AsosiyJamiyat

Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki bo`lmayapti

'Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki bo`lmayapti'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Toshkent shahriga “propiska” qilish masalasi qizg`in muhokama qilinmoqda. Bu muhokamalarning dolzarbligi shundaki, bildirilayotgan takliflar amalga tatbiq etilishi mumkin, deb yozadi O`zA.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat loyihasining 28-bandida fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro`yxatga qo`yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta`minlash nazarda tutilgan.

Mazkur band yuzasidan yurtdoshlarimiz eng ko`p mulohaza va takliflar bildirgan. Propiska bilan bog`liq o`zlari duch kelgan muammolarni yozib qoldirgan.

Mana ulardan ayrimlari:

Akbar Yusupov: “Toshkentga kelib ishlayman degan odam baribir keladi. Propiska qilolmasa ichki ishlar xodimini rozi qildi. Bu esa korrupsiyaga olib keladi”.

Farhod Abdurahmonov: “Dunyodagi deyarli barcha davlatlarda propiska degan tizim umuman mavjud emas. Propiskaning bekor qilinishi faqat aholiga engillik tug`diradi, ularning oddiy insoniy huquqlari ta`minlashga xizmat qiladi”.

Shukrullo Abduvaliev: “Muammoni hal qilishda turli cheklovlarni joriy qilish emas, muammoning asl negizini bartaraf qilish yo`lini tanlash vaqti keldi”.

Maqsad Asqarov: “Propiskasi yo`qlar birovning nomiga uy sotib olib, keyinchalik aldanib qolish, shuningdek, chet davlatlarga chiqib ketib o`sha davlatlarning taraqqiyotiga hissa qo`shayotganliklarining guvohi bo`lmoqdamiz”.

Akmal Rahimov: “Vaqtinchalik propiskani 6 oyga emas, balki 2, 3, 5 yil yoki boshqa muayyan davrga qilish kerak. Axir har 6 oyda propiska qilish katta ovoragarchilik, korrupsiya, qog`ozbozlikka olib kelyapti”.

Bekzod Ibragimov: “Besh yildan ziyod Toshkent shahrida vaqtinchalik ro`yxatda turib, muqim joyda ishlayotganlarga ipoteka kreditlari asosida uy olish uchun ruxsat berish kerak. Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki bo`lmayapti”.

Barnoxon Sattarova: “Propiskadagi cheklovlar tufayli har yili mehnat shartnomasi tuzaman. Bolalarni bog`cha va maktabga joylashtirishga qiynalganman, yani pul talab qilishgan”.

Dilmurod Xalilov: “Xalqni qiynayotgan eng katta muammolar - naqd pul va valyuta, gaz-svet, propiskadir. Prezidentimizning qat`iyligi va jasurligi, mas`uliyatni o`z bo`yniga olishdan qo`rqmasligi tufayli naqd pul va valyuta muammosi deyarli barham topdi. Aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta`minlash bo`yicha zarur choralar ko`rilmoqda. Propiska bo`yicha ham odamlarni qinayotgan muammo echimini topadi, deb o`ylayman. Juda katta olg`a siljish bor”.

Abdurahmon Shokirov: “Yurtimizda bo`layotgan o`zgarishlarni ko`rib odamning ishongisi kelmaydi. Bo`lar ekan-ku, deging keladi”.


Muhokamalar davom etmoqda. Fikr-mulohaza va takliflarni O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida qoldirish mumkin.

    Boshqa yangiliklar