O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev nutq so`zladi.
Bosh prokuror o`z so`zida mamlakatimizdagi shiddatli islohotlarning nafaqat guvohi, balki ishtirokchisi hammiz, deb alohida qayd etdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi bu borada mustahkam zamin bo`lmoqda.
Shu asosda hozirgi kungacha 30 dan ortiq qonun va yuzlab qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Ularning barchasida xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil asosiy o`rin tutgan.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida e`tibor kuchaygani jamiyatimiz muhiti sog`lomlashishiga xizmat qilmoqda.
Aholini sodir bo`layotgan voqealar haqidagi axborotlar bilan ta`minlash bugungi kunda dolzarb bo`lib, bu huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Bu jarayonda ba`zan noxolis axborotlar uchrayotgani sir emas.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 14 noyabrdagi “Prokuratura organlari axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori aholiga to`liq va haqqoniy axborot bilan ta`minlashga qaratilgan muhim hujjat bo`ldi.
Qarorga muvofiq Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan Axborot-tahlil multimedia markazi bu borada muhim o`rin tutib, inson huquqlarini ta`minlash sohasida izchil faoliyat yuritadi.






