Nasibaning ko`zi ochilganda tong yorishgandi. Issiq to`shakdan chiqqisi kelmay, birpas shiftga termilib yotdi. Yana o`n daqiqa yotay, keyin turaman deb o`yladi. Shu payt xayoliga rahmatli buvisi tushdi. Yoshligida buvisi uni maktabga borish uchun uyg`otganda, “Buvijon yana besh daqiqa yotay, keyin turaman” deb ko`rpaga burkanib olardi. Buvisi esa “Bolam shu besh daqiqa uxlaganda nima joning qoladi, undan ko`ra ertaroq tur, qancha erta tursang, shuncha ishlaring yurishadi. Erta turib darvozani ochsang, qut-baraka kiradi” derdi. Ha, rostdan ham besh daqiqa uxlaydimi, o`n daqiqa uxlaydimi, baribir qachondir uyg`onishi kerak-ku. U sekin sirg`alib, ko`rpadan chiqdi. Yonida pishillab uxlab yotgan o`g`li bilan qiziga nazar soldi. Ular naqadar beg`ubor, bu dunyo tashvishlaridan bexabar orom olishmoqda. U hozir o`rnidan turadi-yu, shu bilan kuni bo`yi ro`zg`or deb atalmish g`orning kamchiliklarni to`ldirish uchun elib-yuguradi.
Nasiba yuz-qo`lini yuvib, oshxonaga o`tdi. Bolalar uyg`onguncha nonushtaga biror narsa tayyorlamoqchi bo`ldi. Non qutini ochdi. Uning ichida bir-ikkita qotgan non bo`lagi-yu, ushoqdan boshqa hech nima qolmabdi. Nasiba sekin non ushoqlarni sidirib olib, ochiq turgan oynaning sirtqi tokchasiga qo`ydi. U har doim ushoqlarni shu erga qo`yar, bunga qushlar ham o`rgangandi. Agar ushoq bo`lmasa, qushlar tumshuqlari bilan oynani urishar, bolalari esa “oyi, qarang, tekinxo`rlaringiz kelishdi” deb kulishardi. Ular talashib-tortishib, ushoq cho`qishayotganida Nasiba ortiqcha harakat qilib, cho`chitib yubormaslik uchun ular to ushoqni eb-tugatguncha qimirlamay, kuzatib turardi. Qushlarga qarab turib, “shu bechoralar ham qorin g`amida tinib-tinchimaydi-ya...”, deb o`ylardi.
U xayollarini yig`ishtirib, “bolalarga nima pishirsam ekan-a?” deb o`yladi. Uyda hech nima qolmabdi. Na un, na moy, na kartoshka-piyoz... Qachon shu yo`qchilik degan balodan qutular ekan-a? Eri ishlab pul topib kelaman deb Rossiyaga ketdi, ammo pul tugul o`zining ham daragi yo`q. Eri Rossiyaga ketgan boshqa qo`shni ayollar qo`sha-qo`sha tilla taqib maqtanib yurishibdi, u esa bechora onasi to`yida taqqan yagona tilla uzugini ham sotdi. Yotib eganga tog` ham chidamas ekan. Farroshlikning orqasidan topgan puli hech nimaga etmayapti. Birovga aytay desa hech kim ishonmaydi.
Nasiba kartoshka-piyoz solinadigan qutining ichidan bir dona kartoshka bilan bir dona piyoz topdi. Qolgan-qutgan moyni quyib, go`shtsiz bo`lsa ham sho`rva qilsam, bolalar qotgan nonni to`g`rab eydi degan xayolda ovqatga unnadi. Shu payt kimdir chaqirganday bo`ldi. U qo`lini sochiqqa artgancha, eshik tomon yo`naldi. Ostonada qaynonasi Xolnisa xola turardi.
– Assalomu-alaykum, oyijon! Keling, kiravering!
– Vaalaykum-assalom! Tinchmisan? Bolalar yaxshimi?
– Xudoga shukur, o`tiribmiz.
Nasiba qaynonasini mehmonxonaga boshlab kirib, bir necha qavat ko`rpacha tashladi. Xolnisa xolaning eri bir paytlar savdoda ishlagan o`ziga to`q odam bo`lgan. Erining davrida karillab yurgan Xolnisa xola, hozir oldingiday puli ko`p bo`lmasa-da, otdan tushsa ham egardan tushmasdi. O`nta bolani tug`ib katta qilgan, ammo har ikki gapining birida “bolalarimni o`zim boqqanman, o`zim o`qitganman , otang faqat kurortma-kurort maishat qilib yurgan”, deb erining mehnatini hech yuzaga chiqarmasdi. Uning bu gaplarini eshitgan Nasiba “Oyim qachon o`nta boladan ortib ishlagan ekanlar, ishlagan taqdirda ham bolalar bog`chasida kir yuvuvchi bo`lib ishlagan ayolning oyligi bilan o`nta bolani boqish, o`qitishning iloji bo`lganmikan? Nimaga unda men ikkitagina bolamni boqolmayapman?” degan xayolga borardi.
Qaynotasi Karim amaki yosh boladay beozor, xokisor odam. Xotinining “men... men...” deb ko`kragiga mushtlashiga ko`pam e`tibor beravermaydi. “Ha, yaxshiyam seni Chori kalga unashtirishganda, sevib olib qochganim, bo`lmasa, nima qilardim...” deb kulib qo`ya qoladi. Bir paytlar ularning sevgi tarixi butun viloyatga ovoza bo`lgan. Xolnisa xolani ota-onasi tegmayman deb norozilik qilishiga qaramay, qishloqda hamma Chori kal deb ataydigan, o`ziga to`q xonadonning farzandiga unashtirishadi. Karim ota etim qolib, amakisining qo`lida yashaganligi bois, Xolnisa xolaning ota-onasi unga turmushga chiqishiga ko`nishmaydi. Karim ota sevgilisiga erishish yo`llarini qidiradi. Xolnisa xolani ota-onasi uydan chiqarmay, qamab qo`yadi, ammo Karim ota kechasi uni deraza orqali olib qochib ketadi.Ular turmush qurishadi, bir zamonlar etimcha deb hech kim nazar-pisand qilmagan Karim ota o`z kuchi bilan instititutga kiradi, savdo tizimida mehnat qilib, obro`-e`tiborga erishadi. Mana endi bir paytlar soyasiga ko`rpacha solgan xotini, nafaqaga chiqqach, “bolalarimni faqat o`zim boqqanman” deb gap bermaydi.
Nasiba gazga choy qo`ydi, qaynonasining oldiga dasturxon yozdi-yu, ammo unga nima qo`yishni bilmay, boshi qotdi. Hozir “uyda hech nima yo`q edi”, desa qaynonasidan baloga qoladi. “Bolam yuborgan pullarni qaerga ko`mayapsan?” deb pul yo`qligiga ishonmay, bobillab beradi. Yaxshisi, qo`shnisi Ozoda opadan qarzga qand-qurs olib chiqqani ma`qul, qaynonasi ketgandan keyin qaytarib beradi. U shu xayolda qo`shnisikiga yugurdi. Ozoda opaning eri qaysidir zavodda direktor bo`lib ishlar, o`zlariga to`q oila edi. Ammo Ozoda opa puldor odamning rafiqasi bo`lsa-da, juda xokisor ayol edi. Biror tansiq taom tayyorlasa, albatta Nasibaga ham ilinardi.
– Ozoda opa, uydamisiz? – dedi Nasiba hovliqqancha qo`shnining uyiga kirarkan.
– Ha, uydaman, Nasiba kiraver!
– Ozoda opa, iltimos, menga qarzga qand-qursingiz bo`lsa berib turing. Qaynonam kelgandi, dasturxonga qo`yishga hech nima topolmayapman. Ketganlaridan keyin shundayligicha olib chiqib beraman.
– Voy, Nasiba-ey, qand-qurs sendan aylansin, hozir beraman. Ammo nimaga qaynonangga rostini aytmaysan? Axir o`g`li senga bir so`m jo`natmasa, bir o`zing ro`zg`or tebrataman deb qiynalib ketding-ku.
– Ozoda opa, baribir qaynonam ishonmaydi. Onangnikiga tashigansan deb janjal ko`taradi, – dedi chuqur xo`rsinib Nasiba.
Ozoda opa uyidan patnis ko`tarib chiqdi. Patnisning ustida chiroyli chinni likopchalarga pista, bodom, yong`oq, mayiz, qimmatbaho shoqolodlar solingandi.
– Nasiba, ma ol, patnisi bilan olib ketaver, – dedi Ozoda opa.
– Rahmat, opa, qaynonam ketganlaridan darrov olib chiqaman.
Nasiba patnisni ko`targancha uyi tomon shoshildi. Uyga kirsa, bolalari ham uyg`onib, buvisining yonida o`tirishardi. U patnisdagi likopchalarni dasturxonga qo`ydi. Qimmatbaho shokoladlarni ko`rgan Xolnisa xolaning qoshlari chimirildi.
– Hm... – dedi istehzo bilan Xolnisa xola, – bu yoqda onasi qattiq non ivitib eb o`tiradi, xotinchasi esa rossiyskiy shokolad eydi. Shu niyatda o`g`il katta qilganmidim? Shu ekanda... Uylangandan keyin onani bir chekkaga yig`ishtirib qo`yarkan-da...
Nasiba bo`g`ziga tiqilgan alamni ichiga yutdi. Anchadan beri shirinlik ko`rmagan bolalarining uyqusi ochilib, o`zlarini dasturxonga otishdi.
– Madina, Shahzod! Uyat bo`ladi. Mehmonning oldida dasturxonga qo`l cho`zavermanglar! – dedi Nasiba likopchalarning tagi ko`rinib qolishidan qo`rqib.
– Men mehmon emas, mezbonman. Bu bolamning uyi. Olinglar, bolajonlarim, bemalol katta-katta englar. Dadalaringni puliga kelgan. Bolam bechora sizlarni boqaman deb qaerlarda tentirab yuribdi.
Nasiba lom-mim demadi. Biror narsa deyishning foydasi ham yo`q. Qaynonasi baribir uni tinglamaydi. O`zinikini ma`qullab, butun dunyoni boshiga ko`taradi. Qizlariga qo`ng`iroq qilib, bo`lgan voqeani aytib bersa, ular ham bir zumda etib kelib, qiyomat-qoyim bo`ladi. Nasibaning oxirgi paytlarda asabi charchagandan ortiqcha gap-so`zga toqati qolmagan. Bir kunlik janjaldan keyin qon bosimi oshib, o`n kun to`shak tortib, yotib qoladigan bo`lgan. Shuning uchun ham qaynonasi bilan tortishib o`tirmadi.
– Oyijon, men hozir ovqat suzib kelay...
– O`tir, qornim to`q. Ovqat eyish uchun kelganim yo`q, senda gapim bor. Xabaring bo`lsa kerak, Gulchehra qizim to`y qilib, qo`sh kelin olyapti. Hozirgi zamonda to`y qilish oson emas. Buni ustiga dushmanlar kuyib o`lsin deb, eng dabdabali to`yxonada to`y qilmoqchi. Gulchehraning eri Rustam bir tiyinga qimmat odam. To`y qilayapman, pul topish kerak ekan degan gaplar xayolining ko`chasiga ham kirib chiqmaydi. Faqat qornini qashlab, choyxonadan beri kelmaydi. Shunga Gulchehraga anchagina pul kerak. Mana Murodjon o`g`limning Rossiyaga ketganiga ham bir yil bo`lib qoldi. Oyiga besh yuz dollardan jo`natganda ham anchagina pul yig`ib qo`ygandirsan? Dasturxoningga qaraganda ahvoling durust. Murod ishlab topgan pullarni Gulchehraga ber, bir to`y qilsinki, ovozasi etti mahallaga etsin.
– Oyi, menda pul yo`q... O`g`lingiz anchadan beri qo`ng`iroq qilgani ham yo`q. Juda xavotirlanyapman.
– Meni aldama, shunchalik go`l xotinga o`xshaymanmi? Eshitdim, yaqinda ukangni to`yida kelinga qimmatbaho palto, tilla sirg`a sovg`a qilibsan-ku! Shuncha pulni qaerdan olding? Farroshlik qilib topgan pulingga shuncha narsa ololasanmi? O`g`limning topganini onangnikiga tashib, endi menga pul yo`q deyapsanmi?
– Siz aytgan narsalarni onamning o`zi sotib olgan. Aka-ukalarimning oldida meni o`ksimasin deb, kelinga mening nomimdan onam sovg`a qildi.
– Pul bermasang, onang hech qachon sening nomingdan sovg`a qilmaydi. Gapni qisqa qil. Men ertaga kelaman, pulni kimnikiga olib borib, yashirgan bo`lsang, olib kelib qo`y. Bolamning topganini birovnikiga sochib qo`ymayman. Omin, men ketdim!
Xolnisa xola shahd bilan o`rnidan turib, darvoza tomon yo`naldi. Nasiba uning ortidan ergashdi. Qaynonasi xayr-ma`zurni ham nasiya qilib, darvozani qarsillatib yopgancha, jahl bilan chiqib ketdi. Nasiba sudralib, orqaga qaytdi. Shu payt birdan xayoliga Ozoda opadan qarzga olgan shirinliklar tushdi. Shoshilib mehmonxonaga kirdi. Dasturxon ustida bo`m-bo`sh likopchalar va shokolad qog`ozlari sochilib yotardi...
LOLA ShOIMOVA