Yaqinda Facebook ijtimoiy tarmog`ida bog`cha tarbiyachisining bolaga bo`lgan qo`pol munosabati borasidagi videolavha tarqalgandi. Unda tarbiyachi bolalardan birini jahl bilan devorga itarib yuborgani va bola zarbdan yiqilganini ko`rish mumkin.
Maktabgacha ta`lim vazirligi va maktabgacha ta`lim muassasalari Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan bu holatga munosabat bildirildi. Vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qilinishicha, mazkur holatga aniqlik kiritish va chora ko`rishni Maktabgacha ta`lim vaziri Agrepina Shin shaxsan o`z nazoratiga olgan.
Sodir bo`lgan noxush voqeaning tafsilotlari quyidagicha: joriy yilning 8 yanvar kuni tarbiyachi S.Raxmatullaeva guruh tarbiyalanuvchisi M.A.ni (2011 yilda tug`ilgan) jahl bilan devorga itarib yuborgan va bola zarbdan yiqilgan. “Qo`rqoq oldin musht ko`tarar”, qabilida ish tutgan Sadoqat Raxmatullaeva tarbiyachining ota-onasiga qo`ng`iroq qilib, “Yugurib yurgan bolangiz o`zidan-o`zi muvozanatini yo`qotib yiqildi” - deb bahona qilgan.
Ota-ona ushbu voqeaga aniqlik kiritish maqsadida 9 yanvar kuni bog`cha mudirasiga shikoyat qilgan. Bog`cha mudirasi Nilufar Isaeva masalaga aniqlik kiritish maqsadida video kuzatuvdagi tasvirlarni ularga ko`rsatgan. G`azab otiga mingan ota-ona ushbu holatni qo`l telefonlariga yozib olishgan va mazkur tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarga tarqab ketgan.
11 yanvar kuni Maktabgacha ta`lim vaziri, uning o`rinbosarlari, vazirlikning Maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi mutassadilari, Toshkent shahar bosh boshqarmasi rahbariyati, Uchtepa tuman maktabgacha ta`lim muassasalari bo`limi mutassadilari, Uchtepa tumanidagi 20-sonli bolalar bog`chasi mudirasi va tarbiyachilari, shuningdek, tarbiyalanuvchi va uning ota-onasi ishtirokida tezkor yig`ilish bo`lib o`tdi.
Aniqlanishicha, tarbiyachi Raxmatullaeva Sadoqat faoliyati davomida o`z tarbiyalanuvchilariga nisbatan qo`pol munosabatda bo`lgan (haqoratli so`zlar bilan so`kish, jismoniy kuch ishlatish, tahdid qilish, masxara qilish) va bu borada ota-onalar tomonidan bir necha bor shikoyatlar ham kelib tushgan.
Bog`cha mudirasi bir necha bor ota-onalar va uchastka noziri ishtirokida yig`ilish o`tkazib, bayonnoma tuzgan bo`lsada, aksariyat ota-onalar S.Raxmatullaevani o`z ishida qoldirishni iltimos qilishgan. Shu bois, aniq dalil yo`qligi tufayli bu holatlarga barham berish orqaga surilavergan. Ushbu gumonlar va gap so`zlarga chek qo`yish maqsadida, bog`cha mudirasi N.Isaeva o`z tashabbusi bilan guruhlarda videokuzatuv kamerasini o`rnatgan.
Maktabgacha ta`lim vazirligi tarbiyachi S.Rahmatullaeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasini 10 yanvardan bekor qilgan. Mudiraga nisbatan esa jamoa o`rtasida shunday holatni keltirib chiqargani “hayfsan” jazo chorasi qo`llanilgan.
Tarbiyalanuvchi M.A.ning hozirda umumiy ahvoli qoniqarli bo`lishiga qaramay, Maktabgacha ta`lim vaziri tomonidan bolani tibbiy ko`rikdan o`tkazish va kerakli muolajalarni bepul tashkil etib berish yuzasidan MTMning Toshkent shahar bosh boshqarmasiga ko`rsatma berilgan.






