AsosiyShou-biznes

“O`zbeknavo”da sumalak bazmi (FOTO)

Ko`z-ko`zga tushganda insonlar o`rtasidagi mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkamlanib, ahillik yanada rivojlanadi. Sharq xalqlarining umumbashariy ayyomi bo`lgan Navro`z – yangilanish, poklanish ayyomi ham millatimizga xos bo`lgan inoqlik, tinchliksevarlik va mehmondo`stlikning nishonasidir. Ana shu ayyom munosabati bilan kecha “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tashabbusi bilan ilk marotaba san`atkorlar, prodyuserlar va jurnalistlar ishtirokida “Sumalak sayli” bo`lib o`tdi.

Doshqozon atrofiga jamlangan san`at ahli vakillarini ko`rgan kishining ko`zi quvnaydi. “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur bayramda birlashma rahbari Bahodir Ahmedov so`zga chiqib bu kabi an`analarni uzoq yillar davom ettirish kerakligini, san`atkorlar o`rtasida do`stona munosabatlarni kuchaytirish, yosh xonandalar va ustoz san`atkorlar o`rtasida ustoz-shogird an`analarini davom ettirish zarurligiga to`xtaldi.

Mazkur bayram kechasi O`zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Mahmud Nomozov, Gulsanam Mamazoitova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Ravshan Komilov, Toir Qo`ziev, Abdurashid Yo`ldoshev, Alisher Fayz, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Manzura, Oybek va Nigora, Ziyoda, Madina Mumtoz, Umidaxon, Dilso`z, Malika Egamberdieva, xonandalar Guli Asalxo`jaeva, Dildora Niyozova, Nilufar Usmonova, Shohruhxon, Doston Ubaydullaev, Anvar Sobirov, Nargiz, Mashhurbek, Ruxshona,  Nilufar, aktrisa va xonanda Shahzoda Muhamedova taqlidchi Sherzod BIN  kabi ko`plab taniqli ijodkorlar tashrif buyurishdi.

Taniqli san`atkorlarning raqslari, ajoyib gurunglar kechaga yanada fayz qo`shdi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Ayniqsa, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Toir Qo`ziev va O`zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi jonli qo`shiq tinimsiz olqishlarga sabab bo`ldi.

Kecha san`at ahli haqida so`z ketganda “Gadoning dushmani gado bo`ladi”, degan naqlni ishlatishga xo`p o`rganib qolgandik. To`g`rida, ular o`rtasidagi tinimsiz janjallar, sahna talashishlarni ko`rib aytayotgan qo`shig`ini, odamlarga qilayotgan nasihatini qarayu o`zining xulqini qara deging kelardi. Shukrki bugun bunday iddaolarga o`rin qolmagan. San`atkorlar o`rtasidagi bunday ahillikni ko`rib ko`zing quvnaydi. Ko`z tegmasin!

 

    Boshqa yangiliklar