AsosiyShou-biznes

“Baxtimga raxna solishlariga yo`l qo`ymayman!”

'“Baxtimga raxna solishlariga yo`l qo`ymayman!”'ning rasmi

Sho`x-shaddod, hayotga doim pozitiv nigoh bilan qaraydigan Nigina Anorboeva o`zbek kino va teatrining umidli yosh vakillaridan biri. U ekranda ham, sahnadagi faoliyatini ham teng olib borishga harakat qiladi. Aktrisa bilan o`tgan yil sarhisobi, kirib kelgan yildagi rejalar haqida suhbatlashdik...

— Har bir yil yakunlangach, uni sarhisob qilib, bajarishga ulgurgan ishlarimiz tahlilini qilamiz...

— 2018 yilni odatdagidek oila davrasida, yaqinlar qurshovida kutib oldik. Ochig`i, hali-hanuz bayram kayfiyati tark etmadi. Bunga asosiy sabab, yangi yil eng yaxshi ko`rgan bayramlarimdan biri. Ikkinchidan esa, O`zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida “Kuch adolatda” nomli zamonaviy yangi yil ertagida qorqiz rolini ijro etayotganim. Teatrga kelgan bolajonlarga tomosha ko`rsatib, o`zim ham ertak qahramoniga aylanib qolgandekman. O`tgan yilning sarhisobiga kelsak, teatrda bir qator rollarni ijro etdim. Uchta filmda ishtirok etib, dublyajda ham faol bo`lishga harakat qildim. Bundan tashqari, bir qator ko`rsatuv va loyihalarda boshlovchilik vazifasini bajardim. Nazarimda, 2017 yil men uchun judayam sermahsul o`tdi. Qilgan mehnatlarim evaziga esa 25 dekabr kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” nominasiyasiga loyiq ko`rishdi. Har bir ijodkor qilgan ishlarining ana shunday e`tirof etilishini istaydi.

— 2018 yilda nimalarni rejalashtiryapsiz?

— Tez kunlarda rejissyor Muzaffar Erkinovning “Hayot sinovlari” serialida suratga tushaman. U erda O`zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovaning yoshligini gavdalantiraman. Real voqealarga asoslangan serial tomoshabinlarni befarq qoldirmasligi aniq. Shuningdek, O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev boshchiligida teatrimizda “Zebiniso” spektakli sahnalashtirilyapti. Unda ham ishtirok etaman. Qisqasi, 365 kunning har bir daqiqasini sermazmun o`tkazish maqsadim bor. Darvoqe, shaxsiy hayotimda ham albatta, rejalarim yo`q emas. Faqat hamma sirlarni ochishni istamayman...

— Sizni doim mehnatda va izlanishda ko`ramiz. 6 yoshingizdan ishlashni boshlagan ekansiz, shu rostmi?

— To`g`ri, o`sha payt ilk gonorarimni telekanalarning birida boshlovchi sifatida ishlab topganman. “Bugunning bolasi” va “Bolaligim -podsholigim” ko`rsatuvi uchun yaxshigina maosh berishardi (kuladi). Hozir o`ylasam, mas`uliyatni bo`ynimga juda erta olgan ekanman. Yaxshi eslayman, olti yosh bo`lishimga qaramay, televideniega bir o`zim metroda borib kelardim. Maktabga chiqqanimdan keyin tasvirga olish ishlariga vaqtim to`g`ri kelmay, “kasbim”ni o`zgartirganman. Aniqrog`i, maktabdagi darslarim tugagach, ota-onamga yordam bo`lsin, deya kichkina bolalarga enagalik ham qilganman.

— Juda erta ulg`ayishga majbur bo`lganingizdan afsuslanmaysizmi?

— Yo`q! Aksincha, ishlash, uydagilarimga yordam berish o`zimga ham yoqardi. Ustiga-ustak oilaning to`ng`ichiman, ukamga o`rnak bo`lishim kerak edi-da.

— Qanday opasiz?

— Biroz qattiqqo`l bo`lsam kerak. Lekin ukam bilan xuddi do`stdek gaplashamiz. O`zimga yarasha mehribonligim ham bor.

— Turmushga chiqqaningizdan keyin siz haqingizda bo`lmag`ur gaplarni tarqatishdi. Ularni eshitib, tushkunlikka tushib qolmadingizmi?

— Ochig`i, bo`ladigan gap-so`zlarga oldindan tayyor bo`lganman. San`atni ichida yurib, uning “qattiq” nonni eb, el og`ziga elak tutib bo`lmasligini tushunib etgandim. Faqat odamlar tarqatgan bo`lar-bo`lmas, yolg`on ma`lumotlar turmush o`rtog`imning yaqinlariga og`ir botdi. Chunki, sohamizning mana shu nozik tomonlarini bilishmasdi. Lekin nima bo`lganda ham baxtimga birovlar raxna solishiga yo`l qo`ymayman! Shuning uchun ham irodamni mustahkam qilib, gap-so`zlarga e`tibor bermaslikka harakat qilaman. Bugun turmush o`rtog`im, qaynona-qaynotam bilan tinch osuda hayot kechiryapmiz. Shuning o`zi men uchun hamma narsadan ustun!

— Baxtingizga ko`z tegmasin! Kelajakda o`zingiz istagandek, egizak farzandlarning ota-onasi bo`lib yurish nasib etsin. Suhbat uchun tashakkur.

— Rahmat.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar