Dadasi – rejissyor Hilol Nasimov izidan borayotgan Fotih Nasimovni bugun o`zbek kinoixlosmadlari yaxshi tanishadi. Bir qator filmlarda suratga tushib, mahoratini namoyon eta olgan aktyorni suhbatga chorladik...
— Fotih, 2017 yil siz uchun sermahsul yillardan biri bo`ldi. Yurtimizda uchinchi marotaba o`tkazilayotgan «Prologue» festivalida «Eng yaxshi erkak roli» nominasiyasi g`olibi deya e`tirof etildingiz.
— Birinchi o`rinda festevalning o`zi haqida ikki og`iz gapirib o`tishni istardim. Chunki o`tgan yilgi Yosh ijodkorlar suratga olgan qisqa metrajli filmlar Respublika III festivali umumiy jihatdan va ayniqsa, tashkiliy tomondan yuksak darajada o`tdi. Taqdim etilgan filmlarning saviyasi baland ekanini ham aytish lozim. Eng asosiysi, bu festival keyingi yillarda Xalqaro bosqichga o`tgani biz, yoshlarga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Meni «Ustunsiz uy» filmidagi rolim uchun taqdirlashganiga kelsak, bu ikki karra quvonch bag`ishladi. Rejissyor Sanjar Sultonov bilan mazkur filmda hamkorligimiz shunday yaxshi natija berganidan mamnunman.
— Bu nominasiyada aynan sizning ismingiz yangrashini kutganmidingiz?
— Agar hozir taqdirlanishimni kutmagandim, desam yolg`on gapirgan bo`laman. Sababi, har bir ijodkor kabi men ham rag`bat istadim. Lekin xuddi shu nominasiya bo`yicha g`olib bo`lishimni kutmaganman. Sahnada ismim yangraganida ko`nglimdan nimalar o`tganini so`z bilan izohlab berolmayman. Ammo hammasidan ham, festival davomida Ali Hamraev, Karim Mirhodiev kabi ustozlarimiz rolim haqida iliq fikr bildirishgani oltindan qimmat mukofot bo`ldi, men uchun.
— Hilol akaning bahosi qanday bo`ldi?

— Dadam o`sha kuni yonimda edilar. Albatta, birinchi bo`lib meni tabriklab, yutug`imdan xursand bo`ldilar. Yutuqlarimizda ota-onaning o`rni juda katta. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, menga shunday tarbiya va bilim bergan, san`atga kirib kelishimga sababchi bo`lgan ota-onamga minnadorligimni aytmoqchiman. Kelajakda ham ularning ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman.
— Hilol Nasimov rejissyor bo`lmaganida Fotih Nasimov aktyor bo`larmidi?
— Menimcha, yo`q. Chunki inson biror yo`lni tanlashida kimdir, albatta, sababchi bo`ladi. Bolaligimdan kino nimaligini tanitgan, unga mehrimni oshirgan – dadam.

— Dadangizning qaysi maslahatlariga doim amal qilasiz?
— Hozir rejissyorlik yo`nalishi bo`yicha tahsil olyapman. Ijodiy ishlarim ustida izlanayotgan paytim dadamning «Rejissyor boshqalarga qaraganda bir qadam oldinda yurishi kerak. U odamlarni to`g`ri yo`lga yo`naltira olishi shart» degan gaplarini doim yodda tutaman. Bu fikr men uchun bir umrlik saboq.
— 2018 yildagi rejalaringiz bilan tanishtirsangiz?
— Bu yil rejissyorligimdagi qisqa metrajli «Musavvir» deb nomlangan badiiy filmni taqdim etaman. Yapon yozuvchisi hikoyasi asosida suratga olingan bu film tomoshabinlarga ham manzur keladi, degan umidim bor.

FAKT:
- Fotih Nasimov 1996 yilda tug`ilgan.
- Ayni kunlarda O`zbekiston San`at va Madaniyat institutining rejissyorlik yo`nalishida tahsil olmoqda.
- Shu kunga qadar 20 dan ortiq badiiy, hujjatli va qisqa metrajli filmlarda suratga tushgan.
Aliya SULAYMANOVA






