1

FANORChI OTA

Mutolaa 10.01.2018, 17:34
 FANORChI OTA
OYBEK


Tor, qiyshiq ko`chaning o`ksik oqshomini Tursunqul akaning churuk darvozasi tepasiga o`tqizilgan bir fanorning titrak nurlarigina yoritar edi. Uni har kun kechqurun past bo`yli, burushiq yuzli bir chol kelib, yoqib ketar edi. Biz uni «Fanorchi ota», der edik. U juda yuvvosh, indamas kishiydi, kichkina narvonchasini chaqqon qo`yib, allaqanday ustalik bilan chiqar, qo`ltig`idan kir ro`molchasini olib, avaylab fanor oynalarini artardi. Fanorni yoqqach, erga tushib, obkashdek bukilgan elkasiga narvonchasini qo`yib birpasda ko`zdan yo`qolar edi.
Fanor qurilgan vaqtlarda butun mahalla quvonib, unga allaqanday mehr ila qaragan bo`lsalar-da, vaqat bu mehr uzoqqa cho`zilmagandi. Keyincha har kim unga parvosiz bo`la boshladi.
Ayniqsa, mahalla bolalari ila fanor orasida anglashilmas dushmanlik uyg`ondi. To`planishib, avvalo bir-birimizning do`ppimizni otishar, fanorga do`ppi kiygizgan o`rtoq merganligi ila kerilar edi. Keyincha bu ham bizni zeriktira boshladi. chunki piston qadalgan yoki har turli ipaklar bilan bezalgan do`ppini kiyib olib, fanor chiroyli bir tus olar, bizni xafa qilgandek bo`lar edi. Shuning uchun qo`limizga tosh, kesak olib, fanorga hujum qilishni o`rgandik. Bunda u juda kuchsiz edi: kichkina bir kesak yoki tosh parchasi bechora fanorning oyna ko`zlarini o`pirib tushirardi. Keyin-keyin Fanorchi ota haftada uch-to`rt marta unga «yangi ko`zoynak» taqib ketishga majbur bo`lardi. U ketdi, darrov biz yangi «ko`z»ini o`yib olardik. Shunday bo`lsa-da, Fanorchi ota «lom» deb og`iz ochmasdi. Uning bu qilig`i bizga sira yoqmas, tutib olish uchun poylasa, hatto birontamizni tutib ursa ekan, der edik. Ammo shu tilaklardan bittasi ham yuzaga chiqmasdi.
Bir kun, namozshom vaqti, ko`chada bolalar ko`p edi. Ichimizda eng ko`p qo`rqmaydigan, eng battol Qosim cho`loq:
«Bolalar!» — dedi. Changga botgan yuzlarimiz yangi bir narsa kutib, uning ko`zlariga tikildik.
— Fanorchi ota keladigan vaqt yaqin. Sindiramiz. Nima qilar ekan? — dedi-da, qo`lga ilinadigan bir narsa qidira bosh ladi.
Qo`llarimizdan g`izillab uchgan tosh-kesaklar fanorning hamma ko`zlarini teshib o`tgan edi. Uzoqdan Fanorchi otaning bukilgan kichkina qomati yaqinlasha boshladi. Narvoncha elkadan tushib, ta`zim ila devorga suyandi. Fanorchi ota uning ustiga chiqdi-da, «chirt» etib, gugurtni yoqdi: fanor to`rt tarafdan qulagan uy kabi ajava tusda, yana bir tomonga qiyshayib turar edi. Biz hammamiz kerilib turar edik. Ba`zilar «piq-piq» kulishdi. Chol kasal odamga o`xshab, sekin-sekin pastga tushdi. o`siq qoshlari tagida qisilib yotgan ko`zlari ila hammamizga yalingansimon qaradi-da, mayin bir tovush bilan:
— Tentak bolalarim, bu qanday gap? Fanorga tegmasanglar, bir narsa bo`ladimi? U yuqorida, sizlar pastda
o`ynay beringlar-da.
Bolalar jim bo`lgan edi.
— Sizlar hali yosh, ko`zlaringiz o`tkir. Qorong`i ham, yorug` ham baravar. Xufton bo`lmasdan onalaringizning
quchog`ida pish-pish uxlab qolasiz hammangiz. Bizga o`xshash qari-qartanglar uchun chirog` judayam kerak, — dedi.
Bolalarning ko`zi cholda edi.
— Tunov kuni kechasi qattiq yomg`ir yog`ib turgan edi. Bu yoqqa kelsam, ko`cha qop-qorong`u. Fanorning teshik oynasi dan shamol kirib o`chirib qo`ygan. Ana u ariqning bo`yiga bor ganimda bir nima suvni shapillatardi. Yopiray, nima ekan, deb fanorchamni ariqqa tutsam, mendan ham qari bir kishi ariq dan chiqolmay yotgan ekan. Darrov qo`lidan tortdim, bir amallab chetga chiqardim, hamma yog`i loy, jiq-jiq suv.
Bolalardan biri:
— Voy, boyaqish, soqoliyam, yuziyam loymi?
— Hamma yog`i loy bo`lgan... Keyin etaklab uyiga eltib qo`ydim, — dedi chol.
Mening ko`zimga Fanorchi otaning degani shunday ko`rinib kelgandi, Qosim cho`loq:
— Yolg`on-yolg`on! — deb baqirdi. Bolalar birdan:
— Rost! — deb javob qaytarishdi.
— Kim endi sindirsa, shuni tutib beramiz otamga, — dedi Ahmad.
Fanorchi ota:
— Ha, barakalla, endi sindirmaysizlarmi? — dedi.
— Yo`q-yo`q, — javob berdik biz shu zamon. Kichkina narvonini yana elkasiga ilib, chol qorong`ilikka
kirib yo`qoldi.
Shundan beri, haqiqatan, fanorga hech shikast tegmadi. Hozir shu fanorning o`rnida sim to`r bilan o`ralgan tuxumdan kattaroq elektr lampochkasi yonib turadi. Uning uchun na yoquvchi, na gugurt, na moy kerak. Hech bir bola tegajaklik qilib tosh ham otmaydi. Uning yorug`ida yurganda yoshligimning bir parchasini va Fanorchi otanigina xotirlayman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1