1

NON, SOVUN VA MUHABBAT

Mutolaa 06.01.2018, 22:36
NON, SOVUN VA MUHABBAT

O`rxon Kamol

NON, SOVUN VA MUHABBAT

Qamoqxonamizda G`olib degan nazoratchi ishlardi. Uzzukun oynaga qarab qizg`ish-qo`ng`ir jingalak sochlarini silliqlab taragani-taragan edi. Toliqqan afti angorini ko`rgan odam uni konservatoriya talabasi derdi.

Allaqanday uchuvchi serjantdan arzon-garovga sotib olgan ag`darma eskicha ko`k plashini sira echmas, o`zi ham bu uniqqan kiyimda oydekkina mashshoq talabaga aylanib qolardi go`yo.

Men bilan osh-qatiq bo`lib qolganining boisi ilk bor kameramga kirib kelganda, uni xush-xandon kutib olgandim. Ammo-lekin hammasidan ham uni ko`proq kitoblarim jalb qildi. Bir kuni u mendan hayot kaminani itqitib tashlagan esa-da, ne sababdan yutoqib kitob o`qishimni so`rab qoldi. Bundan ne naf? Axir, hali uzoq o`tiraman. Basharti kun kelib ozodlikka chiqqan taqdirimda ham manglayimda o`tirib chiqqan degan o`chmas tamg`a qoladi-ku...

O`z navbatida men ham “Kitob o`qish o`rniga nasha chekib, qimor o`ynaymi yoki pichoqbozlik qilaymi?” deb so`raganimda, u o`ylanib qoldi.

Tez orada biz qalinlashib ketdik.

Ish vaqti tugagach, odatda u kameramga kirib, yonimga o`tirar va bir nuqtaga tikilgancha, uzoq vaqt miq etmasdi. So`ngra mendan Xudo, muhabbat va baxt, hayot-mamot, jannat va do`zax haqida so`rardi. Ha, aql-farosati baloday edi uning.

– Nahotki biz ham odam bo`lsak? – dedi u kunlardan bir kuni. – Qandaydir o`ttiz besh lira maoshni deb bir oylab turmadan chiqmaymiz. Sizlardan nima farqimiz bor? Bu erga o`z ixtiyorimiz bilan kelganmiz. Shu, xolos.

Uning hech kimi yo`q edi: onasi o`n yil burun sildan o`lib ketgan, otasini esa hatto eslolmasdi.

– Muhabbat... – derdi u ko`pincha. – Kinolardagina bo`ladigan samoviy ishq... O`y-fikrlarimni ko`zlarimdan uqib oladigan sevgilim bo`lishini istayman. Biz so`z bilan emas, nigohlarimiz bilan suhbatlashgan bo`lardik. Uyimiz ham bo`lardi: ikki-uch xonali, bundan ortig`i kerak emas... Uyimiz ola-g`ovur shaharda emas, dengiz bo`yidagi o`rmonda bo`lishini xohlardim, moshinalar va radio shovqinlaridan olisda. Uzoq qish tunlari sohilga to`lqinlar urilib, bo`ron daraxtlarni yulqilab, o`rmondan bo`rilarning uvillashi eshitilganda, sevgilim pinjimga tiqilib: “G`olib, qo`rqib ketyapman...” degan bo`lardi. Keyin o`g`limiz tug`iladi, sochlari jingalak va malla, ko`kko`z, do`mboq chaqaloq. Xuddi kinodagidek...

– Keyin-chi?

– Keyin... Suyukligim vafot etadi... O`z qo`llarim bilan go`r kavlab, uni tuproqqa qo`yardim va o`zim ham o`lardim!

Shunday kunlarning birida G`olib mendan kitob so`radi. Samoviy ishq-muhabbat hamda dono fikrlar yozilganidan, dedi u. Bunaqasi menda yo`q edi. Oshnalarimning bittasidan “Kameliyaga burkangan xonim” ni so`rab olib berdim. Ertasi kuni G`olib ko`zlari qizarib keldi. Tuni bilan uxlamabdi.

– Ishonasanmi, – dedi u, – Margaritaga achinib, uzoq yig`ladim, tonggacha mijja qoqmadim... Yo Rabbiy, naqadar kuchli, naqadar fusunkor so`zlar-a!

G`olib mendan yana bironta kitob so`radi. Qo`limga ilinganini berdim. Adashmasam, “Mening universitetlarim” edi.

– Bunisi o`ziga tortmadi, – dedi G`olib kitobni qaytararkan.

Negaligini so`radim.

– Balki, bu ham qiziqdir, lekin... bilmadim — sen va men kabi oddiy odamlarning sevgisiga o`xshab ketadimi-ey!

G`olibga tushuntirishga harakat qildim.

– Ha, – dedi u, – sen haqsan, albatta. Ammo-lekin har bir kitobda yangi Margaritani topmoqchiman... Arman Dyuval-chi?!.. Unga o`xshashni istashimni o`zing bilasan-ku.

Shunisi ham borki, G`olib qanday kitob olmasin, uni yirtmaslikka, iflos qilmaslikka tirishardi.

Bir kuni lazaretda yotganimda, G`olib qo`lida maktub qoralamasi bilan keldi. U qattiq hayajonlanardi. Karavotimga yaqin kelib, xatni uzatdi.

– Nima bu?

– O`qi, bilasan!

Bu siyqasi chiqqan so`zlarga to`la dil izhori edi. Maktubda o`lim sir-sinoati, baxt-saodat, abadiy muhabbat, nafis qanotchali sevgi farishtalari, Tangri taolo ayollarni sarob misol qo`l etmas qilib yaratgani haqida uzoq va zerikarli qilib yozilgandi.

Xat kimga atalganini so`radim. G`olib ko`zini olib qochib, sholg`omday qizarib ketdi. Savolni takrorladim.

– Keyinroq bilib olasan, – deb javob berdi u va ovozi qaltirab so`radi: – Xo`sh, qalay? Ta`sirli chiqibdimi?

Uning shundayin mo`ltirab qaradiki, to`g`risini aytsam, ruhini tushirgim kelmadi. Yo`qsa u mendan ta`sirliroq xat yozib berishimni iltimos qilgan bo`lar, bu esa qo`limdan kelmasdi. Maktub yomon emas, dedim. Avvalboshda u meni hazillashyapti deb o`yladi, keyin esa ishonib, o`zida yo`q xursand bo`lib chiqib ketdi.

Kunlar o`taverdi. Lazaretdan chiqib, kameramga qaytib kelganimda, G`olib oldimga keldi va qo`limdan ushlab, ko`zdan panaroqqa tortdi. Qoramtir zangori ko`zlari g`amga botgandi. Cho`ntagidan to`rt buklangan xat olib, menga uzatdi.

Xatda imloviy xatolar tiqilib yotardi. Bu xat butun umrga miyamga muhrlanib qoldi. Xat mana bunday boshlanardi:

“Azizim!

Sevgi xating ajoyib ko`klam kunlaridan birida qo`limga kelib tushdi va bundan boshim ko`kka etdi. Biroq sen kitoblardagidek yozibsan. Men bunaqangi so`zlarni tushunmayman. Ko`ngil ko`ngildan suv ichadi. Agar sen meni sevsang, demak, men ham seni sevaman. Agar men sening mahbubang bo`lsam, sen ham mening yorimsan...”

Xatning intihosi esa quyidagicha edi:

“Ozodlikda hech kimim yo`q. Gap o`rtamizda qolsin-u, ich kiyimlarim bitlab ketgan. Shuning uchun birov menga yaqinlashmaydi, xazar qilishadi. Ustiga ustak, qachon qarama och yuraman. Quruq non-suvni bir o`tirishda paqqos tushirib qo`yaman. Muddatim tugashiga qirq kun qoldi. Agar sen meni chindan sevsang, menga bir parcha sovun va ikki bo`xonka non berib yubor, ozodlikka chiqqanimdan so`ng surishib ketamiz”.

Xatning to`rt cheti sigaret bilan kuydirib teshib qo`yilgandi.

– Bunisiga nima deysan? – so`radi G`olib. – Yoqdimi? Men unga ilohiy ishq haqida yozsam-u, u bo`lsa qayoqdagi yo`q sovun-u, nonni gapiradi...

U qo`limdan xatni yulqib olib, mayda-mayda bo`laklarga bo`lib, polga tashladi.

– Shular ham ayolmi? Moldan farqi yo`q!

Uning nohaq ekanligini uzoq tushuntirishimga to`g`ri keldi. Devorga termulgancha, ahyon-ahyonla xo`rsinib qo`yib, gaplarimdan biz mahbuslar hayotida sovun va nonning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini uqib olishga urindi.

Keyin ketdi.

Ertasiga ertalab yana keldi. Zangori ko`zlari quvonchdan porlardi.

– Men unga bir bo`lak sovun va ikki bo`xonka non berib yubordim, – dedi G`olib astagina.

Ayollar bo`limidagi umumiy bo`lmalarga mas`ul mahbuslarning aytishicha, o`shandan beri G`olib o`sha ayolga sovun, non va picha pul-muldan yordam berib turadigan bo`libdi.

Tez orada ayolni ozodlikka chiqarishdi. U yoshgina durkun juvon edi; o`n to`rt yoshligida majburlab erga berishgan ekan, o`n beshga to`lganda esa hiyonati uchun eri uydan haydab solibdi. Ko`cha-ko`yda qo`ldan-qo`lga o`tib, oxir-oqibat uch oyga qamalibdi.

Birmuncha fursatdan so`ng nazoratchi G`olib o`sha ayolga uylanganini eshitdik.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1