AsosiyJamiyat

ELLA OSTROGOJSKAYa HAQIDAGI ENG SO`NGGI, ENG ANIQ MA`LUMOTLAR

'ELLA OSTROGOJSKAYa HAQIDAGI ENG SO`NGGI, ENG ANIQ MA`LUMOTLAR'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimidagi sobiq vazir va sobiq boshqarma boshlig`ining ish uslubini jiddiy tanqid qilgan edi.

Ana shundan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab axborot va materiallar e`lon qilindi. Ella Ostrogojskaya kimligi va uning aqlbovar qilmas darajada "o`zlashtirib yuborilgan" mablag`lari, chet elda o`qib, o`sha erda yashab qolgan farzandi haqida, chet davlatlarda qimmatbaho mulklari borligi va boshqa mamlakatning fuqaroligiga ega ekanligi qayd etilgan ma`lumotlar berildi. Biroq birorta ijtimoiy tarmoqda u haqda aniq ma`lumotlar keltirilmadi.

Xo`sh, shuncha shov-shuvlarga sabab bo`lgan Ostrogojskaya xonim aslida kim? Davlat idorasida qanday vazifalarda ishlagan?

Qo`limizda Ella Ostrogojskayaning shaxsiy ma`lumotnomasi turibdi. Unda yozilishicha, Ella Ostrogojskaya 1956 yil 4 noyabr kuni Toshkent shahrida tug`ilgan. Millati – rus. Otasi Kogan Ilya Lazerovich 1922 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Uzoq yillar "Foton" zavodida usta bo`lib ishlagan otasi 2002 yilda vafot etgan. Onasi Popova Lyudmila Sergeevna uy bekasi, 1926 yil Toshkent shahrida tug`ilgan, 1959 yilda vafot etgan.

Turmush o`rtog`i – Ostrogojskiy Igor Olegovich 1958 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. "ATEKS" firmasida menejer bo`lib ishlaydi.

Qizi – Ostrogojskaya Anastasiya Igorevna 1984 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Rossiya Federasiyasi Moskva shahridagi Moskva moliya-yuridik akademiyasida tahsil olgan.

O`g`li – Ostrogojskiy Kirill Igorevich 1986 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olgan.

Ella Ostrogojskayaning ma`lumoti oliy, 1978 yilda Toshkent xalq xo`jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo`yicha tamomlagan. Magistrlik ilmiy darajasiga ega. Ilmiy unvoni yo`q.

Mehnat faoliyati davomida Ella Ostrogojskaya turli lavozimlarda ishlagan.

1974-1978 yillarda Toshkent xalq xo`jaligi instituti talabasi bo`lgan Ella Ostrogojskaya xonim ish faoliyatini 1978 yilda O`zbekiston SSR Moliya vazirligining Qishloq xo`jaligini moliyalashtirish boshqarmasida boshlagan.

1978-1986 yillarda u boshqarmada katta iqtisodchi va bosh iqtisodchi;

1986-1992 yillarda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Agrosanoat kompleksini moliyalashtirish boshqarmasi etakchi iqtisodchisi, bosh iqtisodchisi va bo`lim boshlig`i;

1992-1993 yillarda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Xizmat ko`rsatish, kooperativ, qo`shma va kichik korxonalarni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari – bo`lim boshlig`i;

1993-1995 yillarda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat byudjetini jamlash va hududiy moliya boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari – bo`lim boshlig`i;

1995-2003 yillarda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari;

2003-2003 yilda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Valyuta-iqtisod bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari – Investisiya loyihalari va dasturlarini ekspertiza qilish boshqarmasi boshlig`i;

2003-2004 yillarda O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasining etakchi inspektori;

2004-2005 yillarda O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasining bosh inspektori;

2005-2017 yillarda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig`i;

2017-2017 yil O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o`quv markazi "Moliyachi ma`lumotnomasi" byulleteni tahririyati bo`lim boshlig`i vazifalarida ishlagan.

O`zAning xabariga ko`ra, Ella Ostrogojskaya xonim mehnat faoliyati davomida ikki marta Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1998 yilda "Do`stlik" ordeni va 2010 yilda "Mehnat shuhrati" ordenini olgan.

Endi uning suratlari haqida aytadigan bo`lsak, ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan suratlar aslida Ostrogojskayamidi yoki boshqa kishimi? Buni quyidagi Ostrogojskaya xonimning haqiqiy suratini ko`rib oldingilari bilan solishtirib ko`rsangiz bilib olasiz.

    Boshqa yangiliklar