1

O`zbekiston Prezidenti Xitoy elchisini qabul qildi

Siyosat 17.01.2018, 09:45
O`zbekiston Prezidenti Xitoy elchisini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil 16 yanvar kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sun Liszeni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Xitoy elchisining faoliyati samarali bo`lgani hamda mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo`shganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif va ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlar O`zbekiston – Xitoy hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish va uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani ta`kidlandi.

Turli darajadagi aloqalar, jumladan, parlamentlar va mintaqalararo munosabatlar faollashdi. Tomonlar bir-birini xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham qo`llab-quvvatlamoqda.

O`zaro savdo hajmi izchil ortib bormoqda. 2017 yil yakunlariga ko`ra, tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarga etgan. Gidroenergetika va neft-gaz tarmog`i, transport infratuzilmasini modernizasiya qilish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalari barpo etish sohalarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muhim mintaqaviy transport yo`laklari – "O`zbekiston – Qirg`iziston – Xitoy" avtomobil va temir yo`llarini rivojlantirish bo`yicha hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilgan.

Madaniy-gumanitar, ilmiy va ta`lim sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.

O`z navbatida, Xitoy elchisi O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Diplomat Xitoy o`zaro munosabatlarga muhim ahamiyat qaratayotgani, O`zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanini alohida ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1