Nukusda Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligining N.N.Bloxin nomidagi Milliy tibbiy onkologiya tadqiqot markazi vertebral jarrohlik bo`limi boshlig`i, tibbiyot fanlari doktori, professor Elmar Musaev ishtirokida seminar-trening o`tkazildi.
"Umurtqa bo`g`ini va kurak suyaklarining xavfli o`simtalari diagnostikasi va emlash" mavzusida tashkil etilgan seminarda mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida rossiyalik mutaxassis onkologik kasalligi bor bemorlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazib, zarur maslahatlar berdi. Umurtqa bo`g`ini va ichki ichak yo`llaridagi kasalliklar bo`yicha ikki nafar bemorni operasiya qildi.
– Umurtqa bo`g`ini, kurak, bel umurtqasi bo`yicha orttirgan tajribamni soha mutaxassislari bilan bo`lishishni rejalashtirganman, – deydi professor E.Musaev. – O`zbekistonda birinchi marotaba bel umurtqasida xavfli o`simta kasalligini jarrohlik yo`li bilan davolashga harakat qildik va xavfli o`simtani olib tashladik. Amaliyot muvaffaqiyatli o`tdi. Jarrohlik amaliyotida ko`plab shifokorlar qatnashdi. Shu erdagi qabulimizga Xorazm, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridan ham bemorlar keldi. Bu Qoraqalpog`iston Respublikasiga ilk tashrifim. Endi Xorazm va Buxoro viloyatlarida ishimizni davom ettiramiz.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Elmar Musaev boshchiligidagi guruh tomonidan Xo`jayli tumani tibbiyot birlashmasida ham onkolog, jarroh va travmatolog shifokorlar ishtirokida o`quv-seminar o`tkazildi.






