Sud kursisida yoshgina yigit o`tiribdi – nari borsa yigirmadan endigina oshgan. Biroq uning yuzlariga erta oralagan ajinlar, salqigan qovoqlari, bir nuqtaga umidsiz qadalgan ko`zlari hayotdan charchagan, yoshi qaytgan odamni esga soladi.
Ayni paytda u o`zini oqlashga biron bir bahona ham topa olmaydi.
…Dilyorbek uchun beg`ubor bolalik davri ancha erta tugadi. Ota-onasi ajrashganidan so`ng, u otasi bilan Qirg`izistonga, o`gay onasining uyiga jo`nab ketdi. Yangi oiladagi hayotni risoladagidek deb bo`lmasdi. Ayniqsa, otasi ishlagani Rossiyaga jo`nab ketgach, Dilyorbek uchun yashash yanada murakkab tus oldi.
U ertadan kechgacha besh-to`rt chaqa orttirish uchun qora terga botib, paxta yigirish sexida ishlardi. Ish oson emasdi. Paxta titish paytida atrofga quyuq chang ko`tarilar, dastgohlar tovushidan quloq qomatga kelardi. Kun bo`yi ishlab charchasa-da, uyiga oshiqmasdi. Onasining achchiq-tiziq gaplarini eshitishi, uning tund basharasini ko`rishni istamasdi. Onasi uni har kuni kam pul topayotganlikda ayblar, o`tirsa o`poq, tursa so`poq derdi.
Shuning uchunmi, u ishdan keyin ham uyga borish o`rniga ko`chalarni darbadar kezardi. O`zbekistonda qolib ketgan onasini, uning mehribon va muloyim chehrasini, yoqimli so`zlarini sog`inar, ko`zidan sog`inch yoshlari shashqator oqardi. Lekin, ona yurtiga qaytishga oshiqmasdi. Oldin o`ziga tuzukroq ish topsin, pul ishlasin, ana undan keyin albatta onasini izlab boradi. Shunda u onasini ham xursand qila oladi.
U onasi bilan kechadigan shirin diydor damlarini ko`z oldiga keltirarkan, yuragi entikib ketar, tomog`iga nimadir tiqilar, ko`zlaridan shovullab yosh quyilardi. O`sha kun tezroq kela qolmadimi?
Har qancha urinmasin, o`ziga Qirg`izistondan maqbul ish topa olmadi. Otasi Rossiyadan uyga qaytganda, u o`sha erdan o`ziga munosib ish topib berishni iltimos qildi. Oilasidagi vaziyatdan xabardor ota unga qarshilik qilmadi. U xotinining fe`l-atvoridan xabardor edi. Shu bois o`g`lini uning oldiga qoldirib ketishni istamadi, Novosibirskka olib keldi.
Bahor kelgan bo`lsa-da, shahar oppoq qor ostida edi. Kechalar izg`irin turardi. Dilyorbek “Baltika” pivo zavodi qurilishiga ishga kirdi. Otasi uni Novosibirskda qoldirib, o`zi Kemerovoga jo`nab ketdi. Yosh yigitcha uchun qurilishda ishlash oson emasdi. Hali shunchaki shogird bo`lgani sababli unga kam maosh to`lashar, sovuq esa ba`zida suyak-suyagidan o`tib ketardi.
Shunda Dilyorbek o`ziga boshqa ish qidira boshladi. Kundalik tasodifiy ishlar hisobiga kun kechirib yurdi. Keyin Kemerovoga – otasining yoniga yo`l oldi. Ammo, bu erda ham ish topish oson kechmadi. Otasi bilan birga ishlashning imkoni topilmagach, boshqa joyga ishga o`tdi.
Bu erda u Muhiddin qori, Sherzod ismli tanishlar orttirdi. Ular taqvodor kishilar edi. Besh vaqt namozni kanda qilishmasdi. Kechalari Qur`on o`qishardi. Ularning qo`lida diniy mazmundagi boshqa kitoblar ham bor edi. Dilyorbek ba`zan kechalari bilan ushbu kitoblarni o`qib chiqardi. Darbadarlik, muhtojlik yuragini ezganida, ana shu kitoblardan taskin izlardi.
Muhiddin qori yigitchaning dinga qiziqishini anglagach, u bilan diniy mavzularda suhbat qila boshladi. Muhiddin qorini taqvodor, iymonli, diyonatli odam, Qur`on va Sunnaning bilimdoni deb bilgan Dilyorbek uning saboqlariga quloq sola boshladi. Ustozning har bir gapini shogird mutloq haqiqat o`rnida qabul qilardi…
Shu tariqa oradan to`rt yil o`tdi. Bu vaqt ichida ular Yurga, Krasino shaharlarida bo`lishdi, bir muddat Novosibirskda ham yashashdi. Muhiddin qorining Sherzod va Dilyorbekdan tashqari yana bir qator izdoshlari bor ekan.
Turli shaharlarda ishlash jarayonida Dilyorbek juda ko`p odamlar, asosan muhojirlar bilan muloqotda bo`ldi. Ular orasida O`zbekistondan qochgan akromiylar ham, qirg`izistonlik tablig`chilar ham, Tojikistondagi bir qator diniy oqimlar vakillari ham bor edi. Dilyorbekni to`g`ri yo`lga boshlaydigan, dinning asosiy mohiyatini tushuntirib beradigan, ezgulik, haqiqat va olijanoblikka chorlaydigan rahnamoning yo`qligi sababli u o`z rahnamosining chizgan chizig`idan chiqmaydigan mutaassibga aylanib qoldi.
U kunduzlari ishlar, kechalari esa, internetga kirib, turli xil aqidaparast oqimlarning saytlaridan o`z yovuz kirdikorlari bilan nom chiqargan terrorchilarning nutqlarini tinglar, yuklab olardi. Jumladan, Turkiston islom harakati rahbari Tohir Yo`ldoshning “Jundulloh” terrorchilik tashkiloti saytidan yuklab olingan “Pokistondagi xoinlik”, “Murojaat” singari ma`ruzalarini yuzlab marotaba tinglardi.
O`z ustozlarining tazyiqi ostida Dilyorbek juda o`zgarib ketdi. Bir paytlar onasining yoniga katta boylik bilan qaytishni orzu qilib yurgan yigitchani endilikda “hijrat”, “jihod”, “shahidlik” singari tushunchalar qiziqtira boshladi. Qora ishchi bo`lib, xo`jayinlarning qosh-qovog`iga qarab, ular bergan chaqalar evaziga kun kechirib yurgan Dilyorbekning miyasini endi dunyoni o`zgartirish, yangi qonun-qoidalarni joriy etish va bu yangi olamda o`ziga xos, hukmron mavqega ega bo`lish g`oyasi egallab olgandi.
Dilyorbek endi uyga qaytishni o`ylamas, mujohidlar safida jihod qilishni istardi. Hatto shahid bo`lishga ham tayyor edi. Faqat buning uchun nima qilish kerakligini bilmasdi. Ko`p o`tmay uning rejalarini amalga oshirishga yordam beradiganlar ham topildi. O`zini Umar deb tanishtirgan bir tanishi telefon orqali Sankt-Peterburgda ekani, bu erda g`ayridinlarga qarshi jangari harakatlarga tayyorgarlik ko`rish uchun talabgorlarni Vaziristonga jo`natish bilan shug`ullanadigan odamlar borligini ma`lum qildi.
Pivo zavod qurilishidan ko`ra, muhimroq, kattaroq ishlar orzusida yurgan Dilyorbek o`sha erga jo`nashga qaror qildi. Biroq, jihod qilishdan oldin onasini ziyorat qilsa yomon bo`lmasdi.
“Rahnamolari” unga O`zbekistonda taqvodor musulmonlar jiddiy ta`qib ostiga olingani, u erda diniy kitoblar yo`qligi, borlarida ham haqiqatni topish mushkulligini uqtirishdi. Bu gaplarga chippa-chin ishongan Dilyorbek o`zi bilan birga arab tilidagi ikki nusxa “Qur`on”, haj amallari haqidagi qo`llanma, radikal islomiy tashkilotlar mafkurachilarining chiqishlari yozilgan USB-fleshka va mobil telefonini olib, O`zbekistonga ravona bo`ldi.
U o`zining qarashlari, fikrlari to`g`riligiga shu qadar qattiq ishongan ediki, tanish-bilishlarining bunday kitob va audioyozuvlarni O`zbekiston hududiga olib kirish qat`iy taqiqlangani haqida ogohlantirishiga e`tibor ham bermadi. Qozog`istongacha avtobusda bordi. O`zbekiston chegarasini esa, bojxona ko`rigi orqali piyoda kesib o`tmoqchi bo`ldi.
Biroq, bu niyati amalga oshmadi. “G`ishtko`prik” postidagi bojxonachilar juda sergak bo`lib chiqishdi. Ular Dilyorbekning yuklarini tekshiruvdan o`tkazishar ekan, ustalik bilan yashirilgan hamma narsalarini topib olishdi. Tergov jarayonida esa boshqa tafsilotlar ham yuzaga chiqdi.
Shu tariqa 1988 yilda Andijon viloyatining Xo`jaobod tumanida tug`ilgan Dilyorbek Mirrahimov sud kursisida o`tirishga majbur bo`ldi.
…Mana u, panjara ortidan beqaror nigohlari bilan najot izlagandek atrofga olazarak boqayotir.
Albatta, insonni ayblash oson. Biroq, o`z beparvoligimiz, loqaydligimiz sabab sud kursisida o`tirgan farzandlarimizni ayblashga ma`naviy haqqimiz bormikin?
Diqqat, sud kelyapti. Hukm o`qilmoqda! “O`zbekiston Respublikasi nomidan...”
Uz24.uz materiallari asosida tayyorlandi