AsosiyJamiyat

Islom Karimov gazeta chiqarganmi?

'Islom Karimov gazeta chiqarganmi?'ning rasmi

Islom Karimov bilan Samarqand shahridagi 21-umumta`lim maktabida besh yil birga o`qib, bir partada o`tirganmiz. Ko`pincha birga dars qilardik. O`shandayoq u betakror qobiliyati, qiyinchiliklardan cho`chimasligi, mustahkam xotirasi bilan ajralib turardi. Eng muhimi, uning o`ziga nisbatan ishonchi kuchli edi.

Esimda, 1953 yilning kuzi. 9-sinfda o`qiymiz. Bir kuni rus tili darsida insho yozdik. Keyingi darsda o`qituvchimiz Nina Semyonovna Xilkevich (biz u kishini suyib Naima opa ham derdik) Islom yozgan insho uchun “2” baho qo`yganini aytdi. Islom bundan norozi bo`lib, “nega ikki qo`ydingiz?”, deb so`radi. O`qituvchimiz kitobdan ko`chiribsan, dedi. U esa “ko`chirganim yo`q, kitobda qanday o`qigan bo`lsam, shunday yozganman”, deb javob berdi.

Nina Semyonovna bu gapga ishonmay, boshqa insho matnini bir marta o`qitdi va dars oxirida so`rashini aytdi. Dars yakunida Islom berilgan matnni to`liq yozdi va yoddan aytib berdi. O`qituvchimiz uning javobini eshitib, lol qoldi. U matnni shu darajada mohirona yodlagan ediki, biror so`z u yoqda tursin, hatto nuqta-verguligacha aniq aytdi. Shunda Nina Semyonovna Islomni hammamizga ibrat qilib ko`rsatdi va unga “5” baho qo`ydi.

U biror ishni bugun qilishi kerak bo`lsa, zinhor ertaga qoldirmasdi. Tuni bilan bo`lsa-da, dars tayyorlab chiqardi.

9-sinfda o`qib yurgan paytlarimizda bir kuni maktabimiz direktori Halim Abdurahmonov “Ertaga komissiya keladi, ishimiz ko`p, ularni tezda bajarishimiz kerak”, deya hammamizga topshiriq berdi. Islom bilan birga yuqori sinfda o`qiydigan ikki o`quvchiga maktabning devoriy gazetasini tayyorlash topshirildi. U odatini kanda qilmay gazetani ertagacha tayyor qilishga va`da berdi.

U paytlar katta qog`oz, bo`yoq, siyoh qayoqda deysiz. Tag`in maktabning, har bir sinfning a`lochi va qoloq o`quvchilari, davomati haqida ma`lumot to`plash lozim edi. O`ta zehnli va mas`uliyatli Islom 10-sinfda o`qiydigan ikki o`quvchining sust harakatiga qarab o`tirmay, darhol kechgacha ma`lumotlarni yig`di. Bunda maktab ma`muriyati va hatto sinf rahbarlarini ham ishlashga undadi, yumshoq qilib aytganda, "majbur" qildi.

Ertalab maktabga kelsak, devoriy gazeta belgilangan joyida osig`liq turardi. O`qituvchilar ham, o`quvchilar ham qiziqib o`qiyapti. Islomning ko`zlariga e`tibor bilan razm soldim, qizarib ketgan, shundan bildimki, kechasi bilan uxlamay devoriy gazeta tayyorlagan. Buni direktorimiz Halim aka ham sezdi. Islom Karimovning bir so`zliligiga tan berdi, unga nisbatan mehri oshdi.

Ha, Islom shunday mehnatkash va katta qobiliyat egasi edi.

Shamsiddin Sharopov,

tarix fanlari doktori, professor

Muallif haqida. Shamsiddin Sharopov Islom Karimovning sinfdosh do`sti. O`zbekiston milliy universitetida xorijiy tillar fakultetida dekan, kafedra mudiri, xalqaro munosabatlar bo`yicha prorektor vazifalarida ishlagan. Malaka oshirish institutiga rahbarlik qilgan. Toshkent shahrida yashaydi.

    Boshqa yangiliklar