AsosiyJamiyat

GM Uzbekistan: soliqlar pasaytirildi lekin mashinalar narxi pasaymaydi

'GM Uzbekistan: soliqlar pasaytirildi lekin mashinalar narxi pasaymaydi'ning rasmi
GM Uzbekistan aksiz solig`i tushirilganiga qaramay, mashinalari narxini pasaytirmasligini ma`lum qildi. Bu haqda kompaniyaning ijtimoiy sahifasida e`lon qilindi.

Mashinalarning narx-navosiga oid ushbu xabarnomada aksiz soliq stavkasining o`zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko`zda tutilmayotgani ta`kidlab o`tildi.

O`zbekistonda joriy yildan GM Uzbekistan AJ engil avtomobillari uchun aksiz solig`i 5,4 barobarga kamaytirilgan. Oldin aksiz solig`i 27 foizga teng bo`lsa, hozirda bu ko`rsatkich 5 foizni tashkil etadi.

Korporasiya bu holat avtomobillar narxida aks etmasligini ma`lum qilmoqda. Xabarnomada bu chora kursdagi tafovut sabab xarajatlarning oshib ketishi qoplashga xizmat qilishi ta`kidlangan.

«2017 yilning 5 sentyabrida Vazirlar Mahkamasining «GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxlarini shakllantirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 701-sonli qarori imzolandi. Unga ko`ra engil avtomobillarning ulgurji va chakana narxlari O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017 yil 31 avgustdagi kursi bo`yicha (4210,35 so`m) qat`iy belgilab qo`yildi. Valyuta kursining o`zgarishi GM Uzbekistan avtomobillarining Vazirlar Mahkamasining 701-sonli qarori bilan tasdiqlangan ulgurji va chakana narxlar hisob-kitobiga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi uchun GM Uzbekistan engil avtomobillari uchun belgilangan aksiz soliq stavkasi 5 foiz etib belgilandi. Bu esa kursdagi tafovut sabab xarajatlarning oshib ketishi qoplash va bu bilan avtomobillarning chakana narxlaridagi barqarorlikni ta`minlash imkonini berdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 29 dekabrda «O`zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to`g`risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «GM Uzbekistan» avtomobillarining aksiz solig`ining pasaytirilgan stavkasi 2017 yilning 5 sentyabridan amalda qo`llanib kelinmoqda. O`z-o`zidan kelib chiqadiki, aksiz soliq stavkasining o`zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko`zda tutilmayapti», — deyiladi xabarnomada.

    Boshqa yangiliklar