2018 yilning yanvar oyidan boshlab, ishlovchi pensioner-shifokorlarga pensiya 100 foiz miqdorda to`lanadi. Bu Prezidentning 2017 yil 29 dekabrdagi qarori bilan belgilandi.
Ilgari quyidagi toifadagi ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to`liq miqdorda to`lanar edi:
- urush nogironlari va qatnashchilariga, Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy xizmatni o`tagan yoki front orqasida ishlagan shaxslarga, I va II guruh nogironlariga, Chernobil halokatidan ziyon ko`rgan fuqarolarga;
- shuningdek, fuqarolar yig`inlari va mahallalarning raislariga, ularning diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya bo`yicha maslahatchilariga, «Nuroniy» jamg`armasining barcha xodimlariga.
Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmatidan ma`lum qilinishicha, mazkur hujjat asosida sog`liqni saqlash tizimida faoliyat ko`rsatib kelayotgan 11 ming nafardan ziyod ishlovchi pensioner-shifokorlarga pensiyalar to`liq to`lanadigan bo`ldi. Bundan qishloq va olis tumanlardagi tibbiyot muassasalarining shifokorlar bilan ta`minlanganlik darajasini yaxshilash, vakant o`rinlarni malakali mutaxassislar bilan qoplash, shifokorlar mehnatini yanada rag`batlantirish, tibbiy xizmat uzluksizligini ta`minlash maqsad qilingan.
Ilgari tibbiyot muassasasida ishlayotgan pensioner shifkorlar har oyda 50 foiz miqdorida pensiya olardi. Yangi tartibga ko`ra, olinayotgan pensiyaning umumiy miqdori ikki marotabaga ortdi. Masalan, rentgenolog-shifokor har oyda o`rtacha 500 ming so`m hisobidan, bir yilda jami 6,0 million so`m pensiya olgan bo`lsa, 2018 yilda esa ikki barobar ko`p — 12,0 million so`m pensiya oladi.
Hozirda tuman (shahar) Pensiya jamg`armasi bo`limlaridagi shifokor pensionerlarning F-25 shakldagi topshiriqnomalariga pensiya miqdorini 100 foizga etkazish yuzasidan tegishli o`zgartirishlar kiritish choralari ko`rilmoqda.
Amalda o`rnatilgan tartibga muvofiq, 2018 yilning yanvar oyi uchun barcha ishlovchi shifokor-pensionerlarga 100 foiz miqdordagi pensiya to`lovi fevral oyida ish haqining ikkinchi qismi to`lovi amalga oshiriladigan muddatlarda to`lanadi.






