Islom Karimov tavalludining 80-yilligi oldidan
Urushdan keyingi yillar nihoyatda og`ir keldi. Ota-onalarning nasl-nasabi, ish joyi, oilaning moddiy ahvolidan qat`i nazar, barchamiz teng bo`lib, yon-atrofdagilarga do`stona munosabatda edik.
To`rtinchi sinfdan keyin bizni chet tili bo`yicha nemis, fransuz va ingliz kabi guruhlarga bo`lishdi. Men Islom Karimov bilan birga fransuz tili guruhiga tushdim. Bir oiladek edik. Sport kundalik mashg`ulotimiz edi: kimdir futbol, voleybol, engil atletika bilan, men esa gimnastika bilan shug`ullanardim. Islom Karimov shaxmat bellashuvlarida juda faol edi. Basketbol bo`yicha ham tez-tez musobaqalar o`tkazilar edi. Bu borada Islom Karimov, Yuriy Belenko va Kryukov uchligiga hech kim bas kela olmasdi.
Islom Karimov iqtidori va etakchilik fazilatlari bilan ajralib turardi, sinfdosh va o`qituvchilar orasida hurmatga ega edi, chunki butunlay o`qishga sho`ng`ib ketgan edi.
Institutni tamomlaganimdagina tushunib etdim: Islom Karimov maktabda o`qib yurgan yillaridayoq qo`shimcha adabiyot izlab kutubxonalarga qatnar, ya`ni institut talabasi singari tahsil olgan ekan. U yozgan insholar barchaga namuna sifatida o`qib berilar edi. Hammamiz uning atrofida jipslashishga harakat qilardik: unda ohanrabo kabi o`ziga tortuvchi va hurmat bilan munosabatda bo`lishga undovchi qandaydir bir kuch bor edi. Bolalik kezlarimiz ko`pchilikning laqabi bo`lardi, faqat Islom Karimovgagina o`z ismi bilan murojaat etardik, umuman, mardligi, zukkoligi va kamtarligi bois barchaning hurmatini qozongan edi.
1990-yillarning boshida sodir bo`lgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Siyob bozori. Ikkita zildek sumkani ko`targancha bozordan chiqib ketayotgan edim. Bir payt Rossiya Prezidenti Boris Elsinni kuzatib kelayotgan Islom Karimovga ko`zim tushdi. Bu paytga kelib Islom Karimov O`zbekiston rahbari edi. U meni ko`rdiyu istiqbolimga yura boshladi. Kutilmagan bu holdan kalovlanib, uning salomiga alik olish ham xayolimdan ko`tarilibdi. Yor-birodarlarga, xususan, menga bo`lgan bunday do`stona munosabatni hech qachon unutmayman.
Barchamiz uni dovyurak, kamtar va nihoyatda iqtidorli sinfdosh deb bilganmiz. U xotiramizda ham ayni shu siymoda qoladi.
Bulat MURTAZIN,
Islom Karimovning sinfdoshi