1

O`zbekiston Musulmonlari idorasi AQSh davlat departamentining xulosalariga raddiya berdi

Jamiyat 15.01.2018, 14:38
O`zbekiston Musulmonlari idorasi AQSh davlat departamentining xulosalariga raddiya berdi

Davlat departamentiga ko`ra, O`zbekiston hamon “vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo`layotgan” mamlakatlar sirasiga kiradi. Shu bilan mamlakat mo`min-musulmonlarning haqli e`tiroziga sabab bo`ldi. 2018 yil 4 yanvar kuni Departament tomonidan e`lon qilingan bayonotda aytilishicha, bu ro`yxatdan Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma, Eritreya, Sudan va Saudiya Arabistoni ham joy olgan.

O`zMI raddiyasida aytilishicha, bugungi O`zbekistonni ushbu ro`yxatga kiritilishi yanglishdir. Jumladan unda shunday deyiladi:

“O`tgan bir yil davomida diniy sohada eng ko`p o`zgarish va engilliklar bo`ldi. Ezgulik va xushxabarlarga limmo-lim bo`ldi. Haqiqatan, e`tiqod borasida to`planib qolgan masalalar echimini topish, ushalmas orzu bo`lib turgan istaklarning ro`yobi borasida juda ham katta ishlar qilindi. Shaxsan Prezidentning sa`y-harakati bilan Islom dini qadriyatlarini asrab-avaylash, diniy savodxonlikni oshirish va dinimizning ezgu ta`limotlarini keng targ`ib etish maqsadida, ulkan ishlar qilindi. Buni aniq misollarda bayon qiladigan bo`lsak, jumladan:

Islom sivilizasiyasi markazi va 2 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini o`rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab ish boshladi.

Islomiy ta`lim muassasalari soni 11 taga etkazildi. Buxoroda Oliy madrasa tashkil etildi. Toshkent islom institutida 3 yillik maxsus sirtqi bo`lim ochildi, diniy o`quv yurtlari qoshida o`quv kurslari yuritildi, Qur`oni karim qiroati bo`yicha “Tahfizul Qur`on” guruhlari faoliyat boshladi, qabul kvotalari 150 foizga oshirildi.

Mamlakatimiz bo`yicha 15 ta masjid qaytadan barpo etildi, 55 ta masjid kapital ta`mirlandi. Birgina Surxondaryo viloyatining olis hududlarida 4 ta yangi masjid ish boshladi, yana 4 tasini ochish rejaga kiritildi.

Internet saytlarida diniy fanlardan onlayn darslar tashkil etildi, to`g`ridan-to`g`ri savol-javoblar rukni muntazam ishlab turibdi, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda diniy-ma`rifiy targ`ibot jadal olib borilmoqda.

Prezidentning yuksak tashabbusi bilan o`lkamizning tuman-shaharlarida Alloh taoloning kalomi Qur`oni karimni o`z qalblariga jo qilgan qori va qoriyalar musobaqalari keng miqyosda bo`lib o`tmoqda.

O`tgan yil oxirida “O`zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaror imzolandi. Unga ko`ra, akademiyada “Qur`onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo`yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanadi.

Mana shunday keng imkoniyat va qulayliklar bo`lgan yurtni, bugungi dunyoda topish kiyin bo`lsa kerak? Aksincha shunday mamlakatni “vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo`layotgan” davlatlar ro`yxatiga kiritish adolatdan bo`lmaydi.

Yana shuni qayd etish kerakki, ommaviy axborot vositalarida diniy xodimlar chiqishlari keskin ko`paytirildi. “Hidoyat sari” va “Ziyo” ko`rsatuvlari efir soni ikki baravarga oshirildi. “O`zbekiston-24” telekanalida imom-xatiblar ishtirokida davra suhbati qilinmoqda. “Madaniyat va ma`rifat” telekanalida ulamolar ishtirokida ko`rsatuvlar efirga uzatilmoqda. Shuningdek, “Ziyo chashmasi” nomli radio eshittirish va 50 ga yaqin diniy ma`rifiy veb-saytlar ish olib bormoqda.

“Hidoyat” jurnali jami 1 million 145 ming nusxada, “Islom nuri” gazetasi jami 820 ming nusxada nashr etildi. Shuningdek, 200 ga yaqin nomdagi diniy adabiyotlar bir necha yuz ming adadda chop etildi. Qur`oni karim ma`nolari tarjimasi, hadislar to`plami, buyuk muhaddis, olim va fiqh ilmi peshvolarining asarlari tarjima qilinib, xalqimizga tuhfa qilindi.

Yana faxr bilan aytish kerakki, O`zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligi ostida Misrdagi “Dorus-salom” nashriyoti va Azhari sharif huzuridagi ilmiy akademiya bilan Qur`oni karimni chop etish bo`yicha kelishuvga erishilib, o`zimizda Qur`oni karim chop etilmoqda. Shu o`rinda qayd etish kerakki, ko`zi ojiz mo`min-musulmonlar uchun brayl yozuvidagi Qur`oni karim nusxasini chop etish bo`yicha O`zbekiston dunyodagi uchinchi davlat hisoblanadi.

Haj kvotasi ikki mingtaga, umra kvotasi 4 mingtaga oshdi, birinchi marta Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan bir guruhi bepul hajga yuborildi. Shu kunga qadar jami 120 mingdan ziyod fuqaro haj ibodatini, 92 mingdan ortig`i umra amalini ado etdi.

Yana bir muhim masalaga e`tibor qaratish zarur. Davlat rahbari tashabbusi bilan turli diniy oqimlarga a`zolar ro`yxatida bo`lgan 16 ming nafardan ziyod kishi ro`yxatdan chiqarildi. Ushbu fuqarolarning dardi va maqsadini o`rganish, ularni kamsitilishiga mutlaqo yo`l qo`ymaslik, qo`llab-quvvatlash, jamiyatga kirishib ketishlarini ta`minlash bo`yicha juda katta ishlar qilindi. Birgina Shayxontohur tumanining o`zida shunday 118 nafar shaxs ambulator va stasionar sharoitda sog`lomlashtirildi, 352 nafar bola o`z xohishiga ko`ra, to`garaklarga jalb etildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish istagini bildirgan 12 nafar shaxsga kredit olishda ko`maklashildi, 3 nafar oilaning uy-joy sharoitini yaxshilash uchun Sergeli tumanidagi yangi ko`p qavatli uylardan olishga yordam berildi.

Tarixda ilk bor O`zbekiston Prezidenti tomonidan 2 ming 700 nafar sudlanganlarni afv etish, jumladan, turli jinoyat sodir etgan, qilgan ishidan qattiq pushaymon bo`lgan va to`g`ri yo`lga kirgan, ijobiy tavsif olgan 956 shaxsni jazoni o`tash koloniyalaridan ozod qilish to`g`risida farmoni minglab o`ksik qalblarga malham bo`ldi. Afv etish to`g`risidagi hujjatga muvofiq sudlanganlar oilasi bag`riga va islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishi uchun jamiyatga qaytish imkoniga ega bo`ldi.

Bunday kishilarni jamiyatga qaytarish, ularning odamlardan ajrab qolmasliklari chorasini ko`rish, tasalli berib, hayotda o`z o`rinlarini topib olishlariga ko`maklashish ishlari olib borilmoqda. Zero, ular bizning yurtdoshlarimiz, qo`ni-qo`shnilarimiz, og`a-inilarimizdir. Qur`oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, mo`minlar dinda o`zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o`rtasini tuzatib qo`yingiz va Allohdan qo`rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot, 10).

Demak, o`zimizning millatdoshimizni, maslakdoshimizni, dindoshimizni, qolaversa, bir mo`min-musulmon bandani hayotda o`z yo`lini topishiga yordam qo`lini cho`zish, xato va kamchiliklarini afv etish, unga to`g`ri yo`l ko`rsatish dinimiz talablaridandir. Alloh taolo “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring”, deb xitob qiladi.

Shu o`rinda aytish kerakki, dinimizning shiddat bilan taraqqiy etib borayotgani va oliyjanoblikda ustun ekanini ko`rolmaydigan din dushmanlarining kirdikorlari dunyo musulmonlari g`azabini qo`zg`amoqda. Jahonning turli mintaqalari, xususan, arab-musulmon mamlakatlarida sodir bo`layotgan dahshatli voqealar ortida qora kuchlar turganini anglash lozim. Muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni zo`ravonlik va qon to`kish bilan bir qatorga qo`yadiganlarni qat`iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da`vat etadi”, deb yuksak jur`at bilan aytgan mana shu chiqishlari katta jasorat bo`ldi.

Haqiqatan, turli fitnalarning ortida qandaydir kuchlar turganiga teran ko`z bilan qarash kerak. Inson har qanday kuchlarning fitnalariga aldanmasligi va nihoyatda hushyor bo`lishi kerakligi haqida Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mo`min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo`ladi”, degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim.

Xulosa qilib aytish kerakki, bugun O`zbekistonda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-ma`rifiy sohadagi islohotlar ko`p millatli xalqimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olinmoqda. Odamlarimiz turmush tarzida, ayniqsa, diniy-e`tiqodiy masalalarida ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlar yurtimizda yashab kelayotgan barcha din vakillari tomonidan e`tirof etilayotganiga hamma guvoh bo`lmoqda.

Bu muhim jihatlarni inobatga olib, O`zbekistonni bu yo`nalishdagi “alohida tashvishga sabab bo`layotgan” mamlakatlar ro`yxatiga kiritilgani bir zamonlar eskicha qarashlar asosida qabul qilingan noxolis xulosalar ekanidan dalolat beradi. Shu ma`noda, bu fikrlar AQSh davlat departamenti tomonidan O`zbekiston haqida tarqatilgan axborotni biryoqlama, noxolis ma`lumotlarga tayangan holda tayyorlangan, haqiqiy voqelikdan ancha yiroq hisobot deb aytishga asos bo`la oladi.

Yuqorida qayd etilgan asoslar va yurtimizning ko`p sonli mo`min-musulmonlari murojaatlaridan kelib chiqib, O`zbekistonni mazkur ro`yxatdan chiqarish maqsadga muvofiq bo`ladi”, - deyiladi O`zbekiston Musulmonlari idorasi bayonotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1