“Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan mamlakat aholisi o`rtasida “O`zbekiston: ijtimoiy fikr – 2017” mavzusida ijtimoiy so`rov o`tkazildi. Mazkur tadbir mobaynida mamlakat va jamiyat hayoti hayotining turli tarmoq va sohalarida ro`y berayotgan islohotlarga fuqarolarning munosabati ma`lum bo`ldi, shuningdek, viloyat, hudud va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga baho berildi, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida mamlakatda erishilgan natijalardan aholining qay darajada qoniqqanlik darajasi aniqlandi.
Ijtimoiy so`rovda 18 yoshdan boshlab erkak va ayollar, shahar va qishloq aholisi, turli millat vakillari, ijtimoiy guruhlar, turli kasb egalari qatnashdilar.
O`zbekiston 2017 yilda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilab berilgan 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi bilan taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo`ydi. Tadqiqot natijalariga ko`ra, mamlakatda ro`y berayotgan tub o`zgarishlar, demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan bir qatorda odamlarning ongi va tafakkurida, bo`layotgan voqealarga munosabatida o`zgarishlar yuz bermoqda, ularning ijtimoiy faolligi o`sib bormoqda, fuqarolik pozisiyasi hamda ertangi kunga bo`lgan ishonchi mustahkamlanmoqda, jamiyatda yangilanish ruhi aniq-taniq sezilmoqda.
Ijtimoiy so`rov ishtirokchilaring ko`pchiligi – 90,2 foizi davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosat aholining umid va ishonchini to`liq oqladi, degan fikr bildirdi. 2017 yilda iqtisodiyot, sud-huquq va moliya tizimi, ietimoiy soha, fan va ta`limni isloh qilish va modernizasiyalash, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, fermerlik va tadbirkorlik, turar joylar qurilishi, investisiyalarni jalb qilishni yanada rivojlantirish bo`yicha erishilgan natijalar aholining barcha qatlamlari va har bir fuqaro manfaatlariga muvofiqdir.
Ijtimoiy so`rov qatnashchilarining 93,7 foizi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`ta qisqa vaqt davomida yuqori nufuz va xalq ishonchiga ega bo`ldi, davlat taqdiri va fuqarolar farovonligi uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olgan holda mamlakat etakchisiga aylandi, deb hisobladi.
So`rovda ishtirok etganlarning fikricha, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da boshlangan davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, har bir fuqaroning manfaatini ta`minlash va himoya qilishga yo`naltirilgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar kelgusida ham davom ettiriladi. O`zbekiston aholisining ko`pchili (90,6 foiz) davlatimiz rahbari tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” deb e`lon qilingan 2018 yilda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yanada yaxshilanishiga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda yuqori ko`rsatkichlarga erishilishiga, aholi daromadlarining o`sishi ta`minlanishiga, turmush sharoitining sifati va darajasi ko`tarilishiga ishonchlari komil.
Ijtimoiy so`rov mobaynida fuqarlarning ko`pchilik qismi (94,9 foiz) hozirgi mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitni ijobiy baholadi.
Ijtimoiy fikr so`rovi 2017 yilda O`zbekistonning xorij mamlakatlari va dunyo hamjamiyati bilan o`zaro munosabatida yangi taraqqiyot bosqichi boshlanganini ko`rsatdi. Fuqarolarning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoevning faol, maqsadga yo`naltirilgan va uzoqni ko`zlagan siyosati sharofati ila O`zbekiston xalqaro arenadagi o`zining pozisiyasini mustahkamlab oldi.
Ijtimoiy so`rov ko`rsatganidek, respondentlar (ijtimoiy so`rov ishtirokchilari) aholi turmush sharoitini yaxshilash, aholining real daromadlarini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish mexanizmini takomillashtirish, kam ta`minlangan oilalar sonini kamaytirish, yangi ish o`rinlarini yaratish va aholi, ayniqsa, o`sib kelayotgan yoshlarning bandligini ta`minlash maqsadida mamlakatdagi islohotlarni davom ettirish zarur, deb hisoblaydi.
Ko`pchilik fuqarolarning (82, 9 foiz) fikricha, mamlkatning barcha hududlarida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va xalq qabulxonalarining yaratilishi davlat organlari va aholi o`zaro aloqasini tubdan o`zgartirgan, mamlakatning har bir fuqarosi muammolarini amaliy hal etuvchi mexanizmiga aylangan 2017 yilning eng ahamiyatli hodisasi bo`ldi.
Ijtimoiy so`rov shuni ko`rsatdiki, davlatimiz rahbarining 2018 yilni “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” e`lon qilinishida tashabbus bilan chiqqanlari aholi tomonidan ushbu yil ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishda oldinga qo`yilgan vazifalarga erishilishda O`zbekiston uchun hal qiluvchi bosqich ekanligining kafolati deb qabul qilindi.
“Ijtimoiy fikr” markazi materiallari asosida tayyorlandi.






