Mamlakatimizda 11 mingdan ziyod mutaxassis shifokorga ehtiyoj borligi aniqlangan. Shu sababli Prezidentimiz tashabbusi bilan birlamchi tizimda kadrlar ta`minotini yaxshilash maqsadida joriy yil uch mingdan ziyod bakalavrning qariyb 80 foizi birlamchi tizimga jalb qilindi, deb yozadi O`zA.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida bakalavriatning 7-kursi va ordinaturaning 2-kursi bitiruvchilari "Shifokorlikka qasamyod" tadbirida ana shular haqida so`z yuritildi.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida 2017-2018 o`quv yili bakalavriatning 7-kursi va klinik ordinaturaning 2-kursi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyalari 2018 yil 2 yanvardan 6 yanvarga qadar o`tkazildi. Joriy yilda institutning «Davolash ishi», «Kasbiy ta`lim», «Pediatriya ishi» yo`nalishlarini 407 nafar, klinik ordinaturani esa 97 nafar talaba bitirdi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sog`liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda bir oy muddatda tibbiyot kadrlariga bo`lgan ehtiyoj hududlar, tumanlar va shifo maskanlari bo`yicha aniqlandi. Ushbu ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot yo`nalishidagi barcha bitiruvchilar doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida o`z sohasi bo`yicha ishga joylashtirildi. Ular joriy yilning 8 yanvaridan ish faoliyatini boshlaydi.
Qashqadaryolik Jahongir Bozorov ham o`qishni a`lo baholarda yakunlab, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi "Turkiston" qishloq vrachlik punktida umumiy amaliyot shifokori bo`lib ishga joylashdi.
– Ustozlarimizdan olgan bilimlarimni amaliyotda qo`llab, xalqimiz uchun xizmat qilishga bel bog`ladim, – deydi Jahongir. – Biz, yoshlarga yaratilgan bunday sharoit nafaqat bizni, balki ota-onalarimizni ham behad quvontirmoqda. Oilam bag`rida, ota-onamning yonida o`zim qiziqqan sohada ishlash doimiy orzuim edi. Orzularimizni ro`yobga chiqarayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.






