Sevimli «Sug`diyona»ngizda yana bir yangi loyiha — «Solo». Endi biz duet va guruh tarzida ijod qilib kelayotgan san`atkorlarni yakkama-yakka suhbatga chorlab, ular bilan yanada yaqinroq tanishishga harakat qilamiz. Qani ko`ramiz, guruhdoshlarisiz qolgan mehmonlarimiz savollarimizga qay tariqa javob berishar ekan. Loyihamizning ilk qatnashchisi «Farhod va Shirin» duetining solistlaridan biri xonanda Shirin!
— Suhbatlarda hamisha Farhod bilan birgalikda ishtirok etasizlar. Bu safar esa yolg`izsiz. Erish tuyulmayaptimi?
— Yo`q, hammasi joyida. O`ylaymanki, savollaringizga javob berolaman.
— Intervyudan keyin nimalar haqida suhbatlashganimizni aytasizmi unga?
— Ha, ipidan ignasigacha aytib beraman (kulimsirab).
— Bundan chiqdi, o`rtangizda sir yo`q. Unga ishonasiz?
— Xuddi shunday. Hatto, Farhodning o`zi so`ramasa ham, nimalar bo`lganini aytib beradigan odatim bor.
— Bo`y-basti kelishgan yigit bilan birgalikda ijod qilasiz. Rostini ayting, uning yonida o`zingizni noqulay sezgan paytlaringiz bo`lganmi?
— Yo`q, negaki u meni noqulay vaziyatga solmaydi. Farhod men uchun akamdek. O`rtamizdagi his-tuyg`ular ham xuddi aka-singillarniki kabi samimiy.
— Farhodga singildekman deyapsiz-u, ammo ikkingiz yonma-yon turganingizda muxlisalari unga yaqinlashishdan cho`chisharkan.
— Buni o`zim ham bilaman. Tadbir yo to`y xizmatlarida, qizlar yonimga kelib Farhod bilan birga rasmga tushish uchun mendan ruxsat so`rashadi. Shundan sezamanki, qizlar meni Farhodni rashk qiladi, deb o`ylashadi.
— Bundan chiqdi ruxsat bermasligingiz ham mumkin ekan-da rasmga tushishga?
— Yo`q nega endi, hech qachon qarshi bo`lmaganman.
— Yolg`iz qolishni istagan paytlaringiz bo`lib turadimi, Shirin?
— Rostini aytsam, yolg`iz qolib xayol surish, bu — mening sevimli mashg`ulotim. Qo`limga biror kitobni olaman-da, ozroq mutolaa qilib xayollarga berilaman. Maza! Qahva yo asalli choy bilan o`zimni siylab ham qo`yaman. Buning o`zgacha gashti bor.
— Sir bo`lmasa, nimalarni yo kimni xayol qilasiz?
— Tasavvurimda baxtli oilam, farzandlarim jonlanadi. Bunday o`ylardan qalbim allaqanday hislarga to`ladi-yu, yashagim keladi.

— «Farhod va Shirin» dueti nomi bilan tanildingiz, xo`sh, bu sizga nima berdi?
— Eng avvalo sadoqatli, mehribon do`st topdim. Farhodga qarab turib ko`p narsalarni o`rganaman. Uning to`rt nafar opasi bor. Shungami, qaerda, qanday muomala qilish kerakligini, qiz bola o`zini qay tariqa tutishi lozimligini doim uqtirib keladi. Yigit va qiz o`rtasidagi munosabatlarda ehtiyot bo`lish kerakligini ta`kidlaydi. Meni o`z opalari singari baxtli ko`rishni istaydi. Duetimiz menga o`zim istagandek ijod qilish imkonini berdi. Bugun nimagaki erishgan bo`lsam, barchasida duetimizning «imzo»si bor.
— Qiziq, duet tarzida ijod qila boshlagach, tanilganingizni aytasizmi, degandim. Indamagan bo`lsangizda, so`rayman: mashhurlik uchun nimalarni qurbon qildingiz?
— ...yoshligimni, hayotimning qaysidir qismini, uyqumni, hotirjamligimni, xullas, ko`p narsani qurbon qilganman. Lekin mashhurlik uchun shaxsiy baxtni qurbon qilishni istamayman.
— Ya`ni?
— San`atkorlar davraisda «Ijodga kirib keldingmi, faqat u bilan yashashing kerak, boshqa hech nimani o`ylama. Shuncha harakatlaringdan birgina oila uchun voz kechib ketaversanmi», degan gaplar quloqqa chalinadi, buni yashirmayman. Ularni tushunishga harakat qilaman, haqiqiy san`atkor bo`laman degani ijoddan bo`lak o`zgasini o`ylamaydi. Lekin men uchun oila kerak.
— Chin dildan aytyapsizmi bularni?
— Shubha qilmang, so`zlarim rost.
— Yaqindagina san`atkor ayollardan biri «Qanchadan-qancha hamkasblarimni bilaman oilani tanlab, bugun afsus qilishyapti», dedi. Shundan buyon «Men oilani tanlayman» deganlarga ishonishim qiyin.
— Bilasizmi, san`atkor ayolning oilada baxtini topishi ko`p jihatdan uning turmush o`rtog`iga bog`liq. Agar tanlagan insoni yillar davomida erishganlaridan voz kechishga loyiq bo`lsa, hecham ikkilanmay oilam deyaverishi kerak. Chunki haqiqiy baxti yonida. Men shunday qilgan bo`lardim. Siz aytayotgan vaziyat esa buning aksi. Shunga ham afsus, nadomatlar bo`ladi.
— Ijod ahli haqida gap ochilganidan foydalanib so`rasam, san`atkor o`zida qanday xislatlarni rivojlantirishi kerak, deb o`ylaysiz?
— Eng avvalo, samimiylikni, odamgarchilikni yo`qotmaslik lozim. Nazarimda, bular san`atkor uchun g`oyat zarur xislatlardir. Mehnat qilish, yaxshilik ulashish va tabiiylikka intilaverish kerak.
— Demak, sanab o`tganlaringiz ayni dam shou-biznes vakillari orasida yo`qolib boryapti, shundaymi?
— ...shunday desa ham bo`ladi. Biroq bu hamma xonandalarga tegishli emas. Yosh qiz-ayol san`atkorlar bir-birimiz bilan ahilmiz.
— Haqiqiy san`atkor bu soz chalishni ham biladiganidir, deyishadi...
— Savolingizni tushundim, afsuski, men birorta ham musiqiy asbob ijrosini uddalay olmayman. Ammo o`rganishga harakat qilganman. Fortepiano va rubob ijrosi bo`yicha dars oldim. Sababini aytolmayman-u, bu ish qo`limdan kelmadi. Balki bular menga og`irlik qilgandir. Negaki bitta soz ijrosini o`rganish katta mehnatni talab qiladi. Qolaversa, asabingiz ham dosh berishi kerak. Biroq eplay olmaganidan afsusdaman. Nasib qilsa, farzandlarimni kichikligidan musiqa darslariga beraman. Menda bunday imkoniyat bo`lmagan-da, ehtimol shuning uchun ham musiqiy asboblarni tushunolmasman.
— Ijod, s`yomkalar, gastrol safarlari, pardoz-andoz, fitnes — bulardan tashqari ham o`ylaydiganlaringiz bormi, Shirin?
— Bog`dorchilikka qiziqaman. Bu menga bobomdan o`tgan. Uyimiz birinchi qavatda joylashgan, old tarafidagi hovlisiga ikki yil oldin anjir ko`chatini ekkandim. Іosilga kirdi! O`n donadan bo`lsa ham meva beryapti.
— Tuppa-tuzuk bog`bon ekansiz-u?
— Bobom bog`bon bo`lganlar-da, bolaligimda ularning qilayotgan ishlarini kuzatib, menda ham tabiatga, o`simliklarga mehr paydo bo`lgan, nazarimda. Mening bir orzum bor, kelajakda «Shirin bog`lari»ni yaratmoqchiman.
— Niyatingizga eting! Turmush qurish haqida ham o`ylar bo`lyaptimi?
— Farzandlarim bo`lishini, ularning tarbiyasi bilan shug`ullanishni o`ylaganim sayin entikib ketaman. Jajji bolakaylarni ko`rganimda, «Meni ham shunday bolajonim bo`lsa edi», deyman.
— Og`iz solayotganlar ko`p-ku, atrofingizda yo tanlayapsizmi?
— Nomzodlar unchalik ham ko`p emas (kulibsirab). Sababi, ko`pchilik bizni Farhod bilan sevishganlar deb o`ylaydi. Shungami og`iz solishga ikkilanishsa kerak-da.
— Fotosessiya, kliplardagi obrazingiz turli xayollarga etaklaydi-da. Buning ustiga, bo`lajak turmush o`rtog`ingiz ham kun kelib «Farhod bilan o`rtangizda nima bor edi» deya so`roqqa tutishi mumkin.
— Bu juda qiyin masala. Negaki asliyatingizni o`zingizdan bo`lak hech kim yaxshi bilmaydi. Kimgadir «Unday emas, bunday edi», deb biror nimani isbotlay olmaysiz. Nima ham derdim, bu taqdir. Peshonamga yozgan insonning kimligini bilmayman-u, lekin ko`ngliga shubha oralab, meni so`roqqa tutganida, uni tushunishga va munosib javob qaytarishimga ishonaman. Chunki mening o`zimga bo`lgan ishonchim kuchli.
— Yaxshi. Ana endi «Yoqaversan» nomli qo`shiqqa ishlangan klip haqida suhbatlashsak. Yana ilondan foydalanibsizlar?
— Ha! Bu ikkinchi martasi. Menga ilon bilan ishlash yoqadi. Bu jonivordan sira ham qo`rqmayman. Inson nimani yoqtirishiga qarab uning tabiatini bilish mumkin degan, gapga mutlaqo qo`shilmayman.
— Bu bejizga emasdir?
— Ilondan tashqari qarg`alar yoqadi. Bu qush menga qish faslini eslatadi. Kichikligimda qor yoqqanida, bobomning bog`lari oppoq gilam bilan qoplanardi. Keyin qop-qora qarg`alar uchib kelib, tinmay «qag`illashar»di. Ehtimol shu damlar xotirasidir, qarg`alarni yoqtirishim.
— Ayrimlarning fikricha, bolalarcha beg`uborligingiz asta yo`qolib borayotgan ekan?..
— Bo`lishi mumkin. Lekin o`zimga sezilmayapti. Bilganim, yillar, insonning tashqi ko`rinishidan-da ko`proq uning nigohlariga ta`sir ko`rsatadi.
— Sizni nima hayratga sololadi?
— Tushkunlikda yo biror muammodan qiynalgan odamlarga kimdir yordam berayotganini ko`rsam, hayajonim ortadi. Yana ham yashagim keladi.
— «Yashagim keladi» degan jumlani ikkinchi marotaba aytyapsiz. Bu so`zni hayotida qiyinchiliklarga duch kelgan, ortda qolganini sira unutolmaydigan insonlar ko`p tilga olishadi.
— Haqsiz! Men haqimda «Yosh boshiga nima qiyinchilik ko`ribdi» deyishlari mumkin, ammo sinovlar bunga qarab berilmaskan. Noliyapti demang-u, hayotimda ko`rgan-kechirgan qiyin damlarim bo`ldi, shukrki, ulardan o`toldim. Biroq o`tmishimni sira ham unutmayman! Nima bo`lganida ham o`sha damlarning ham o`z gashti bor edi.
— Shirin, bugungi hayotingiz, ijod umuman o`zingizdan qay darajada mamnunsiz?
— Shu kunlarga etkazganiga shukr! Xursandman, sog`-omonligimdan mamnunman.
— Hamisha shunday bo`lsin!
— Aytganingiz kelsin.
Rostmi yoki yolg`on:
— Tug`ilib o`sgan tumaningizda go`zallik saloni ochganingiz rostmi?
— Yo`q. Lekin tadbirkorikni eplayman.
— Qaysidir to`yda navbat talashayotgan ayol xonandalardan birining sochini yulib olgan ekansiz. Bo`lganmidi shunday voqea?
— Hech qachon o`zimni bu qadar erga urmayman.
— Qomatingizni saqlab turish uchun sport zaliga qatnashingiz chinmi?
— ...shunaqa desa ham bo`ladi.
Qaltis savol:
— Odamlar orasida eng ko`p tarqalgan mish-mishlardan saralab olganimiz, sizni turmushga chiqqaningizu, ammo buni hammadan yashirishingiz haqidagi gap-so`z ekan. Izoh berasizmi?
— Oilam bo`lsa qaniydi... Turmushga chiqqan degan gaplar asossiz. To`yim bo`lsa, buni hech kimdan yashirmayman.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.






