1

JANNATGA YO`L (HIKOYa)

Mutolaa 07.01.2018, 19:22
JANNATGA YO`L (HIKOYa)

To`rt soatdan beri bir paytlar yo`l bo`lgan, hozirda uning o`rnini toshloq egallagan chang ko`chadan yayov ketmoqdaman. Bunday ko`cha changitib, piyoda yurishimga bardoshim yoki xasisligim sabab bo`lganligini hozir xotirlay olmayman. Ammo oldimga kelib to`xtagan avtobusga atay chiqmay, birorta dehqon aravada manzilimga bepul etib olishni niyat qilganim rost.

Piyoda yurishdan shu darajada charchagandimki, nazarimda oyog`imning tagidan olov chiqardi. Aksiga olib yo`lda arava tugul daydi it ham uchramadi. Oyning xira yog`dusi taralib turgan, nihoyasi yo`q achchiq ichakday cho`zilgan yo`lda o`zimni juda yolg`iz his qildim. Koinotning barcha jonzotiga qirg`in kelgandek go`yo... Menga qanchalik qiyin bo`lganini tushungandirsiz? Yana bir necha lahzalardan keyin oyoqdan qolib, yo`l yoqasidagi zovurga qulayman, deb o`yladim.

Suyaklarim jo`r ovozda zorlanardi. Yo`lga chiqqan paytimdagi yolg`onchi o`y– xayollarimni ich– ichimdan lan`atladim. Nimalar haqida orzu qilmagan edim– a... Tun yog`dusida sayr qilishni, daryo bo`yida xotirjam dam olib, tamaki burqsitishni va nihoyat, birorta xushfe`l arava haydagan dehqonni uchratishni niyat qilgandim.

Xayol surarkanman, uzoqdan kelayotgan g`ildirakning g`ichir– g`ichiri qulog`imga chalindi. Zulmat qa`ridan arava chiqib kelayotganini ko`rib, xuddi xochga mixlangan Iso Masih kabi qo`llarimni umidsizlik bilan yoyib, yo`l o`rtasiga chiqdim.

Oldimga usti bo`yra bilan o`ralgan arava kelib to`xtadi. Qirchang`i va nimjon ot ortida o`tirgan odamning boshi arang ko`rinardi. Aravakash tizginni tortib, bo`g`iq ovozda so`radi:

– Yo`l bo`lsin?

“Ey Xudo, qaerga ketayotganim senga baribir emasmi?”

– O`zing qayoqqa ketyapsan?

– Jahannamga...

– Demak, men ham o`sha yoqqa boraman... – g`ildirakka oyog`imni qo`yib, aravaga chiqdim. Aravakashning yoniga o`tirdim.

Piyoda sudralmay, yo`l bosmaslik qanday baxt! Jin ursin, aravaning qayoqqa ketayotganining nima ahamiyati bor? Nima bo`lganda ham biror qishloqqa borib to`xtaydi, u erda bir finjon qaynoq qahva ichishim mumkin... Boshqa narsa haqida o`ylashga kuchim qolmadi, oyoqlarim biror qahramonlik ko`rsatishning uddasidan chiqadigan ahvolda emasdi.

Uzoq vaqt mum tishlab ketdik. Aravakash lom-mim demadi, men ham unga minnatdorchilik bildirishni lozim topmadim. O`t solingan qop ustiga yaxshilab o`rnashib oldim... G`ildirakning ovozi, aravaning tebranishi tanamga orom bag`ishlab, ko`zlarimni uyqu elitdi.

Biz yo`lning ikki chekkasiga saf tortgan qoraqayinlar orasidan sekin, suzib borardik. Ko`zlarimni nim yumgancha, aravakashning betiga tikildim. Qaysargina qariyaga o`xshaydi. Men bilan bo`lgan uchrashuv unda hech qanday qiziqish uyg`otmadi. Cholning yuzini soqol bosib ketganidan qaerdan mo`ylovi boshlanib, qaerda soqoli tugashini anglash qiyin edi. Burni esa oldinga o`ynab chiqqan. Qoshlari qalinligidan peshonasini ham soqol bosganga o`xshardi. Ularning tagidan ukkinikiday bir juft ko`z odamga teshib yuborguday boqardi.

Aravakash vaqti-vaqti bilan erinchoqlik ila qamchisini ko`tarar, uni bir necha lahza havoda muallaq ushlab turib, sekingina otning yag`riniga urib qo`yardi. Aslini olganda bunga ehtiyoj ham yo`q edi, har bir qadamda nafasi bo`g`ilib, ko`ksov kasaliga chalinganiga qaramay, qirchang`i ot bor kuchi bilan tezroq sayisxonaga etib borib, nafas rostlash uchun oldinga intilardi.

Uning yuziga diqqat bilan tikilganimni sezgan aravakash men tomonga o`girildi.

– Allohim, barcha gunohlarimizni o`zing kechir, – deb gap boshladi qariya bo`g`iq ovozda. – Marhum haqida yomon gap gapirish katta gunoh bo`lsa-da, ammo u dunyodagi eng iflos odam edi. Uning umri davomida birovga yaxshilik qilmagani nafaqat dehqonlarimizga, balki butun okrugga ayon. Bekorga bunaqalar haqida “Bolalarni etim, kelinlarni beva qiladi”, deyishmaydi. Nimasini aytasan, uning jabr-zulmi sabab pushti kamaridan bo`lgan o`g`li toqqa qochib ketdi. Hamma gunohi uchun o`zi javob beradi...

Qariya kamaridan portsigar olib, menga ham sigareta uzatdi. Sigaretani tutatib, undan so`radim:

– Kim haqida gapiryapsiz?

– Ana, orqangdagi odam haqida gapiryapman.

– U erda kim bor?

– Kim bo`lardi, Rajab amaki-da!

Qiziqib, ortimga o`girildim, ammo aravaning ichi qorong`i bo`lgani uchun hech nimani ko`rolmadim.

– Bundan ikki soat burun qasabada olamdan o`tdi, – deb qo`shimcha qildi qariya. – Uni u yoqqa o`zim olib borgandim... Endi orqaga ham o`zim olib qaytyapman...

Miyamga yarq etib urilgan fikrdan dahshatga tushdim. Biz yolg`iz emasmiz, aravada murda bor... Piyoda, ming azobda sudralib yo`l bosgandan ko`ra, murda bilan bir aravada ketishga chidashni ma`qul ko`rib, joyimdan jilmadim.

– U nimadan o`ldi?

Aravakash endi buning nima ahamiyati bor deganday, elka qisdi.

– Kim nimadan o`lmasin, barchasiga biror falokat sabab bo`ladi, – deb javob berdi u. – Masalan, kambag`al har doim muhtojlikdan o`ladi... Kecha ertalab uning tobi qochdi. Kel, mayli shu gunohkor, do`zaxi banda uchun bir yaxshilik qilay, dedim. Har qalay bitta qishloqda tug`ilib, bitta qishloqda voyaga etdik, hali vijdonim o`lgani yo`q, dedim... Bunday voqea yuz berishini bilganimda edi... Hammasi taqdir, peshona ekan.

– Shaharga olib bordingizmi?

– Viloyatga olib borgandim.

– Do`xtirgami?

– Kasalxonaga... Uni qabul qilishmadi. “Biror kun kutib turing, joy bo`shasa, qabul qilamiz”, deyishdi. Ularga “Rahm-shafqat qilinglar, bemorning joni hiqildog`ida turibdi”, deb iltimos qildim. Hech kim ohu nolamga quloq solmadi. Allohga shukurki, kasalxonada xizmatchi bo`lib ishlovchi bir hamqishlog`imni uchratib qoldim. U menga gubernatorga bemorning ahvoli og`irligi, bir necha kun kutolmasligi haqida iltimosnoma yozish kerakligini maslahat berdi. Yuqoridan buyruq berilsa, kasalxona bemorni darrov qabul qilishini aytdi. Aytilgan gap – otilgan o`q.Mirzaga bir lira bergandim, qog`oz qoralab berdi. Qog`ozning orqasiga o`n olti qurushlik,tamg`ali marka yopishtirdi. O`n olti qurush, hazilakam gapmas! Hammasi mening hamyonimdan ketdi. Rajabning sotadigan hech nimasi yo`q edi.

Shunday qilib, iltimosnomani gubernatorning qabulxonasiga olib bordik. U erga bizni kiritishmadi, kotibni kutishimiz lozimligini tushuntirishdi. Qo`limizdan boshqa nima ham kelardi? Kotibni kutishdan boshqa ilojimiz qolmadi. U tushlikkacha kelmadi, ishi bormish... Qachon kelishi ham noma`lummish... Kutishga qaror qildik. Rajab og`a esa aravada og`riqdan azob chekib, ingragancha, yotaverdi. “Eh, Rajab, Allohim qilgan gunohlaring uchun seni jazolayapti. Mening ham gunohlarim senikidan kam emas, shekilli, boshimga bitgan balo bo`lding”, – dedim o`zimga o`zim.

Qabulxona joylashgan bino oldidagi boqqa kirib, aravani soyaga qo`ydim. Rajab oh-vohi bilan tinchlik bermadi. Janob kotib asr namozi vaqtiga etib keldi. U mening iltimosnomamga bir qur nazar tashlab, uning orqasiga qalam bilan bir nimalarni yozdi. Ey Allohim! Kotibning shugina qog`oz qoralashi uchun uni naq sakkiz soat kutdik. “Beyim, endi bu qog`ozni qaerga olib boraman?” deb so`radim. U esa g`azabdan ko`karib: “Ey, axmoq chol! Bema`ni savollaring bilan jonimga tegma! Qabulga kelgan har bir odam bilan bir soatdan valaqlashsam, ishlashga vaqtim qoladimi? Qani, tuyog`ingni shiqillat!” dedi.

Erga uch marta dumalab, bergan savolim uchun kotibdan uzr so`radim. “Eh, miyasi aynigan chol, birovlarga yaxshilik qilaman, deb boshingga balo orttirding”, deya o`zimni la`natladim. Endi bu gaplarni aytganimdan nima foyda?

Nima qilishni bilmay darbonning oldiga bordim. “Xudo hayringni bersin, yolvoraman, jahling chiqmasin... O`qishni bilmayman. Manavi xat bilan endi qaerga borishim kerak? Yo`l ko`rsatolasanmi?” deb unga iltimos qildim.

Allohga ayon, darbon ham menga o`xshab, alifni kaltak deydigan savodsiz ekan. Shunga qaramay, ishi qog`oz bilan bog`liq bo`lgani uchun u qo`limdagi iltimosnomaga uzoq tikildi va nihoyat, uni sog`liqni saqlash bo`limiga olib borishim lozimligini aytdi. Undan qo`rqa-pisa “Sen aytgan joy qaerda?” deb so`radim. “Sog`liqni saqlash bo`limi bu erdan uzoqda joylashgan. Avval bozordan o`tib, keyin o`ngga, so`ngra chapga burilasan, u yog`i yaqin. Duch kelgan odamdan so`rsang, yo`l ko`rsatadi”, dedi darbon.

Aravaga o`tirib yo`lga tushdim. Adashib kirmagan jinko`cham qolmadi. Nihoyat, topdim, lekin eshikka qulf ilingan ekan. Yo`lovchilar menga barcha muassasalar soat oltida yopilishini aytishdi. Ko`ryapsanmi, boshimizga qanday azoblar tushdi?

Qo`limdan nima ham kelardi? Ertalabgacha kutishdan boshqa choram qolmadi. Uxlashga yotdim. Aravaning bir burchagiga men, ikkinchi burchagiga Rajab joylashdi. Rajabning ingrashi uyquning beliga tepdi. “Rajab, Xudo haqqi, yolvoraman, dod-faryod qilib, yuragimni ezma! Tonggacha kutsak bas, hammasi yaxshi bo`ladi, sen ham otdek bo`lib, oyoqqa turib ketasan!” dedim. Biroq u mening gaplarimni tushunadigan ahvolda emasdi. Gaplarim Rajabga ta`sir qilmaganini ko`rib, aravadan tushib, daraxtning tagiga teridan yasalgan bo`yramni solib, yotdim.

Rajab oh tortsa, men xo`rsindim, u xo`rsinganda, men boshqa tomonga ag`darildim, shunday qilib tong ottirdik. Sog`likni saqlash bo`limiga farrosh bilan birga kirib bordim. Bir soat sarg`ayib o`tirganimdan keyin yoshi o`tib qolgan bir kishi paydo bo`ldi. U menga: “Nimaga so`fi azon aytmasdan etib kelibsan? Odamni nafas rostlashga ham qo`ymaysanlar-a?” deb javrab kutib oldi. Men uning zaharli gaplariga e`tibor bermay, qo`limdagi qog`ozni tiqishtirdim.

Erkak istar-istamay qog`ozni olib, aylantirib, ko`zdan kechirdi. “Hammasi joyida, faqat bemorning haqiqatan ham kambag`alligini isbotlovchi ma`lumotnoma kerak. Bo`lmasa men uning boy yoki kambag`alligini qaerdan bilaman?” dedi.

Nima ham derdim, u to`g`ri gapirdi. “Beyim, rahmingiz kelsin, men qishlog`imizning oqsoqoliman. Mana muhr ham, boshqa blankalar ham yonimda... Nima kerakligini aytsangiz bo`ldi, hammasini bir zumda hal qilaman”, deb yolvordim.

Shunda ilk bora hamqishloqlarim meni qishloq oqsoqoli etib saylaganlari uchun Yaratganga shukronalar aytdim. Bo`lmasa shu bir parcha qog`oz uchun qishloqqa qaytishimga to`g`ri kelardi.

Boyagi kishi menga “Oqsoqol bo`lsang, manavi erga o`tirib, kerakli ma`lumotnomani yoz!” dedi. Men unga yozishni bilmasligimni aytdim. Chunki men kotib yozib bergan ma`lumotnomalarga faqatgina muhr bosish bilan shug`ullanardim. U “Hechqisi yo`q, anavi burchakda iltimosnoma yozish bilan shug`ullanadigan kotib o`tiribdi, shuni yoniga borsang, ma`lumotnoma yozib beradi”, dedi. Kotibga ma`lumotnoma yozib bergani uchun bir lira berdim. Kambag`alligimizni tasdiqlatish menga qimmatga – ikki yuz o`n olti qurushga tushdi. Albatta, hammasi mening hisobimdan bo`ldi. Rajabning esa qiltillab turgan jonidan bo`lak hech vaqosi yo`q. Ma`lumotnomani olgan erkak “Hozir ruxsatnoma yozib beraman, zudlik bilan bemorni kasalxonaga olib borib, yotqiz!” dedi.

Barcha azoblarim tugagani uchun Allohga shukrona keltirdim. Kasalxonada yana hamqishlog`imni uchratib qoldim. Undan tezroq Rajabdan qutqarishni iltimos qildim. U esa: “Shoshilma, hali bosh shifokorga uchrashib, iltimosnomangga qo`l qo`ydirish lozim”, dedi. Xudoyim o`zing rahm qil, buncha ko`p imzo chekish kerak ekan-a? Iltimosnomamga qo`l qo`ymagan odam qolmadi-ya...

Bosh shifokorning oldiga kirib, qog`ozga imzo chektirdim. Xayriyat-ey, hozir hamma azoblardan qutulaman, deb o`ylab, jilmayib qo`ydim. Ammo har doim ham insonning aytgani bo`lavermas ekan, hamma narsa Yaratganning inon-ixtiyorida ekan. Aravaga yaqinlashgan sanitarlar Rajabning allaqachon dorilbaqoga rixlat qilganini ko`rib, “Biz kasalxonaga o`liklarni emas, tiriklarni qabul qilamiz...” dedi. Haqiqatdan ko`z yumib bo`lmaydi, Rajab rostdan ham Yaratgan Egamga omonatini topshirib bo`libdi.

“Rahmlaring kelsin, endi nima qilaman?” deb qichqirdim ularga qarab.

“Nimani nima qilasan? Uni o`zing olib keldingmi, o`zing qaytarib olib ket!” deyishdi. Endi menga qanchalar qiyin bo`lganini tushundingmi? Mana, Rajab amakini qanday olib kelgan bo`lsam, shunday qaytarib olib ketyapman... Qo`limdan nima ham kelardi, hammasi Ollohning xohish-irodasi...

O`rxon XANChERLI O`G`LI

(Turkiya 1916– 1991)

Rus tilidan Lola Shoimova tarjimasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1