1

IChXASTA

Mutolaa 08.01.2018, 15:40
IChXASTA

Otasi notanish bir ayol bilan notanish bir shaharga ketib qolibdi, endi qaytmasmish

“Tar-rvu-u-uz keldi, tar-r-rvu-u-z!”

Ko`p qavatli uyning hovlisidan erkak kishining yo`g`on ovozi jarang sochdi. Yoz oylarida har kuni shomdan oldin sotuvchi og`ir temir aravachasini erinchoqlik bilan surib xuddi hozir o`zi turgan joyda paydo bo`ladi va yuqori qavatlardan ham yuqorilab ketadigan baland ovozda vahmga solguvchi ohangda chaqirig`ini boshlaydi:

“Tar-r-rvu-u-uz keldi, tar-r-rvu-uz-z-z...”

Uning ovozi mavze bo`ylab har tomonga sochilib ketgandek tuyuladi.

– Oyi, oyijon, tarvuz keldi, olaylik, jon oyi, – har kuni sotuvchining ovozini eshitishi bilan bolaga jon kirgandek bo`ladi. Qorong`i xonada to`shak tortib yotgan onasining oldiga qarab yuguradi.

– Ko`tara olmayman-da, bolam. Menga bir kilo ham yuk ko`tarish mumkin emas, chirog`im. Boshqa safar olarmiz. Axir ko`ryapsan-ku, bir ahvolda yotibman, uning ustiga yuqori qavatda yashasak.

– O`zim ko`tarib olib chiqaman, oyijon. Olaqolaylik, iltimos.

– Qanaqasiga? – onasining ko`zlari savol nigohi bilan kattarganini qorong`i xonadayam payqasa bo`lardi. – Endi to`rt yoshdan o`tding-ku. Tarvuz ko`tara olaman deb o`ylayapsanmi, kichkintoy?

– Lekin oyi, siz har kuni “boshqa safar” deysiz. Sotuvchi amaki “pulini beramiz, olib chiqing”, deganlarning uyiga o`zi olib chiqib berayapti.

– Ammo tarvuz olgani pulimiz ham qolmagan-da, bolajonim, o`zi bog`cha pulingni buving pensiyasidan to`lab turgan bo`lsa, – deya hazin jilmaydi oyisi.

– Mayli, – dedi bola umidsizlanib boshini quyi solganicha. So`ng biroz tetiklik bilan: – Pulingiz bo`lganida albatta olib berasiz-a?! – dedi yana umidlanib.

– Albatta olib beraman, shirinim, – dedi onasi ichidan otilib kelayotgan iztirobni bo`g`zida majbur ushlab turib.

– Oyi, negayam o`zi kasal bo`lib qoldingiz, yosh odamlar kasal bo`lishmaydi-ku. Bog`cha opam aytishlaricha, siz chiroyli ekansiz. O`zi qanday kasalsiz, oyijon?

– Ichxastaman, bolam.

– Ichxasta?! U nima degani, oyi?

– Ichiga o`t tushgan, ichida olov bor degani.

– Yo`g`-ey?.. – bola tezgina oyisining peshanasiga qo`lini qo`ydi. – Isitmangiz yo`q mana, – dedi hayron bo`lib. So`ng qorong`i xonadan chiqib, mehmonxonaga o`tdi. Biroz multfilm tomosha qilgan bo`ldi. Onasi narigi xonada qaysidir dugonasi bilan telefonda gaplasha boshladi. Garchi baland ovozda gaplashmayotgan bo`lsa-da, suhbati bemalol quloqqa chalinayapti. Otasi notanish bir ayol bilan notanish bir shaharga ketib qolibdi. Endi qaytmas emish. Ular shuni gaplashishayapti. Demak, onasining kasaliga otasi sababchi ekan-da. U ketib qolganidan so`ng onasi kasal bo`lib yotib qoldi. Qorong`i xonadan chiqmaydi. Kunda bir mahal baholi qudrat nimadir emak pishiradi. Bolaga uning pishirayotgan ovqatlari ilgarigilaridan ancha bemazaday tuyuladi. Shunday bo`lsa-da, qorinchasini to`ydirish uchun miq etmay taom chaynaydi. Bolalar bog`chasi o`zlari yashaydigan uy bilan yonma-yon joylashganiyam yaxshi, o`zi borib kelyapti. Onasi holsiz. Lift ishlamayotgani uchun to`qqizinchi qavatga chiqib tusholmas ekan.

– Botirjon, o`g`lim, buyoqqa qara-chi!

Ko`zlari uyqudan yumilay deb turgan bola oshxonadan kelayotgan ovozdan turdi.

– Labbay, oyijon.

– Xolang sovg`a qilgan tarvuzga o`xshaydigan koptoging yorilib qolibdi, – dedi onasi puchayib yotgan to`q yashil yo`lli och yashil koptokni qo`liga olib: – Tavba, xuddi birov ataylab pichoq bilan kesganday yorilibdi. Qara, yorilgan joyi tep-tekis.

– Ha, oyijon, – dedi bola sekingina, u boshini quyi solib turardi. – Aslidayam pichoq bilan kesilgan. Uni men kesdim.

– Sen?! Qanaqasiga? Senga pichoq ushlash mumkin emas, deb necha marta aytganman. Axir, shu o`yinchog`ingni juda yaxshi ko`rar eding-ku. Nega kesding, ayt?

Bola biroz jim turdi. Keyin:

– Men uning ichida tarvuz bor deb o`ylab kesib ko`ruvdim. Kechiring, oyijon. Judayam tarvuz egim kelgandi-da.

Ayol qandaydir tushunuksiz holatda dong qotdi... Qorong`i xonasiga kirib ketib o`yga toldi. So`ng hayotining o`tib ketgan qismiga ko`z tashladi. Shu paytgacha turmush tarzidan ko`ngli to`lmasdi. Bunday davom etishini istamasdi, albatta. Lekin undan chiqib ketish yo`lini ham topa olmayotgandi. Nimadir yuz berishidan, qandaydir tole uni yoki yaxshi tomonga, yo aks tomonga burib yuborishidan umidvor bo`lishdan boshqa qo`lidan hech bir ish kelmayotgandi. Bola esa unga aynan o`sha topa olmayotgan yo`lini sof bir shaklda tushuntirib bera olgandi. Taqdir chiziqlari u hayotidan nimani istagan bo`lsa, shunga yaqin olib borgandi-da, o`sha joyni darz ketkizgandi. U bo`lsa kelgan joyida to`xtab qolibdi. Asli hayotning, yashashning mazmuni to`xtamaslik ekanini o`ylamabdi. Faoliyatsiz mavjudlikni tiriklik deb bo`larmidi?

...Ertalab yana oldingiday chiroyli bo`lib olgan ayol bolasini etaklab qaergadir yo`l oldi. Muhtasham binoning xushbo`y hidlar ufurib turgan xonasiga kirdilar. Onasi rus tilida bir yigit va qiz bilan nimalarnidir gaplashdi. So`ng o`sha qiz onasini katta ko`zgu oldidagi yumshoq o`rindiqqa o`tqizdi-da, elkasidan pastga quyulgan shalola sochlarini qirqib olib, taroziga qo`ydi. Bola bo`layotgan bu ishlardan biroz hadiksirardi. Keyin yigit onasining qo`liga ikki o`ram pul tutqazdi.

U erdan chiqib, bozorga bordilar. Katta bir tarvuzni sotib olgan onasi uni bemalol ko`tarib kelardi. Bola juda xursand bo`lib, onasining dam u tomoniga, dam bu tomoniga o`tib irg`ishlardi.

– Oyi, tuzaldingizmi? Endi og`ir narsalarni ko`tara olasizmi?

– Ha, o`g`lim, hozir ikkimiz uyga borib tarvuz eymiz-da, keyin menga ish qidiramiz, maylimi?! Bugunchalik bog`chaga bormay turasan. Bugun menga dalda kerak, – dedi onasi quvnoqlik bilan.

– Xo`p, oyijon. Ishlasangiz, sizga pul berishadi-a, oyi?

– Ha, o`g`lim. Ishlasam, har kuni tarvuz eymiz.

– Endi ichxasta emasmisiz, ichingizda olov yonmayaptimi? – bola qo`rqa-pisa so`radi.

– Yo`q, bolam. Ichimdagi xastalik notanish makonlarga g`oyib bo`ldi. Ko`p narsalar ma`nosini yo`qotdi va faqatgina sen qolding, – dedi va o`g`lining yuzini avaylabgina chimdib qo`ydi.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1