1

Muhabbatsiz hayot yo`q...

Mutolaa 12.01.2018, 00:04
Muhabbatsiz hayot yo`q...

Qadim-qadim zamonlarda kimsasiz bir orolda insoniy his-tuyg`ular – Quvonch, Qayg`u, Aql, Tuyg`u, Muhabbat va boshqalar do`stona kun kechirisharkan. Kunlardan bir kun Tuyg`u ular yashayotgan orolning tez kunda dengiz qa`riga cho`kishini sezib qolibdi. Muhabbatdan boshqa barcha his-tuyg`ular jonini qutqarish maqsadida kemaga o`tirishibdi. Faqat Muhabbatgina kemaga chiqishga shoshilmay, oxirgi daqiqalargacha orolning cho`kmasligiga umid qilib, hech qaerga ketmabdi. Dengiz orolni asta-sekin o`z komiga torta boshlabdi. Shundan keyingina Muhabbat yordam so`rab, qichqiribdi.

Uning yonidan Boylikning hashamatli kemasi suzib o`ta boshlabdi. U Boylikdan kemasiga chiqarishni iltimos qilibdi. Ammo Boylik kemasi qimmatbaho toshlarga, oltin-kumushlarga to`laligini, bu erda Muhabbatga joy yo`qligini aytibdi. Muhabbat dengizda suzib ketayotgan G`ururga murojaat qilibdi, biroq G`urur agar uni kemasiga o`tqizsa, u erda tartib-intizom buzilishi mumkinligini aytib, yordam berishni istamabdi.

Muhabbat qanday jon saqlash haqida o`ylab, ilinj bilan dengizga termilib o`tirsa, Qayg`uning kemasi suzib o`ta boshlabdi. Muhabbat undan qutqarishni yalinib-yolvorib, iltimos qilibdi. “O, Muhabbat, – debdi Qayg`u, – ming afsuski, seni kemamga chiqarolmayman, chunki men yolg`izlikka mahkumman”. Orol yonidan Quvonchning kemasi suzib o`tibdi, ammo u kemasida bo`layotgan bazmu-jamshid, xursandchilikdan Muhabbatni payqamabdi, uning iltijolarini eshitmabdi ham.
Muhabbat taqdirga tan berib, o`limini kuta boshlabdi. Shu payt “Kel, Muhabbat, kemamga chiq, seni qutqaraman”, degan ovozni eshitibdi.
Dengiz qirg`og`ida unga qo`l uzatib turgan Qariyani ko`rib, Muhabbat xursandligidan hatto uning kimligini ham so`ramabdi. Qariya uni qirg`oqqacha eltib, o`z yo`lida davom etibdi. Muhabbatning oyog`i erga tekkach, bosh changallab qolibdi. Axir u Qariyaning ismini, kimligini so`ramabdi, hatto minnatdorchilik ham bildirmabdi. U Aqlga murojaat qilibdi: “Aqljon, meni qutqargan Qariya kimligini bilasanmi?”. “Bu Qariyaning ismi Vaqt”, debdi Aql.
“Vaqt?” – hayron bo`libdi Muhabbat, – u nimaga meni qutqardi?”. “Faqatgina Vaqt Muhabbatsiz hayot yo`qligini hammadan ko`ra yaxshiroq tushunadi”, deb javob beribdi Aql.

Muhabbat ko`z yoshlari

Kunlardan bir kun kampir nevarasining yig`layotganini ko`rib qolibdi. Qiz buvisidan hech nimani yashirmay, hammasini gapirib beribdi. Uning hikoyasidan kampir nevarasining sevgan yigiti bilan urushib qolganligini anglabdi. Qiz hozir buvim meni “shu arzimagan narsaga ham yig`laysanmi?”, “u sening bir tomchi ko`z yoshingga ham arzimaydi” va shunga o`xshash gaplar bilan ovutsa kerak deb o`ylabdi. Ammo buvisining gaplarini eshitib, u hayron bo`libdi:
– Gap bunday, qizim. Sen ko`pam siqilaverma, hatto to`yguningcha yig`lab olishing ham mumkin. Qancha ko`p yig`lasang, shuncha foydasi bor. Buni senga qanday tushuntirsam ekan? – deb o`ylanibdi kampir fikrini qanday tushuntirishni bilmay.

U aytmoqchi bo`lgan gaplar hech qaysi kitobda yozilmagan, hammasi hayotiy tajribasi bilan bog`liq bo`lganidan uni oddiygina qilib tushuntirishga harakat qilibdi.
– Vaqtni suv deb tasavvur qil, agar muhabbating shirin, shakari ko`p bo`lsa, vaqt sinovlariga bardosh berolmay, suvda qandday erib bitadi, loqaydlik esa muhabbatni o`ldiradi. Agar muhabbat o`z yo`lida qarshiliklarga, janjal, ko`z yoshlarga uchrasa shirin emas, sho`r bo`ladi. Bodringni uzgandan keyin ikki kun quruqlikda saqlaydigan bo`lsang, qurib, qovjirab qoladi, agar tuzlangan suvga solib qo`ysang, uzoq turadi. Sening hozirgi ko`z yoshlaring tuzli suvdagi bodring kabi kabi muhabbatingni uzoqroq saqlaydi. Menimcha, haqiqiy muhabbatga ko`z yoshlarsiz erishib bo`lmaydi. Ko`z yoshlar muhabbatning ajralmas bir bo`lagidir.

Kampir boshqa hech nima demabdi. U bir varaq qog`ozni o`rtasidan buklabdi. Ko`z yosh tomchisiga o`xshash shaklni kesib, nevarasiga uzatibdi va uni “Ochib ko`r”, debdi. Qiz buklangan qog`ozni ochganida unda juda chiroyli yurak shakli turarkan.

Nimaga muhabbatda omadimiz chopmaydi?

Bir yigitning hecham muhabbatda omadi chopmabdi. Unga nuqul “yomon” qizlar uchrardi. Yigit ularning birini o`poq, birini so`poq deb uylanishni ortga surardi. U orzusidagi qizni izlashdan charchabdi va maslahat so`rab donishmandning oldiga boribdi.
Uning gaplarini diqqat bilan eshitgan donishmand shunday debdi:
– Ha, o`g`lim, darding juda og`ir ekan, ammo bir savolimga javob ber, sen onangga qanday munosabatdasan?

Yigit uning savolidan hayron bo`libdi:

– Muhabbatimga onamning nima aloqasi bor? Ammo... ba`zida onam bema`ni savollari, bo`lar-bo`lmas shikoyatlari, haddan ortiq kuyunchakligi bilan judayam g`ashimga tegadi.

Donishmand sukut saqlab, bosh chayqabdi va suhbatni davom ettiribdi:

– Men senga Muhabbatning buyuk sirini ochaman. Baxt bor narsa, u sening yuragingga yashiringan. Muhabbatdagi baxt-saodat urug`ini qalbingga – hayotingdagi eng aziz inson – onang qadagan. Sen onangga qanday munosabatda bo`lsang, dunyodagi boshqa ayollarga ham xuddi shunday munosabatda bo`lasan. Axir onang dunyodagi eng katta Muhabbat sohibasi emasmi, u yorug` dunyoga kelganingdan seni bag`riga bosib, yurak tafti bilan isitgan. U sen uchun hayotingdagi ilk ayol timsolidir. Onangni sevib, hurmat qilmas ekansan, boshqa ayollarni ham sevolmaysan. Avvalo onangni sev, shundan keyin qizlar seni sevishadi, haqiqiy muhabbatingni uchratasan. Farzandning ota-onaga bo`lgan munosabati uning baxt mezonini belgilaydi.

Yigit donishmandga minnatdorchilik bildirib, endi yo`lga otlangan ekan, qariya unga yana bir maslahat beribdi:

– O`g`lim, mabodo uylanadigan bo`lsang, otasini hurmat qiladigan va sevadigan qizga uylangin!

Eng go`zal malika

Qadim-qadim zamonlarda, baland tog`lar ortida bir mamlakat bor ekan. Bu mamlakat podshohining yakkayu-yagona, xunukkina qizi bor ekan. Podshoh qizim ko`zguda aksini ko`rib qolib o`ksimasin, deb butun mamlakatda ko`zgularni sindirishga farmon beribdi. Mamlakat aholisining ham bechora malikaga rahmlari kelib, podshohning farmonini so`zsiz bajarishibdi.

Kunlardan bir kun ularning mamlakatiga chet ellik yigit tashrif buyuribdi. Yigit tog`da adashib qolib, zo`rg`a shaharga etib kelibdi. Mulozimlar kutilmagan mehmonni darrov oyog`ini erga tekkizmay, podshohning yoniga olib borishibdi. Yigit podshohga yoqibdi va uni saroyda olib qolibdi. Oradan kunlar o`tibdi. Yigit malikaga sevgi izhor qilibdi. Podshoh ularning muhabbatlarini qo`llab-quvvatlab qirq kecha-yu, qirq kunduz to`y beribdi. Oradan ma`lum bir vaqt o`tgach, yigit podshohdan o`z yurtiga qaytish uchun izn so`rabdi. Podshoh “Er qaerda bo`lsa, xotini ham shu erda bo`lishi lozim” deb, qizi bilan kuyovini tantanali ravishda kuzatibdi. Ular yo`lga chiqishibdi, dovondan o`tganda yigit mahbubasiga toshga o`yib yozilgan, vaqt to`fonidan emirilib, elas-elas ko`zga tashlanayotgan bitikni ko`rsatibdi. Unda “Shu dovon ortida judayam mehribon va samimiy insonlar yashaydi, agar ular ko`zingizga xunuk va badbashara ko`rinsa, sirayam qo`rqmang”, deb yozilgan edi.

Yigit malikaga shunday debdi.

– Haqiqatan ham vatandoshlaring oliyjanob odam bo`lishsa-da, judayam badbashara odamlar ekan. Ammo seni uchratganimdan judayam mamnunman, chunki u erda sendan ortiq go`zal qiz yo`q ekan...

Javobsiz sevgi

Muhabbatning javobsiz qolishi, juda qayg`uli holatdir. Bu kimgadir sovg`a berib, uning sovg`ani ochib ko`rmasdan, burchakka irg`itishi bilan barobardir. Sovg`a hadya qilarkansan, uni olgan odamning quvonchga to`lishini orzu qilasan, kayfiyati ko`tarilganini tasavvur qilib, beixtiyor jilmayib qo`yasan.

Sovg`angni ochmasdan bir chekkaga uloqtirishdi. Sen uning minnatdorchilik bildirishini kutganmiding? Bu sovg`ang bilan sen unga quvonch hadya qilmoqchimiding yoki o`zinggami degan savol tug`iladi. Ammo sovg`ang uni quvontirmadi (sovg`ang unga kerakmasdi). Agar uni o`zingni xursand qilish uchun hadya qilgan bo`lsang unda nimaga quvonmayapsan? Sen sevishni istamagan odamga muhabbat hadya etyapsan, ammo unga sening muhabbating kerak emas, lekin shundan xursandsan. Nimaga? Seva olish qudratiga egaligingdanmi? Unda sen izzattalab va takabbur odamsan. Muhabbatingga o`zing kutgan javobni ololmaganingdan ezilib, g`am-alamga botasan. Sevgi izhor qilgan odaming ham senga achinadi. Axir u bechora seni sevmasa, nima qilsin? U senga faqat g`am-qayg`u hadya qilishi mumkin. Bunday muhabbat ikki narsani – birinchisi, “Men shunday ulkan muhabbatni hadya etyapman-u, u esa qadriga etmayapti” degan, ikkinchisi esa – sevib qolgan odamingning “Bechora meni deb qiynalayapti” degan achinishini dunyoga keltiradi. Bunday muhabbat kimga kerak? Hech kimga...

LOLA ShOIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1