1

ONANING QARG`IShI

Mutolaa 06.01.2018, 14:22
ONANING QARG`IShI

Rustam JABBOROV

“Tog` joyidan ko`chibdi, degan gapni eshitsangiz, ishoning, ammo bir kimsa o`z fe`l-atvorini o`zgartiribdi, desa hargiz ishonmang”, - deyiladi hadisi sharifda. Illo, Yaratganning o`zi to`g`ri yo`lga boshlashni iroda etsa, insofu tavfiq bersa, har qanday zalolatli banda ham hidoyatga yuz tutishi muqarrar. Bunga o`zim shaxsan amin bo`lganman.

Bir yilcha avval xizmat safariga borishimga to`g`ri keldi. Mo`ljalni aniq ololmagan ekanman chog`i, viloyat markaziga etib bormasimdan vaqt allamahal bo`lib qoldi. Yaxshiki, markaziy shohbekatdan borishim kerak bo`lgan tumanga taksi yurarkan.

- Mehmonga o`xshaysiz, birodar, - yo`lda ketayotib savol tashladi taksi haydovchisi. - Biz tomonlarga qanday shamol uchirdi.

Maqsadimni aytdim.

- Bu tomonlarda tanish-bilish bormi? - o`sha alfozda so`radi haydovchi. - Bu oqshom qaerda tunamoqchisiz?

Nima deyishni bilolmay biroz kalovlanib turdim.

- Endi birorta mehmonxonaning yonida tashlab ketarsiz.

Haydovchi ko`zgu osha bosh chayqab qo`ydi:

- Tumanimizda bittagina mehmonxona bor edi. Uniyam hozir allakim xususiylashtirib olgan, deyishadi. Remont qilayotganmish.

U shunday deb, mashinani sal sekinlatib, boshini men tarafga o`girdi va menga zimdan razm solib chiqdi:

- Bo`lmasa, bugun biznikida yotasiz, birodar, ertalab turib ishingizni bitirasizda, qaytaverasiz.

G`alati ahvolda qoldim. Uning taklifini rad qilay desam, ko`ngli og`rishi mumkin. Dabdurustdan xo`p deyish ham noqulay. Shuning uchun o`zimni biroz «tarozi»ga soldim.

- Yo`g`-e, sizniyam ovora qilib nima qildim. Taklifingiz uchun ham katta rahmat.

- Hech ovorasi yo`q, - dedi u biroz qat`iy ohangda. - Yarim kechasi qaerga ham borardingiz? Biznikida qolasiz, tamom-vassalom.

O`jargina odam ekan. Aytganini qildi. Bo`lmasa, o`zi aytganiday bu mahalda qayoqqa ham borardim?

Haydovchining uyi shundoqqina tuman markazida ekan. Darvozasidan kirishimiz bilan bir-biridan shirin ikkita o`g`ilchasi yugurib chiqdi. Ayoli ham ochiq yuz bilan qarshi oldi.

- Ayam qanilar?- so`radi mezbon xotinidan.

- Xufton namozini o`qiyotgandilar. Hozir chiqib qoladilar.

Uy egasi meni mehmonxonaga boshladi. Shinamgina uyda har ehtimolga qarshi kamtarona dasturxon tuzalib, usti yopib qo`yilgan edi.

- Siz bahuzur o`tira turing, birodar. Men ayamni birrov ziyorat qilib chiqayin. Xavotir olib o`tirgandirlar.

Uning ortidan havas-la tikilib qoldim. Bir odamning to`kis va baxtli hayot kechirishi uchun yana nima kerak? Tagida mashinasi, ko`rkam hovli-joyi, fayzli oilasi bor ekan. Aslida baxt ana shuning o`zida mujassam emasmikan?

Ko`p o`tmay uy egasi qaytib keldi.

- Ie, nega qarab o`tiribsiz, - deya dasturxondagi nonni sindirishga tushdi. - Qani, dasturxonga qarang. Ayasi, choy qaynadimi?

- Bugun... kimnidir

- Ha, kutayotuvdim, kutilgan odamning o`ziyam mana o`tiribdi, - dedi u kulimsirab. - Xijolat chekmang, mehmon, odatim shunaqa. Sizga o`xshagan musofirlar uyimda tez-tez mehmon bo`lib turishadi. Bunga uydagilar ham ko`nikib qolishgan. Lekin, aytib qo`yay, har kimniyam uyimga boshlab kelavermayman.

Shundagina uy egasi boya, mashina ichida, meni uyiga taklif qilishidan avval yaxshilab nazardan o`tkazganini esladim.

- Musofirga muruvvat ko`rsatish xayrli ish .deyishadi-ku, - dedim o`zimni yanada bama`ni ko`rsatish maqsadida.

- Balli, hadisi sharifda o`qiganim bor: uch kishining duosi shaksiz qabul bo`larkan. Ota-onaning, mazlum kishining va musofirning duosi. Otam yoshligimda qazo qilganlar. Allohga shukur, onamning duolarini olib kam bo`lganim yo`q.

- Onangizning izzat-ikromlarini ham o`rniga qo`yarkansiz.

- Ha, - dedi mezbon hozirgina olib kelingan choyni qaytarishdan to`xtab bir zum xayolga cho`markan. - Onaizorning naqadar buyuk zot ekanini biroz kech anglab etdim. Haliyam anglaganim, bo`lmasa, o`zimning ham boshim xor-zorlikdan chiqmasdi.

Uning gaplari menga biroz erish tuyuldi. Hamsuhbatim o`z boshidan ancha-muncha savdolarni kechirganini payqadim. Unga savolomuz tikilib turganimni ko`rib o`zi ham gap boshladi.

- Aytsam ishonmaysiz, - dedi menga choy uzatarkan. - Ikki yilcha avval men butunlay boshqa odam edim. Hovli-joyim ham xarob ahvolda edi. O`sha kezlari nima bo`ldi-yu, ichkilikka qattiq ruju qo`ydim. Shu kasofat aroqning dastidan ko`pchilikning ichida obro`-e`tiborimni ham yo`qotdim. Har kuni ichib, to`polon qilaverganimdan keyin xotinim ham ikkita bolasini oldiga solib, onasinikiga ketib qoldi.

...Suhbatdoshimning qiyofasi tuyqusdan alamli tusga kirdi. Ayanchli o`tmishini ko`z oldidan nari surmoqchi bo`lgandek, ko`zlarini bir-ikki qattiq ochib yumdi.

- Ilgari raisning haydovchisi edim, - birozdan keyin gapida davom qildi u. - Shu ichkilik sabab, ishdan ham ajraldim. O`sha paytlar meni bir qultum zahri qotildan bo`lak narsa qiziqtirmay qo`ygandi. Xotinu, bola-chaqalarim xayolimga ham kelmasdi. Onam har kuni nasihatni kanda qilmasdi:

- Jon bolam, shu ordona qolgur aroqni qachon tashlaysan? Guldek xotining, bola-chaqang kimlarning uyida sarg`ayib yursa-yu, sening parvoyingga ham kelmasa? Bunday tanangga o`ylab ko`rsang-chi? Shu zormandani deb butun hayoting barbod bo`layapti-ku!

Tabiiyki, bunday pandu nasihat menga yoqmasdi. Bunaqa paytlarda jahlim chiqib, bechora onamni siltab tashlagan paytlarim bo`lgan.

Onaginam “O`zingga insof bersin-da, bolam”, - degancha torgina uychasiga kirib ketardi.

Bilasiz, ichkilikbozlik ham o`z-o`zidan bo`lmaydi. Bir shisha aroq falon pul turadi. Men esa tayinli bir joyda ishlamasam...

Aroqning xumori tutib, ko`zimga hech narsa ko`rinmay qolgan kezlari uydan qo`limga ilingan narsani opchiqib sotar, puliga ichardim. Keyin odamlardan qarz olib icha boshladim. Mening fe`limni bilgandan keyin

qaysi ahmoq menga qarz berardi.

Oxirida onamning o`limlikka asrab qo`ygan puligacha ishlatdim. Pensiyasini berishgan kuni bechora ayamning qo`lidan yulib oladigan bo`ldim.

...U afsus bilan bosh chayqab, ko`zidan quyulib kelayotgan yoshlarni ko`rsatmaslik uchun erga qaradi.

- Sho`rlik onam... uyda qora qozon qaynamay qolmasin deb odamlarning to`y-ma`rakasida dasturxonchilik qilardi. Men esa... bunaqa ahvolda...

Bir oqshom allaqaysi to`ydan bo`kib ichganim uchunmi, ertalab uyg`onganimda, boshim tosh solingandek og`ir bo`lib turardi. O`rnimdan turay desam miyam ombur bilan urganday zirqirardi. Arang gandiraklab, hovliga chiqdim. Onam ayvonchada o`tirib xamir qorayotgan ekan.

- Aya, pul bering, - deya dab-durustdan o`shqirdim.

Onam mening bunaqa bezbetligimga ko`nikib ketgani uchunmi, pinagini ham buzmadi.

- Sen bolaga qachon aql kiradi, a? - dedi tog`oradan ko`zini uzmay xamir mushtlarkan. - O`tgan kuni olgan pensiyani allaqachon ichib bo`lding-ku. Pulni qaerdan topib beray senga?!

- Boshim yorilib ketay deyapti, - deya xuddi yosh boladek alamzadalik bilan er tepindim. - Men bilmayman hoziroq pul topib berasiz. O`zingizda bo`lmasa, qo`ni-qo`shnidan so`rab chiqing!

- Senda or-nomus bormi o`zi, bolam! - daf`atan onamning ko`zlari alam bilan yonib turganini ilg`adim. - Bir kamim qo`shnilarnikiga “O`g`lim aroq icharkan, pul topib beringlar!” - deb chiqishim qoluvdi.

- Yuz gramm ichmasam o`lib qolaman, o`lib qolaman, - dedim hech narsani eshitishni ham istamay.

Onam menga boshqa hech qanday gap kor qilmasligini bildimi, indamay xamir mushtlashda davom etdi. Mening g`azabim esa tobora oshib-toshib borardi.

- Aya, pul bering deyapman, - deya ayyuhannos soldim.

Onam esa meni umuman eshitmayotgandek edi. O`sha paytda onamning yonida sariq chaqa ham yo`qligini yaxshi bilardim. Faqat buni tushungim ham, bu haqda o`ylagim ham kelmasdi. Miyamdagi og`riq esa, zo`raygandan zo`rayar, ko`zimga hech narsa ko`rinmasdi.

Shunda... shunda o`zimni idrok etolmay qoldim. Zarb bilan onamning oldida turgan xamir to`la tog`orani tepib yuborganimni eslayman, xolos.

Onam chakkamga musht tushirganidan keyingina o`zimga keldim. Qarasam onamning g`azab bilan yonib turgan ko`zlari jiqqa yoshga to`la... Ha, ko`zlarida ham qahr-g`azab, ham ko`z yoshi bor edi. Uni bunday qiyofada avvallari ko`rmagandim. O`zimni ham g`ayrioddiy titroq bosib kela boshladi.

Onam shu kungacha meni qarg`amagan edi. Lekin o`sha paytda o`zini tutib turolmadi:

- Ha, xudoyo xudovanda, sen bola juvon... - yaxshiyamki og`zidan chiqayotgan qarg`ishini o`rta belidan tutib qoldi. Aslida “juvonmarg bo`lgin” deyishi kerak edi. Ammo gapni darrov boshqa tomonga burib yubora qoldi. - Ha, iloyim oyoqqinang sinsin. Hech zamonda nonniyam tepadimi? O`zimni ursang, tepsang bo`lmasmidi, noinsof. Menginani erparchin qilib do`pposlasang ham rozi edim, nopok! Nonniyam tepasanmi? Non-ku, bu!

Qanchalik qattiq gunoh qilib qo`yganimni o`sha zahoti tushunib etgan bo`lsam-da, onamga hech narsa demasdan gandiraklab ko`chaga chikdim.

G`alati bir ahvolga tushib qolgandim. Qaysi tarafga ketib borayotganimni ham bilmasdim. Oyoqlarim ham o`zimga bo`ysunmayotgandek edi. Hatto ko`zlarim ham hech narsani ko`rmasdi, go`yo.

Ko`chaning narigi betiga o`tayotganimda qulog`imga mashina g`ildiraklarining kutilmagan tormozdan asfaltda sirg`alib, asabiy chiyillagani chalindi, xolos. O`sha zahotiyoq miyamga urilgan birinchi o`y shu bo`ldi. “Onamning qarg`ishi urdi!”

Mezbon yana bir zum gapdan to`xtadi. Qo`lidagi piyolaning gardishida allanarsa bitilganu, o`shani o`qimoqchi bo`lgandek, diqqat bilan qadalib qoldi. Keyin xuddi qarshisida birov o`tirganini unutib, o`z-o`ziga gapirayotganday tilga kirdi:

- O`sha lahzada hayotdan butunlay umidim kesilgandi. O`ldim, deb o`ylovdim. Yo`q, hali foniy dunyodan rizq-nasibam kesilmagan ekan. Shifoxonada o`zimga kelib, hamon tirikligimni, faqat ikkala oyog`im qattiq shikastlanganini sezdim. Keyin bilsam suyaklarim sinib ketibdi. Qulog`im ostida onamning qarg`ishi qayta jaranglab, yotgan erimda sapchib tushdim:

“Ha, oyoqqinang singur! Oyoqqinang singur! Oyoqqinang singur!..”

Yo`q, onamni juda yaxshi bilardim. Oyog`im sinishi tugul, bir tola sochim to`kilishini ham istamasdi. Qilgan gunohimga yarasha qarg`adi. To`g`risini aytganda, o`zim shu qarg`ishga loyiq edim. Agar o`sha paytda onamning og`zidan “juvonmarg bo`l” degan gap chiqib ketganida, ehtimolki, allaqachon asfalasofilinga jo`navorgan, ikki dunyoim kuyib, to`ng`iz qavmida ketgan bo`larmidim.

...U o`z gapidan o`zi qo`rqib ketgandek, sekingina “astag`furilloh” deb qo`ydi.

- Keyingina ko`zim; “yarq” etib ochildi. Qanchalik razolatga, jaholatga botganimni shiftga tikilib, abgor yotganimda angladim. Ichkilik tufayli shunchalik tubanlikka tushganimga iqror bo`ldim.

Onaizorimni ham, oilamni ham, o`zimni ham shunchalar xor qilganimni his etdim. Pushaymonlikdan dod degim, uvvos solib yig`lagim keldi. Biroq, ko`zimdan bir tomchi ham yosh chiqmadi. Jismimda bir hovuch mador ham qolmagandi.

“Endi hammasiga kech bo`ldi”, - deb o`ylagandim. Shukurki, men uchun tavba eshiklari hali berkilmagan ekan. Alhamdulilloh, peshanamga nuri hidoyatdan bahra topish yozilgan ekan..

Onajonim meni yo`qlab borishi bilan o`zimni tutolmay yig`lab yubordim. Sho`rlik onam ham menga qo`shilib anchagacha ko`z yosh to`kdi. Og`zidan chiqqan qarg`ishi uchun ming karra pushaymonligini aytdi.

- Ahmoq o`g`lingizni kechiring, - dedim o`zimni yig`idan arang to`xtatib. - Bundan keyin kasofat aroqning yaqiniga ham yo`lamaganim bo`lsin. Xudo shifo berib oyoqqa tursam, umr bo`yi xizmatingizni qilaman.

Onam bu iqrorimni shunchaki o`tkinchi pushaymonlik belgisi deb o`yladimi, ro`molchasi bilan namli ko`zlarini artib, yarim ovozda dedi:

- Mayli, o`g`lim. Sen tuzalib ketsang bo`lgani. Shifoxonada yarim oycha davolandim. Ancha paytgacha qo`ltiqtayoq bilan yurdim. Lekin shu-shu bo`ldi-yu, ichkilikdan batamom yuz o`girib ketdim.

Onamning o`zi qudasinikiga borib, xotinim, bolalarimni qaytarib keldi.

O`sha kunlardanoq oila tebratish uchun tuzukroq ish qidira boshladim. Uzoqroq qarindoshimiz mening astoydil ichkilikdan tavba qilganimni eshitib, ijaraga “Damas” mashinasini beradigan bo`ldi.

Negadir rulga o`tirgan kunimdan boshlab ishimga baraka kira boshladi. Qisqa fursatda ro`zg`orimiz yana izga tushib ketdi. Bir yilning ichida o`zim ham bitta mashinaga etarli pul ishlab topdim. Etmaganiga undan-bundan qarz ko`tardim.

Shuning orasida chordevor hovlimning ham surobini epaqaga keltirdim. Nimaiki ish qilsam, avvalo, onamning duosini olishni odat qildim.

Avval bilmagan ekanman: baxt - qavatingda onaizoring borligida, saodat - uning rizoligini bilishda, xayr-baraka ham onalarning duosida ekan.

Hamsuhbatim ana shu so`zlar bilan hikoyasini yakunladi. Men esa unga hayrat ila tikilib turardim. Shu onda xayolimda Rasulullohning yana bir hadislari charx ura boshladi:

“Jannat onalar oyog`i ostidadir!”.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1