1

Yangi jurnalistika universiteti qanday bo`lishi kerak?

Jamiyat 15.01.2018, 16:31
Yangi jurnalistika universiteti qanday bo`lishi kerak?

Prezidentimiz 22 dekabr kuni so`zlagan o`z nutqida Jurnalistika va ommaviy kommunikasiya universitetini ochish to`g`risida aytib o`tdi. Albatta, bu juda dolzarb masala. Zero, bugungi kunda O`zbekiston Milliy universitetida jurnalistika, O`zDJTUda xalqaro jurnalistika fakulteti, Qoraqalpog`iston davlat universitetida jurnalistika bo`limi faoliyat yuritib kelayotgan bo`lsada, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalariningko`payishi, xususan internet OAVning jadal rivojlanib borayotganligi sababli sohada kadrlar, eng muhimi, yuqori malakali kadrlar taqchilligi sezilmoqda.

Menimcha, yangi tashkil etiladigan Universitet o`zida jurnalistika, xalqaro jurnalistika, teleoperatorlik va rejissura, matbaachilik fakultetlariga, o`z navbatida mazkur fakultetlar jurnalistikadagi dolzarb yo`nalishlarni o`zida mujassam etgan kafedralar (YuNESKOning kafedrasi shu jumladan), o`quv radio va telestudiyalari, o`quv gazetasini chiqarish uchun minitipografiyasiga ega bo`lsa, maqsadga muvofiq bo`lar edi. Zero, bugungi kunda xorijiy tillarni mukammal biladigan, texnikadan to`laqonli foydalanadigan, yangi multimediaviy asoslarni o`zlashtirgan, mediabozorda o`z o`rniga ega bo`lgan, jamoada bir birini tushungan holda faoliyat yuritadigan (ayniqsa TVda) jurnalist kadrlarni tayyorlash jurnalistika sohasidagi qator muammolarning bartaraf etilishiga olib kelardi.

Ammo yana bir muammo mavjud. Bu ana shunday zamonaviy jurnalistlarni tayyorlaydigan professor-o`qituvchilardir. Albatta, bu masalaga jiddiy yondashish lozim, deb o`ylayman. Sir emas, jurnalistika fakultetlarida bugungi kunda dars berayotgan ayrim o`qituvchilar yuqorida ko`rsatilgan talabdagi kadrlarni tayyorlashga bilimi, salohiyati, malakasi etishmaydi. Buning uchun yangi tashkil etiladigan Universitetga o`qituvchilarni ishga qabul qilishda ular lavozimga tanlov asosida olinib, til bilishi, kamida 10 yil amaliyotda ish stajiga ega bo`lishi (bosma, elektron yoki onlayn ommaviy axborot vositasida ishlagan bo`lishi shartligi – o`zi umrida birorta jurnalistik material tayyorlamagan, gazeta-jurnal, radio yoki televidenieda biror kun ham ishlamagan o`qituvchi qanday qilib talabalarga material – material bo`lganda ham o`qishli, teletomoshabin va radiotinglovchiga ma`qul keladigan maqola, ko`rsatuv, eshittirish tayyorlash sirlarini o`rgatadi?!!!), internetdan foydalana olishi, multimediaviy texnologiyalardan xabardor bo`lishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida dars o`ta olishi lozim.

Shundagina biz etuk jurnalist kadrlarni tayyorlab bera olamiz.

Nargis QOSIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi, dosent

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1