Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tuman va shaharlarning sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilash, chiqindi bilan bog`liq vazifalarni bajarish tizimini tubdan takomillashtirish hamda rivojlantirishni yanada kuchaytirishga qaratilgan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi O`zA.
«2017 yilda viloyatdagi 21 chiqindixonada 3 million tonnadan ortiq, 32 chiqindini qayta ishlash korxonalari tomonidan 7 million 300 tonna chiqindi qayta ishlash uchun qabul qilindi, — dedi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo`lim boshlig`i Sherzod Turdiev. — Bundan tashqari, 21 korxona va tashkilot shartnoma asosida 28 ming 378 dona yaroqsiz simobli lampalarni demerkurizasiya qilish uchun maxsus joylarga etkazdi. Chiqindilarni yig`ish, tashish, utilizasiya qilish, qayta ishlash, ko`mish va realizasiya qilish tizimini kelgusida yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonga tadbirkorlik sub`ektlarini keng jalb qilish ish samaradorligini yanada oshiradi».
2017 yilda «Toza hudud» davlat unitar korxonasi tomonidan viloyat tuman va shaharlarida davlat byudjeti hisobidan 61 chiqindi to`plash shoxobchasi qurildi. Joriy yilda yana 47 shoxobcha qurish va ularni konteynerlar bilan jihozlash rejalashtirilgan.






