamayapsiz?

— To`ydan oldin nog`ora chalib nima qildim? U ham taniqli san`atkor. Hali hech gap tayin bo`lmasdan gapirsam, taqdir bo`lmay qolsa xuddi “piar” qilgandek bo`lib qolamiz-ku. Keling, boshqa mavzuga o`ta qolaylik.

— Mayli mavzuni biroz o`zgartiramiz. Muhabbatingizga loyiq shahzoda qanday bo`lishi kerak?

(Uyalibgina jilmayadi, keyin shiftga qarab) Avvalo fe`l-atvor jihatdan menga to`g`ri kelishi kerak. To`g`ri, oila qurishda muhabbatning o`rni katta. Ammo fikrimcha, ikki inson bir-birini tushunsagina, o`z-o`zidan sevgi uyg`onadi. Ochig`i, bolaligimdan turmush o`rtog`im san`at sohasidan bo`lishini niyat qilaman. Shunday bo`lsa kasbimni tushunib, ijod qilishimda menga yordam beradi, deb o`ylayman.

— Demak, boshqa soha vakillari faoliyatingizga qarshilik ko`rsatishidan qo`rqasiz?

— Albatta! Mehnat bilan erishilgan marralar kun kelib, yo`qqa chiqishini istamayman.

— Bo`lajak turmush o`rtog`ingizning oila qurishdan avval “San`atni tark etasan”, degan taklifini rad etasiz, shundaymi?

— Albatta!

— Ustoz san`atkorlar Kumush Razzoqqova, Umida Mirhamidova va Rayhon G`anievaning “Muxlislar bevafo, vaqtida oilani emas, kasbimni tanlaganimdan bugun afsuslanaman. Menga oilam  kasbimdan ko`ra muhimligini kech angladim, degan gapi yodimga tushdi. Kun kelib, siz ham aynan shunday afsuslar qurshovida qolishdan cho`chimaysizmi?

(Uzoq o`ylanib) Tan olishim kerak, aslida bu mavzu borasida jiddiy o`ylab, aniq qarorga kelishga ulgurmadim. Onam doim “Qiz bola uchun muhimi oila!” deydi. Doim to`g`ri qaror qabul qila oladigan qizman, deyolmayman. Balki ijod qilishimga ruxsat beradigan yigitgagina turmushga chiqaman, deb biroz katta gapirib qo`ygandirman. Vaqti kelganda san`atdan chetlashib, bir oilaning yaxshi bekasi bo`lolaman.

San`atga bir vaqtda kirib kelgan hamkasblaringiz Ruhshona, Sirojiddindan reyting borasida bugun o`zib ketdingiz...

— Ochig`i, fikringizga qo`shilmayman. Balki reytingimga be`etibor bo`lganim uchun shunday o`ylarman. Har birimizning o`z yo`nalishimiz, o`zimizga yarasha tinglovchilarimiz bor. Hammamiz izlanyapmiz, ijod qilyapmiz. Vaqti kelganda, mehnatimizga yarasha natijasini ham ko`ramiz.

— Ruxshona bilan munosabatlaringiz avvalgidek emas-a? Shu kungacha orangizdan nima gap o`tgani haqida hech qaerda gapirmagansiz. Balki bugun bu mavzuga oydinlik kiritarsiz?

(Biroz sukut saqlab) To`g`ri, bugun har kun, har soatda qo`g`iroqlashib, ko`rishib turmaymiz. Munosabatlarimiz ham avvalgidek emas... Bundan ortig`ini so`ramang. Bu mavzu haqida gapirishni mutlaqo istamayman. Uzr!

— “Kel yarashaylik”  qo`shig`ingizni aslida Munisa Rizaeva ijro etishi kerak bo`lgan ekan...

— Bu borada biror fikr aytolmayman. Qo`shiq muallifi Eldor Qayumov bilan ishlayman. U kishidan tayyor qo`shiqni sotib olganmiz. Munisa Rizaeva va Eldor Qayumovning o`rtasidagi o`zaro kelishmovchilikka ularning o`zlari oydinlik kiritganlari maqul.

— “Kel yarashaylik”ni sizning ijroingizda eshitgan Munisa Rizaeva qanday munosabat bildirgan?

— Bu haqida gaplashmaganmiz. Biroq konsert yo biror tadbirda “Kel yarashaylik”ni kuylaganimda, sahna ortida Munisa opani raqsga tushayotganini bir necha bor ko`rganman. Ijroimga uning bahosini ana shundan ham bilish qiyin emas.

— So`nggi kuylagan “Mambo” nomli qo`shig`ingiz ham asli boshqa xonanda uchun yozilgan ekan-a?

— Bu borada Eldor aka “Mendan qo`shiqni kim birinchi sotib olsa, u o`shaniki! Bu — “bozor”. Kim yaxshi mahsulot olishga ulgursa marra uniki...” degandi. Mana sizga javob.

— Bugun san`atda homiysiz ishlash qiyin, degan fikrga qanday munosabtdasiz?

— Bu xolatni real baholaydigan bo`lsak, xonanda ijodini boshlashi uchun albatta homiy kerak. Shou biznesning “bozor”ida “qaynab” chiqib, ko`zga ko`rinish uchun unga mo`maygina mablag` “tikish” lozim. Xonanda o`zini tiklab olgachgina, homiysiz ishlay olishi mumkin.

— Suhbat so`ngida ijodiy yangiliklaringiz bilan bo`lishsangiz...

— Eldor Qayumov bilan hamkorlikda “Mayli, xo`p” nomli raqsbop qo`shiq yozdik. Duet ham kuyladim. Faqat duetdoshim kimligini aytolmayman. Bu duet hamma uchun kutilmagan bo`lishi aniq! Mazkur ikkita qo`shiqqa klip suratga olish rejalashtirilgan.

Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1